Energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash, isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash borasida Tojikiston bilan hamkorlikda bir qator investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 500 kVli Gʻuzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmogʻini tiklash investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlanishicha, ayni paytda loyiha doirasida 500 kVli Gʻuzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmogʻining Oʻzbekiston hududidagi 63 kilometr uzunlikdagi qismini qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan. Uni joriy yilning toʻrtinchi choragida yakunlash koʻzda tutilgan.

Xabarda maʼlum qilinishicha, loyiha Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasi asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha – Oʻzbekiston va Tojikiston energetika tizimlarining parallel ishlashi vaqtida elektr energiyasi ishonchliligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Maʼlumot uchun, mazkur loyihaning qiymati 25 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha xalqaro tender tanlovlarida gʻolib boʻlgan Xitoyning «Shanghai Electric Power Transmission & Distribution» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.