Qonun loyihasi 3 ta moddadan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qator asosiy qoʻshimcha kiritishni oʻz ichiga olgan. Xususan, loyihada goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyish mahsulotlarini, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni olib kirishda va realizatsiya qilishda QQS boʻyicha imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyish mahsulotlarini, kartoshka, muzlatilgan baliqni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, ularni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi belgilanmoqda.
– Keyingi paytda bozorlarda goʻsht narxining qimmatlashib ketgani yurtdoshlarimizning ushbu hayotiy zarur oziq-ovqat mahsulotini sotib olish imkoniyatini pasaytirmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Abdurasulov. – Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, narxlarning barqarorligini saqlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Aslida maqsad ham oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, goʻshtning narxini aholiga maqbul darajaga olib kelishdir.
Jahon bozorida bugungi pandemiya sharoitida oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab kundan-kunga ortib bormoqda. Ayniqsa, qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash har qachongidan ham muhimdir.
Majlisda deputatlar bozorlarni goʻsht, kartoshka va boshqa mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlash va narxlar barqarorligini saqlash aholining osuda, toʻkin turmush kechirishiga xizmat qilishini aytib, qizgʻin muhokamalar, savol-javoblardan soʻng qonun loyihasini qabul qildilar, deya xabar beradi Qonunchilik Palatasi axborot xizmati.