Maʼlumki, oʻtgan yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan paxta yigʻim-terimi mavsumida Arbitraj guruhlari faoliyatini tashkil etish yoʻlga qoʻyilgan edi.
Ushbu guruhlar maskanlarga qabul qilinayotgan paxtaning sifatini aniqlash, sof vazn bilan konditsion vazn oʻrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qoʻllanishida masʼuldir.
Joriy yilgi paxta yigʻim-terimi davrida ham “Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, tuman boʻlimlari qoshida Arbitraj guruhlari tashkil etilib, ular belgilangan yoʻnalishda ish olib borishmoqda.
Ayni vaqtga qadar viloyatdagi Arbitraj guruhlariga fermer xoʻjaliklari va paxta qabul qilish maskanlari oʻrtasidagi paxta sifati, vaznini aniqlashda yuzaga keladigan nizoli holatlar bilan bogʻliq 24 ta murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatlar Arbitraj guruhi tomonidan toʻliq oʻrganilib, ularning 4 tasi paxta qabul qiluvchi korxonalar, qolgan 20 tasi esa fermer xoʻjaliklari foydasiga hal etilgan.
Jumladan, Mirishkor tumanidagi “Diyorbek Nayiston” fermer xoʻjaligi murojaati asosida paxtadan namunalar olinib, qayta tahlillar oʻtkazilgan. Dastlabki oʻtkazilgan laboratoriya tahliliga koʻra, paxtaning namligi 8,9 foiz deb hisoblangan boʻlsa, qayta tahlil natijalari boʻyicha 8,1 foiz ekanligi maʼlum boʻldi.
Muborak tumanidagi “Joʻra bobo” fermer xoʻjaligining murojaatiga koʻra, Arbitraj guruhlari nazorati ostida sinovlari oʻtkazilganda paxtaning ifloslik koʻrsatkichi 3 foiz hisoblanib, 1,1 ga qabul qilingan dastlabki laboratoriya tahlilida 6,5 foiz hisoblangan.
Xuddi shunday, Nishon, Gʻuzor, Qamashi, Chiroqchi tumanlarida paxtaning ham namlik ham ifloslik boʻyicha qayta sinov va dastlabki sinov natijalari orasida farqlar ruxsat etilgan meʼyordan yuqori ekanligi aniqlangan hamda nizolar fermer xoʻjaliklari foydasiga hal etilgan.
Aksincha, joriy yilning 4-oktyabr kuni Yakkabogʻ tumanidagi “Nosirov Farrux” fermer xoʻjaligining murojaatiga koʻra, qayta sinovlar oʻtkazilganda “Oq saroy Textile” MCHJ korxona qoshidagi tayyorlov maskani laboratoriyasi paxtaning iflosligini dastlabki sinovlarda 7,8 foizga fermer foydasiga aniqlangani maʼlum boʻldi. Bu koʻrsatkich qayta tahlilda 8,3 aniqlangan va murojaat korxona foydasiga hal etilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, viloyatda tuzilgan Arbitraj guruhlari va Inspeksiyaning ishonch telefonlari joylardagi barcha paxta qabul qilish maskanlariga oʻrnatilgan. Fermer xoʻjaliklarining murojaatlariga asosan joyiga borib oʻrganilib, paxta xom-ashyosini qabul qilishda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn oʻrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning qoʻllanilishi boʻyicha yuzaga keladigan nizolarni adolatli hal etib kelinmoqda.
Oybek HAKIMOV,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori