Olimlarning aytishicha, keyingi pandemiya Arktikadan kelishi mumkin. Bunga global isish sabab bo'ladi. Bu muzliklarda muzlagan viruslar tarqalishiga olib keladi. Bu haqda The Royal Society jurnalida chop etilgan tadqiqotda aytiladi.
Tadqiqotchilar Xeyzen ko'lining tuprog'i va cho'kindilarini sinchkovlik bilan o'rganishdi. Bu shimoliy qutb doirasidan shimoldagi eng katta suv ombori. Olimlar u yerdagi viruslarning DNK va RNKsini aniqlashga harakat qilishdi.
“Muzliklarning erishi tufayli yuzaga keladigan suv oqimidan xavf ortadi. Bu iqlim o'zgarishi bilan bog'liq. Arktika yangi pandemiyalar uchun unumdor maydonga aylanishi mumkin”, deyiladi tadqiqotda.
Qayd etish lozimki, avvalgi tadqiqotlar ham muzliklarning erishi natijasida turli patogenlar, parazitlar va viruslar tarqalishi mumkinligini ko'rsatdi. Bu yangi pandemiyalarga olib kelishi xavfi yuqoriligidan dalolat beradi.
Eslatib o'tamiz, Grenlandiya muz qatlami erishi natijasida dengiz sathi 1,2 santimetrga ko'tarilgan. Bu so'nggi 20 yil ichida yuz berdi.