Shu maqsadda olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi. Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz boʻylab, kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.
Bundan toʻrt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid maʼlumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol oʻynamoqda.
Mana shu qutlugʻ sana munosabati bilan Prezidentimiz mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari”ni tashkil etishni taklif qildi.
Viloyat hokimlariga kasaba uyushmalari bilan maslahatlashib, bogʻlar uchun joy ajratish topshirildi.
“Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, oʻylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha boʻladi”, — dedi Prezident.








