Bu boradagi savollarga Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova quyidagicha javob berdi:

— Gripp eng keng va tez tarqaladigan oʻtkir yuqumli kasallik boʻlib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos boʻlib, asosan, kuz va qish oylarida koʻp holatda roʻyxatga olinadi.

Gripp kasalligi koʻrsatkichlarini mavsumiy koʻtarilishi noyabr va mart oylariga toʻgʻri keladi.

Gripp virusining A, V va S turlari mavjud. Kasallik manbai faqat bemor odam hisoblanadi. Kasallik atrofdagi sogʻlom odamlarga, asosan, havo-tomchi yoʻli bilan bemor aksirganda, yoʻtalganda, gaplashganda tez yuqadi.

Havoda saqlanib turgan gripp virusi sogʻlom odamga tezda yuqadi. Kasallikning birinchi belgilari paydo boʻlgunga qadar bir necha soatdan 3 kungacha vaqt oʻtadi. Kasallik toʻsatdan boshlanadi.

Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil, ayniqsa, zaif (nimjon, yaʼni immun holati past) bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklari boʻlgan insonlarda tez rivojlanadi va ogʻir kechadi.

— Gripp yuqishi qanday ogʻir asoratlarga sabab boʻladi?

Gripp nafas yoʻllarini yalligʻlanishi bilan boshlanib, keyinchalik:

- bemorda tana harorati 38-40 darajaga koʻtarilishi,

- bosh va tomoq ogʻrishi,

- burun bitishi,

- burundan suyuqlik ajralishi,

- yoʻtal,

- mushaklarda ogʻriq,

- holsizlik,

- ishtahaning buzilishi,

- baʼzi hollarda qusish holatlari kuzatiladi.

Kasallik bemorlarda yengil, oʻrta va ogʻir shakllarda kechadi.

Kasallikning eng xavfli asoratlari:

- oʻpka toʻqimalarining yalligʻlanishi – pnevmoniya (zotiljam),

- meningit (miya pardasining yalligʻlanishi),

- meningoensefalit (miya pardasi va moddasining yalligʻlanishi),

- otit (oʻrta quloqning yalligʻlanishi),

- sinusit (burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi),

- nefrit va piyelonefrit (buyrakning yalligʻlanishi) kabilardir.

Shuning uchun ham, xalq orasida grippning oʻzi emas, balki uning asoratlari yomon, degan fikr bejiz aytilmagan.

Baʼzida grippning yengil shakllari bilan ogʻrigan bemorlar atrofdagilar uchun koʻproq xavf tugʻdiradi. Chunki bunday bemorlar aksariyat hollarda uyida davolanmasdan, kasalligiga yetarli darajada eʼtibor bermay, oyoqda oʻtkazadilar. Ularni kasal holatida jamoat joylarda, barcha transportlarda, oʻqish va ish joylarda uchratish mumkin.

Shuning uchun ham kasallikning dastlabki alomatlari sezila boshlashi bilan darhol davo choralari koʻrilishi lozim.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.