“Bu shunchaki statistika emas. Bu maktabga ketayotgan bolalar, ishga ketayotgan ota-onalar, hayoti bir zumda barbod bo'lgan odamlar”, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Yo'l-transport hodisalari dunyo bo'ylab o'limning sakkizinchi asosiy sababi va besh yoshdan oshgan bolalar va yoshlar o'limining asosiy sababidir. Muammo barcha yo'l-transport hodisalarining 90 foizi sodir bo'ladigan past va o'rta daromadli mamlakatlarda, ayniqsa, dolzarbdir. Piyodalar, velosiped, mototsikl haydovchilari va bolalar – xavfsiz transport va yo'l infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmaganlar ana shunday ayanchli hodisalarning qurboniga aylanmoqda.
BMT Bosh kotibi shaharsozlikni yaxshilash va xavfsiz jamoat transportidan foydalanish, majburiy shlem va xavfsizlik kamarlaridan foydalanish, tezlikni nazorat qilish va samarali favqulodda vaziyatlar bayonnomalarini joriy etish mazkur muammoning yechimi bo'la olishini ta'kidladi. Bu choralar minglab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beradi.
Yo'l-transport hodisalari bilan bog'liq muammoning ahamiyatini va choralar ko'rish zarurligini inobatga olgan holda, mamlakatlar BMT Bosh Assambleyasining bu boradagi rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilishdi, 2021 – 2030-yillar Yo'l harakati xavfsizligi bo'yicha ikkinchi o'n yillikdagi harakatlar bosqichi deb e'lon qilindi va bu davrda yo'l-transport hodisalari oqibatida o'lim va jarohatlarni kamida 50 foizga kamaytirish bo'yicha aniq maqsad belgilab berildi.
“Vision Zero” dasturi – samarali yechim
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, yo'l-transport hodisalari asosan avtomashinani mast holda boshqarish, tezlikni belgilangan me'yordan oshirish, xavfsizlik kamarlarini taqmaslik, nosoz transport vositalarini boshqarish, diqqatning chalg'ishi, haydovchining sog'lig'i bilan bog'liq muammolar oqibatida yuz bermoqda.
Xo'sh, bugungi kunda yo'l-transport hodisalarining oldini olish borasida dunyo miqyosida qanday choralar ko'rilmoqda? Ular o'z samarasini beryaptimi?
Dunyoning ko'plab mamlakatlarida avtohalokatlarning oldini olish bo'yicha turli dasturlar ishlab chiqilgan bo'lib, bu yo'l-transport hodisalari paytida o'lim va jarohat olish bilan bog'liq ayanchli holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Ana shunday davlatlardan biri – Shvetsiya.
1997-yildan 2024-yilgacha Shvetsiyada yo'l-transport hodisalari oqibatida o'lim holatlari soni 60 foizdan ko'proqqa kamaydi. Hozirda har 100 000 kishiga taxminan 2,5 ta o'lim to'g'ri keladi. Bu dunyodagi eng past ko'rsatkichlardan biridir. Shvetsiya bunday natijaga qanday qilib erishmoqda?
Gap shundaki, Shvetsiyada 1997-yilda “Vision Zero” (Yo'lda 0 o'lim) dasturi ishga tushirilgan. Mazkur dastur “Inson hayoti tezlik va qulaylikdan muhimroq” degan g'oyaga asoslanadi. Dastur Shvetsiya hukumati tomonidan muhandislar, politsiya va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yo'l-transport hodisalarida o'lim va jiddiy jarohatlarni oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur dastur xalqaro etalon sifatida tan olingan bo'lib, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada ham qo'llanilmoqda.
Konsepsiya yo'l harakati xavfsizligi uchun asosiy mas'uliyatni loyihachilar va quruvchilarga yuklaydi. Ular qurilish bosqichida inson omilini hisobga olishlari shart, bu esa baxtsiz hodisalar ehtimolini minimallashtiradi. Bundan tashqari, loyihachilar tezlik va harakatlanish qulayligidan ko'ra, barcha foydalanuvchilar uchun yo'llarning xavfsizligiga ustuvor ahamiyat berishlari kerak.
Hamma transport vositalari bir yo'nalishda harakatlanadigan piyodalar yo'laklari bo'lmagan ko'chalarda tezlik chegarasi soatiga 10 kilometr qilib belgilangan va muvofiqlikni ta'minlash uchun tezlikni pasaytirgichlar o'rnatilgan. Piyodalar ko'chani istalgan joyda kesib o'tishlari mumkin bo'lgan va velosipedlar va avtomashinalar parallel` ravishda harakatlanadigan ko'chalarda tezlik soatiga 30 kilometr etib belgilangan. Nazorat qilinmaydigan piyodalar o'tish joylari bo'lgan ko'chalarda tezlik chegarasi – soatiga 40 kilometr. Velosiped yo'lakchalariga faqat bitta avtomobil yo'lagi bo'lgan yo'llarda ruxsat beriladi, ko'p chiziqli yo'llarda maxsus velosiped yo'lakchalari talab qilinadi.
Shaharlarda – soatiga 30 – 50 kilometr tezlikda harakatlanish mumkin. Bundan maqsad to'qnashuvda o'lim xavfini kamaytirishdan iborat. Mamlaktda xavfsiz infratuzilma yaratilgan. “Aqlli” svetoforlar va aylanma yo'llar qurilgan. Yo'l harakati qoidalarini buzilishning elektron qayd etish tizimlari yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, yo'lda harakatlanish madaniyati ham a'lo darajada. Bu maktablar va ommaviy axborot vositalari orqali yo'l harakati ishtirokichilariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo'lish faol ravishda targ'ib qilinayotganining mahsulidir.
Umuman olganda, mamlakatda joriy etilgan bunday kompleks chora-tadbirlar yo'l-transport hodisalari sonini kamaytirishda ajoyib echim bo'ldi.
Avtohalokatlar soni bo'yicha qaysi mamlakatlar yetakchi?
AQSh, Xitoy va Hindiston yo'l-transport hodisalari umumiy soni bo'yicha yetakchilik qiladi. Har yili AQShda 2 milliondan, Xitoyda 500 mingdan, Hindistonda 450 mingdan ziyod avtohalokatlar sodir bo'ladi. Yo'l-transport hodisalarining ko'p yuz berishi mazkur mamlakatlar aholisi va avtomobillar soning ko'pligi bilan ham bog'liq.
Statistik ma'lumotlariga ko'ra, yo'l-transport hodisalari oqibatida o'lim holatlarining eng yuqori ko'rsatkichlari Gvineya, Liberiya, Gaitida kuzatilgan. Nega aynan mazkur mamlakatlarda o'lim ko'rsatkichlari yuqori, degan savol tug'ilishi tabiiy.
Ma'lumki, mazkur davlatlar dunyodagi eng kambag'al mamlakatlardan sanaladi. Iqtisodiy muammolar mamlakatlarda yo'l infratuzilmasini rivojlantirish uchun imkon bermaydi. Shu bois, ushbu mamlakatlardagi yo'llarning sifati talab darajasida emas. Shu bilan birga, mazkur mamlakatlarda yo'l harakati qoidalariga nisbatan nazoratning sustligi, qoidabuzarliklar uchun jarimalarning kamligi, jarohatlangan odamlarga tezkor tibbiy yordam ko'rsatish tizimning yo'lga qo'yilmagani, xavfsiz transport vositalaridan emas, balki ko'proq mototsikllardan foydalanilishi, haydovchilarning haydovchilik guvohnomasiga ega emasligi bilan bog'liq omillar avtohalokatlar va u bilan bog'liq o'limlar sonining oshishiga sabab bo'lyapti.
2024-yilda yo'l-transport hodisalari tufayli o'lim holatlari eng kam kayd etilgan mamlakatlar – Norvegiya, Shvetsiya va Islandiya. Bu mamlakatlar ushbu natijalarga yuqori sifatli yo'l infratuzilmasi, yo'l harakati qonunlariga qat'iy rioya qilish, samarali sog'liqni saqlash tizimi va jamoat transporti va velosipedlardan faol foydalanishni o'z ichiga olgan kompleks yondashuv orqali erishishmoqda.
O'zbekiston tomonidan ko'rilayotgan choralar
O'zbekistonda yo'l harakati xavfsizligiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan beri yo'l harakati xavfsizligi, yo'l harakati qoidalari, o'qitish va ta'lim, transport vositalarini tekshirish, sug'urtalash va boshqa sohalarga oid 100 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilindi. Aytish joizki, umumiy huquqiy asos, yo'llarni loyihalash standartlari, transport vositalarini loyihalash spetsifikatsiyalari va yo'l harakati xavfsizligini boshqarish tamoyillari mavjud.
Olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, mamlaktimizda avtohalokatlar va u bilan bog'liq bo'lgan o'lim holatlari va jarohatlar qayd etib kelinmoqda. Bu mamlakatimiz yo'llarida avtomashinalar soni kundan-kunga ko'payib borayotgani bilan ham bog'liq. O'tgan yili mamlakatimizda 9364 ta yo'l-transport hodisasi sodir etilgan, ularda 2203 nafar fuqaro hayotdan ko'z yumgan va 8901 nafar fuqaro jarohatlangan. Yo'l-transport hodisalarining 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo'l bermaslik, 3,7 foizi uxlab qolish, 22,8 foizi belgilangan tezlikka va 3,6 foizi svetofor ishorasiga amal qilmaslik oqibatida sodir bo'lgan.
Yurtimizda yo'l-transport hodisalarining oldini olish borasida muhim choralar ko'rilyapti. Misol uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-martdagi qaroriga muvofiq, Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyat va tuman markazlarida hamda shahar chegaralari ichida ruxsat etilgan tezlik soatiga 60 kilometrdan oshmasligi belgilab qo'yilganini alohida ta'kidlash mumkin. Avvalgi tezlik chegarasi soatiga 70 kilometr edi. Xalqaro tajribaga qaraydigan bo'lsak ham dunyoda shahar hududlarida maksimal tezlik chegarasi soatiga 70 kilometr bo'lgan mamlakatlar kamligini ko'ramiz.
Tezlik bilan bog'liq bunday me'yorning kiritilgani bejiz emas. Ma'lumki, tezlikni oshirganda baxtsiz hodisa va uning jiddiy oqibatlari ehtimoli oshadi. Masalan, tezlikning 1 foizga oshishi halokatli baxtsiz hodisa ehtimolini 4 foizga, jiddiy baxtsiz hodisa ehtimolini esa 3 foizga oshiradi. O'rtacha tezlikni atigi 5 foizga kamaytirish orqali halokatli yo'l-transport hodisalari sonini deyarli 30 foizga kamaytirish mumkin. Shu bois, shahar yo'llarida tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmaslikni belgilab qo'yilganining naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini anglash qiyin emas.
Targ'ibot xabardorlikni va yo'l harakati xavfsizligini oshirish uchun juda muhim hisoblanadi. Shuning uchun maktab yoshidagi bolalar o'rtasida muntazam ravishda “Yashil chiroq” musobaqalari o'tkazilib kelinmoqda. Qolaversa, yo'l harakati xavfsizligi xizmati bolalar bog'chalari va maktablarda muntazam ravishda o'rgatish va xabardorlik tadbirlarini o'tkazib keladi. Shuningdek, hukumatning tegishli qarori bilan bolalar 14 yoshga to'lgandan keyingina jamoat yo'llari va ko'chalarida velosipedda harakatlanishlari mumkinligining belgilab qo'yilgani ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning tegishli qaroriga ko'ra, har oyning to'rtinchi chorshanbasida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o'tkazilmoqda. Bu nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki katta shaharlarda avtomobil tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlantirish masalalariga jamoatchilik e'tiborini qaratishda muhim o'rin tutadi.
Jamoat transportini ko'paytirish, infratuzilmani yaxshilash yo'lovchilarga qulaylik yaratishi barobarida, yo'l-transport hodisalari sonining sezilarli kamayishiga imkon beradi. So'nggi yillarda Toshkent shahrida yer usti metro yo'nalishlarining ishga tushirilgani, yangi zamonaviy avtobuslarning xarid qilinayotgani yo'lovchilarning uzog'ini yaqin qilib, ularga qulayliklar yaratmoqda.
Yana bir gap. Transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtimizning bir necha tumanlarini bog'lovchi Shota Rustaveli ko'chasidagi yo'lning Mirobod ko'chasidan Choshtepa ko'chasigacha bo'lgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruktsiya qilindi. Ko'cha o'rtasida rivojlangan mamlakatlarning ilg'or tajribasidan kelib chiqib, BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida yo'l o'rtasida ajratilgan avtobus yo'lagi Toshkent shahrida birinchi bor amaliyotga tatbiq qilindi. Poytaxtimizda mazkur tajribadan kelib chiqib, yana 10 ta ko'chada shunday qurilish ishlari boshlanadi. Bu jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yo'lovchilarga qulayliklar yaratishi barobarida, yo'lda xavfsizlik darajasi oshib, yo'l-transport hodisalari kamayishiga ham xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, yo'l – qoidalarga bo'ysinishni, diqqat-e'tiborni, boshqa harakat ishtirokchilariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo'lishni talab etadi. Xoh u haydovchi bo'lsin, xoh u piyoda qoidalar barchaga baravar. Chunki ko'chaga chiqqach hamma yo'l harakati ishtirokchisiga aylanadi. Birgina e'tiborsizlik, yo'l qoidalariga amal qilmaslik mudhish yo'l-transport hodisalariga sabab bo'lishi mumkin. Ana shuni esdan chiqarmasak bo'lgani.
Shahzod G'afforov,
“Yuz.uz” sharhlovchisi









