Tadbirda ustoz jurnalistning doʻstlari, hamkasblari, ommaviy axborot vositalari vakillari, gazeta va jurnallar bosh muharrirlari, jamoatchilik faollari, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator A.Koʻchimov ochib berdi.
“Kitobda muallifning Oʻzbekistonning deyarli barcha viloyat va tumanlaridan, shuningdek, Vashington, Nyu-York, Moskva, Dehli, Anqara, Makka va Madina shaharlaridan tayyorlab, voqea sodir boʻlayotgan joydan bevosita efirga uzatgan reportajlari matnlari ham oʻrin olgan. Shuningdek, toʻplam televideniye va radioning ilmiy-nazariy asoslariga bagʻishlangan maqolalarni ham oʻz ichiga oladi”, dedi Abdusaid Koʻchimov.
Jurnalistika nafaqat hodisalarni xabar qilish, balki ularni tahlil qilish, kontekst va muhitni ham oʻquvchiga yetkazish degan maʼnoni anglatadi. Har bir reportajda haqiqiy professionallik va masʼuliyat yuki bor, bu esa har bir jurnalist uchun falsafiy dars boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov “Davr jurnalist nigohida” kitobida Irismat Abduxoliqovning yarim asrdan ortiq ijodiy faoliyati davomida koʻrgan-kechirganlari, bevosita ishtirok etgan muhim tarixiy voqea-hodisalar haqidagi xotiralari jamlanganini taʼkidladi.
Zero, kitob muallifning shaxsiy tajribasi, jurnalistika maydonida toʻplangan boy hayotiy mulohazalarini oʻzida mujassam etganligi bilan ahamiyatli.
Taniqli olim, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad oʻz soʻzlarini shunday boshladi:
«Oradan yigirma besh yil oʻtdi. Oʻsha davrga bugun qayta qarasak, ayrim haqiqatlarni ochiq aytishimiz mumkin. Har qanday sohada salohiyat degan tushuncha bor. Inson egallagan kasbida jamoatchilik oldida qanday oʻrin tutgani, qanday natijalarga erishgani bilan baholanadi. Bu balandparvoz gaplar bilan emas, balki qilgan ishi bilan oʻlchanadi.
Men, jurnalist sifatida fikr berib, shunday xulosa qilaman: jurnalistikada eng qimmat narsa — shov-shuv emas, balki amaliy mehnat va haqiqatni yetkazishdir. Bu haqiqat orqali jurnalist oʻquvchi va jamiyat bilan mustahkam aloqa oʻrnatadi, vaqt oʻtishi bilan uning soʻzlari va ishi oʻz qiymatini yoʻqotmaydi».
Shuningdek, “Dunyo oʻzbeklari” sayti asoschisi, taniqli jurnalist Ismat Xushev tadbirda soʻzga chiqib, ustozlarga nisbatan hurmatini bayon qildi:
“Inson umri foniy. Yillar oʻtgan sari odam oʻz hayoti, bosib oʻtgan yoʻli va uchratgan insonlari haqida chuqurroq oʻylay boshlaydi. Ayniqsa, umrini ilmga, soʻzga, adabiyot va jurnalistikaga bagʻishlagan ustozlarning qadriga yetish jamiyat uchun katta ibrat maktabi. Bugun yonimizda yurgan, kam koʻrinadigan, kam gapiradigan, ammo ulkan hayot maktabini bosib oʻtgan ustozlarimizni koʻproq tanitishimiz va ularning soʻzini yoshlarga yetkazishimiz kerak”.
Irismat Abduxoliqov oʻz fikrida zamonaviy jurnalistikani tahlil qildi: «Bugun jurnalistika mutlaqo boshqa muhitda ishlayapti. Afsuski, ayrim gazetalar tiraji tushib ketayotgan, oʻquvchilar, ayniqsa yoshlar kamroq mutolaa qilayotgan bir paytda yashayapmiz. Axborot maydonida esa blogerlar faol, ijtimoiy tarmoqlar asosiy sahnaga aylangan. Bu jarayonni inkor etib boʻlmaydi.
“Men koʻpincha chet el tajribasiga qarayman. Rus tilida, baʼzan gʻarb jurnalistlari tomonidan tayyorlangan materiallarni oʻqib, eshitib havas qilaman. Ular voqeani nafaqat yaxshi yozadi, balki uni kuchli ohang, aniq mantiq va taʼsirchan uslub bilan yetkazadi. Bu — katta maktab”.
U internet va zamonaviy texnologiyalar jurnalist uchun yaratgan imkoniyatlarni ham taʼkidladi: “Bugun internet, ochiq manbalar, ensiklopedik saytlar jurnalist uchun ulkan imkoniyat yaratdi. Avvallari bir maʼlumot uchun kunlab kutardik, joylarga borardik. Hozir esa uyda oʻtirib, bir savolga bir necha daqiqada javob topish mumkin. Bu qulaylik bilan birga masʼuliyatni ham oshirdi”.
Shu bilan birga, u zamonaviy jurnalistlar oldida turgan vazifalarni ochiq bayon qildi:
“Shuni ochiq aytishim kerak: bugungi jurnalistlarimizning barchasi ham bu imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanyapti, deb ayta olmayman. Mahorat, tahlil, chuqur yondashuv hali-hanuz yetishmayotgan holatlar bor. Ming afsus, lekin bu haqiqat”.
Irismat Abduxoliqov milliy kontent va oʻz tahlili asosida axborot berish zarurligini taʼkidlab, umid bildirdi: “Bugun milliy kontent masalasi juda muhim. Oʻzimizning hayotimiz, jamiyatimiz, dunyoda boʻlayotgan voqealarni milliy nigoh bilan, oʻz tahlilimiz asosida yoritishimiz kerak. Boshqalarning tayyor qarashini koʻchirib olish emas, balki anglab, oʻzimizniki qilib berish vaqti keldi”.
“Davr jurnalist nigohida” kitob taqdimoti yosh jurnalistlar uchun katta ilhom manbai boʻldi. Xurshid Doʻstmuhammad shunday xulosa qildi:
“Jurnalistlar orasida oʻz mavqeiga ega Irismat Abduholiqov kabi ustozlar yoshlarni ruhlantiradi, ularning orzulariga qanot bagʻishlaydi. Kitobdagi reportajlar va tarixiy jarayonlar matnlari oʻsha davr manzaralarini qayta jonlantirib, jurnalistikaning barcha sohalari va yoshlar uchun muhim oʻquv-amaliy qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi”.
Kitob taqdimoti orqali yoshlar ustozlardan saboq olish, kasbga sadoqat va odamgarchilik qadrlarini anglash imkoniyatiga ega boʻldi.
Zulxumor Akbarova