Gʻozgʻon shahar hokimligining tender savdolarida qonun buzilish holatlari aniqlandi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahar hokimligi tomonidan oʻtkazilgan tender savdolarida qonun buzilish holatlari aniqlanib, hokimlikka nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Gʻozgʻon shahar hokimligida 2024-yil davomida oʻtkazilgan tanlov (tender) savdolarining Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlari talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

    Jumladan, Gʻozgʻon shahar hokimligi tomonidan joriy yil davomida Gʻozgʻon shahar markaziy koʻchalariga kameralar oʻrnatish uchun zarur tovarlar olib berish, shuningdek, “Yoshlar daftarida”gi yoshlarni ish bilan taʼminlash uchun maishiy texnika va tikuv mashinalari xarid qilish maqsadida 4 ta savdolar boʻyicha boshlangʻich narxi 514,0 mln soʻmlik tovar, ish va xizmatlarni bajarish boʻyicha eʼlonlar joylashtirilgan.

    Oʻrganishlar davomida, mazkur amalga oshirilgan davlat xaridlarining barchasida xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning taklif hujjatlari baholash mezonlari boʻyicha toʻgʻri baholanmaganligi aniqlandi.

    Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan buyurtmachi tashkilotga belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi. Shuningdek, masʼullarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.