Rubob yasash va chalish sanʼati YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi

    Rubob Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarini birlashtiruvchi omil. U madaniy va ijtimoiy hamjihatlikni ragʻbatlantiradi va madaniy almashinuv hamda birdamlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

    Joriy yilning 2-7-dekabr kunlari Paragvay poytaxtida YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasining 19-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda, deb xabar qilyapti «Dunyo« AA.

    4-dekabr kuni Hukumatlararo qoʻmita yigʻilishida Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa davlatlari bilan birgalikda «Rubob yasash va chalish sanʼati« nominatsiyasi barcha aʼzo mamlakatlarning bir ovozdan roziligi bilan Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

    Qoʻmita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubiy-Gʻarbiy Osiyodagi eng qadimiy cholgʻu asboblaridan biri ekanligi qayd etildi.

    Shuningdek, rubob Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarini birlashtiruvchi omil ekanligi taʼkidlandi. U madaniy va ijtimoiy hamjihatlikni ragʻbatlantiradi va madaniy almashinuv hamda birdamlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

    Bu sanʼat turining ham sifatli taʼlim, gender tengligi, inklyuziv iqtisodiy va barqaror rivojlanishga hissa qoʻshishi mamnuniyat bilan qabul qilindi.

    Qoʻmita tashabbuskor mamlakatlarda rubob yasash va chalish sanʼatini milliy va xalqaro miqyosda asrab-avaylash, targʻib qilish va yanada ommalashtirish boʻyicha koʻrilayotgan hamda rejalashtirilgan amaliy chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

    Rubob yasash va chalish sanʼati Oʻzbekiston tashabbusi bilan YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy meros Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan 16-elementi boʻldi.