Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

  • 2028-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qoʻshimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil qilish;
  • PM2.5 va PM10 kabi zararli zarrachalarning konsentratsiyasini 20–25 foizga kamaytirish, iqlim sharoiti ogʻir hududlarda havo haroratini oʻrtacha 1,5–2°C gacha pasaytirish imkoniyatini yaratish.

Farmonga koʻra, dendrologiya bogʻlari maqomiga koʻra botanika bogʻlariga tenglashtiriladi.

Botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari, istisno tariqasida, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan ozod qilinadi.

Botanika va dendrologiya bogʻlarining yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ikkilamchi ijaraga berish, ularning hududlarini qisqartirish qatʼiy taqiqlanadi.