Aynan shu kuni insoniyatning umumiy uyi sanalmish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohida tashkilotning tarixiy 80-yubiley sessiyasi oʻz ishini boshladi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa va dunyo ahli uchun dasturilamal ahamiyatga ega boʻlgan teran fikrlar, dolzarb takliflar va ezgu tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbarining nutqi tom maʼnoda yangi Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyoti, xalqaro maydondagi obroʻsi tobora ortib borayotgani va global muammolar yechimiga munosib hissa qoʻshishga tayyor ekanining yorqin namoyoni boʻldi, desak adashmaymiz.
Dunyo oʻta murakkab va tahlikali davrni boshdan kechirayotgan, geosiyosiy keskinlik, qarama-qarshiliklar va ishonchsizlik muhiti kuchayib borayotgan bir sharoitda davlatimiz rahbarining nutqi men uchun tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikka chorlovchi daʼvat boʻlib yangradi.
Prezidentimiz jahon hamjamiyati eʼtiborini xalqaro institutlar rolining zaiflashayotganiga, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib borayotganiga qaratdi. Yurtboshimiz aynan shunday sharoitda BMTning asosiy muvofiqlashtiruvchi platforma sifatidagi oʻrnini saqlab qolish va uni isloh qilish hayotiy zarurat ekanini alohida taʼkidladi. Rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish haqidagi chaqiriq dunyoning aksariyat mamlakatlari intilishlariga hamohang ekani shubhasiz.
Har qanday yuksak minbardan aytilgan soʻzning qimmati va salmogʻi uning ortida turgan amaliy ishlar bilan belgilanadi. Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatga yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar haqida soʻz yuritib, mamlakatimizning tarixan qisqa davrda erishgan ulkan yutuqlarini namoyon etdi. Inson qadri ustuvor boʻlgan demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat qurish yoʻlidagi qatʼiy siyosat oʻz samaralarini berayotgani aniq raqamlar va hayotiy misollar orqali koʻrsatib berildi. Darhaqiqat, mamlakatimizda kambagʻallik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha kamaygani, maktabgacha taʼlim qamrovining 27 foizdan 78 foizga, oliy taʼlim qamrovining esa 9 foizdan 42 foizga yetgani – bular shunchaki statistika emas, balki millionlab insonlar taqdiridagi ijobiy oʻzgarishlar, oilalar farovonligi va kelajakka boʻlgan mustahkam ishonch ifodasidir.
Taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish, oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirishga qaratilayotgan eʼtibor zamirida maʼrifatli jamiyat qurishdek ezgu maqsad mujassam. Shu oʻrinda ilgari surilgan Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish taklifi mamlakatimizning taʼlim sohasidagi koʻnikma va qarashlarini dunyo bilan baham koʻrishga va jahonning eng ilgʻor yutuqlarini joriy etishga intilayotganidan dalolat beradi.
Prezidentimiz oʻz nutqida Markaziy Osiyo mintaqasining yangi qiyofasiga va uning xalqaro munosabatlar tizimidagi mustahkamlanib borayotgan oʻrniga alohida urgʻu berdi. Sakkiz yil avval aynan shu yuksak minbardan turib eʼlon qilingan Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishdek strategik maqsadga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yopiq chegaralar, bahs va nizolar oʻtmishda qolgani, oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi bir necha barobarga oshgani Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni ortga qaytmas tus olganini koʻrsatadi. Mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan qator yangi takliflar, jumladan, iqtisodiy taraqqiyotga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish, sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha dasturlar qabul qilish kabi tashabbuslar mintaqaning umumiy ravnaqiga xizmat qilishi aniq.
Global va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga toʻxtalar ekan, davlatimiz rahbari yana bir bor tinchlikparvar va murosaga chorlovchi pozitsiyani namoyon etdi. Afgʻonistondagi vaziyat, Gʻazo sektoridagi gumanitar inqiroz va Ukraina atrofidagi mojaro yuzasidan bildirilgan fikrlarning barchasida muammolarni faqat siyosiy muloqot va tinch muzokaralar yoʻli bilan hal etish zarurligi ustuvor gʻoya sifatida ajralib turdi. Ayniqsa, afgʻon xalqining tinch hayotga intilishini qoʻllab-quvvatlash va bu davlatning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik haqidagi chaqiriq insonparvarlik tamoyillariga asoslangan chuqur oʻylangan siyosat namunasidir.
Terrorizmga qarshi kurashda kuch ishlatish bilan birga, uning oqibatlaridan jabr koʻrgan insonlarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni tinch hayotga qaytarishga eʼtibor qaratish oʻta muhim. Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyalari orqali orttirgan bu boradagi noyob tajribasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari boʻyicha Mintaqaviy kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish hamda BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini Oʻzbekistonda ochishga tayyorlik bildirilishi mamlakatimizning global xavfsizlikni taʼminlash ishiga qoʻshayotgan amaliy hissasidir.
Iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlari bugungi kunning eng oʻtkir muammolaridan biri ekani barchaga ayon boʻlib, Orol dengizi fojiasi buning yaqqol misolidir. Prezidentimiz ushbu ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, xususan, dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamalar barpo etilgani haqida soʻzlar ekan, jahon hamjamiyatini bu ezgu ishlarda hamjihat boʻlishga chaqirdi. Suv resurslari taqchilligi muammosiga bagʻishlab Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazish, iqlim migratsiyasi boʻyicha Global pakt qabul qilish kabi takliflar ushbu muammolarning naqadar jiddiy ekanini va ularga global darajada yechim izlash zaruratini yaqqol koʻrsatadi.
Zamonamizning yana bir ustuvor yoʻnalishi – raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt rivojidir. Bu sohada mamlakatlar oʻrtasidagi tengsizlikning oldini olish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyatda sunʼiy intellektning amaliy yechimlarini begʻaraz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklifi Oʻzbekistonning “taraqqiyot barcha uchun teng va ochiq boʻlishi kerak” degan pozitsiyasini namoyon etadi.
Nutq soʻngida ilgari surilgan maʼnaviy-maʼrifiy tashabbuslar esa butun chiqishning gultoji boʻldi, desak mubolagʻa emas. Yoshlarning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va doʻstlik gʻoyalarini singdirish maqsadida “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini aynan Oʻzbekistonda joylashtirish taklifi zamirida chuqur ramziy maʼno bor.
Zero, Oʻzbekiston azaldan turli madaniyat va sivilizatsiyalar tutashgan, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik oʻchogʻi boʻlib kelgan zamindir. Yaqin oylarda mintaqa uchun noyob boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi, buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarning boy maʼnaviy merosi taqdimotining BMTda oʻtkazilishi jahon ahliga islom dinining asl maʼrifiy mohiyatini yetkazishda va uni zoʻravonlik hamda jaholat bilan tenglashtirishga urinayotgan kuchlarga qarshi kuchli maʼnaviy javob boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqi yangi Oʻzbekistonning nafaqat oʻzi, balki butun insoniyatning ertangi kuni, tinchligi va farovonligi uchun yuksak masʼuliyatni his etishini yana bir karra namoyon etdi. Ilgari surilgan har bir taklif puxta oʻylangani, chuqur tahlillarga asoslangani va eng muhimi, inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻygani bilan ahamiyatlidir. Endilikda ushbu ahamiyatli nutqda belgilab berilgan ezgu gʻoya va tashabbuslarni mulohaza va mushohada qilish, ularning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka, har bir yurtdoshimizga yetkazish biz, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi vakillarining ham masʼuliyatli vazifamiz hisoblanadi.
Muhayyo ISMOILOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Toshkent shahar boʻlimi rahbari


