Tadbir avvalida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning simpozium ishtirokchilariga tabrigi oʻqib eshittirildi.
“Bu galgi simpozium «Haykaltaroshlik, atrof muhit va iqlim oʻzgarishi” mavzusiga bagʻishlandi. Bir oy davomida mashaqqatli mehnat, boy tajriba va ulkan mahorat evaziga yaratilgan oʻziga xos original gʻoyaga ega haykaltaroshlik asarlari ekologiyani asrash bugungi kunda insoniyat uchun naqadar dolzarb kun tartibiga aylanganini anglatib turibdi. Bunday betakror ijod namunalari uchun Simpoziumda ishtirok etgan barcha haykaltaroshlarga chuqur minnatdorlik bildiraman», – deyiladi tabrikda.
Simpoziumda Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Turkiya, Eron, Bolgariya, Ispaniya, Rossiya, Estoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Ukraina, Keniya kabi mamlakatlardan 20 nafar hamda yurtimizdan 7 nafar professional haykaltarosh ishtirok etdi.
“Simpoziumda qatnashish uchun 150 nafar mahalliy va xorijlik haykaltaroshlar 600 ga yaqin loyihalarini yuborishdi. Bular orasidan esa 27 ta eng yaxshi loyihalar tanlab olindi. Har bir haykaltaroshlik namunasi tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan maʼlum bir gʻoyani aks ettirgan, — dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi Matnazar Elmurodov. — Shu bilan birga, ushbu simpozium yurtimizda haykaltaroshlik sanʼani yanada rivojlanishiga xizmat qiladi”.
Haykaltaroshlar tomonidan Toshkent shahrida global va mintaqaviy ekologik muammolar, iqlim oʻzgarishi, shaharsozlik, aholining ekologik va estetik madaniyatini oshirish mavzulariga bagʻishlangan 20 dan ortiq haykaltaroshlik asarlari yaratildi.
“Tabiatning ifloslanishiga, avvalo, insoniyat sababchi boʻlgan. Insonlar azal-azaldan atrof-muhitga turli shakllarda zarar yetkazib kelishgan. Endi esa bu holatga barham berish, yaʼni uygʻonish vaqti keldi. Shuning uchun ham men tabiat oldida tiz choʻkib, uzr soʻrayotgan inson obrazini tasvirladim va bu asarimni «Uygʻonish” deb nomladim», — dedi eronlik haykaltarosh Shaho Rezai.
Tadbir yakunida haykaltaroshlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Maʼlumot uchun, simpozium davomida yaratilgan haykallar Toshkent shahrining madaniy muhiti va badiiy qiyofasini shakllantirish maqsadida istirohat bogʻlari, dam olish zonalari, koʻngilochar va sayyohlik maskanlariga, shu bilan birga, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (“Green University”)ga oʻrnatiladi.