Tadbirda universitet vitse-prezidenti, professor Szyao Fantay, xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Ke Syaoxun, xalqaro taʼlim dasturlari direktori Say Xun, oʻquv boʻlimi boshligʻi Dun Szyunu, xalqaro boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Chjou Pen ishtirok etdi.
Mazkur oliy bilim yurtiga 1965-yilda asos solingan. Bugungi kunda universitet Xitoyda xalqaro iqtisodiyot va savdo boʻyicha akademik dasturlarni taklif qiluvchi asosiy taʼlim muassasalardan biri hisoblanadi. 2008-yil oktyabr oyida Guandun iqtisodiyot va moliya instituti ham universitet tarkibiga kiritildi. Universitetda 1 ming 200 ga yaqin oʻqituvchil faoliyat koʻrsatadi. Ularning qaryib 50 foizi professor yoki dotsent ilmiy darajalariga ega. Shuningdek, bu yerda 60 nafardan ortiq chet ellik mutaxassis shartnoma asosida mehnat qiladi. Universitet 21 ta fakultet va bitta oʻzini oʻzi boshqarish institutidan iborat boʻlib, 56 ta bakalavr yoʻnalishini taklif etadi. Ayni paytda 20,5 ming bakalavr, 2 ming dan ortiq magistr, aspirant va doktorant hamda 13 mingdan ortiq kunduzgi, sirtqi, kechki taʼlim, ikkinchi oliy taʼlim dasturlari boʻyicha mahalliy va chet ellik talabalar oʻqiydi. Shu jumladan, Oʻzbekistondan 30 nafarga yaqin talaba tahsil oladi.
Uchrashuvda universitet vitse-prezidenti Szyao Fantay universitet tarixi, taʼlim yoʻnalishlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik va istiqboldagi rejalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Xitoy tomoniga Guanchjou shahridagi Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi faoliyati haqida soʻzlab berildi. Istiqbolda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari hamda Guandun xorijiy tillar va xalqaro savdo universiteti oʻrtasida ilm-fan sohasida yaqin aloqalar oʻrnatish, shu jumladan, respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari bilan taʼlim sohasida oʻzaro tajriba almashish, ikki tomonlama mutaxassislarni jalb qilish loyihalari, mazkur taʼlim maskanida oʻzbek tili kafedrasini ochish taklifi bildirildi.
Universitet rahbariyati takliflardan mamnunligini taʼkidlab, ularni amalga oshirish boʻyicha aniq rejalarni ishlab chiqilishini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida yaqin vaqt ichida Oʻzbekistonning chet tillarni oʻrganishga ixtisoslashgan universitetlaridan biri bilan onlayn-muzokaralar tashkil etib, hamkorlik memorandumini imzolash boʻyicha kelishib olindi.
Tadbir doirasida universitet kutubxonasiga “Oʻzbek tili izohli lugʻati” toʻplami va xorijliklar uchun oʻzbek tilini oʻrganish boʻyicha oʻquv qoʻllanmasi taqdim qilindi.