Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parki direksiyasi” MCHJ hamkorligidagi IT mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha ishlab chiqilgan va yoʻlga qoʻyilgan.
Dastur doirasida respublikaning har bir hududidan 100 nafar ishtirokchini oʻqitish nazarda tutilgan.
Oʻquv kurslarining ishga tushirilishi marosimida ishtirokchilarga IT-Park xodimlari tomonidan loyiha hamda undan kutilayotgan natijalar haqida qisqa taqdimot oʻtkazildi.
Maʼlumot oʻrnida, “Future Skills Uzbekistan” loyihasining maqsadi- axborot texnologiyalari boʻyicha keng qamrovli oʻquv dasturi orqali yuqori malakali IT mutaxassislar sonini koʻpaytirishdir. Loyiha 3 asosiy bosqichdan iborat boʻlib:
- professional taʼlim va IT mutaxassislarni tayyorlash,
- IT mutaxassisining malakasini baholash va malaka pasportini berish, hamda
- ishga joylashish va oʻzini-oʻzi band qilish (frilanserlik) boʻyicha yordam koʻrsatish masalalarini oʻz ichiga qamrab oladi.
Dasturning umumiy davomiyligi 9 oy boʻlib, haftasiga 3-marta, kuniga 3 soat davomida amalga oshiriladi, deb xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.