«Afsuski, tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli taʼminlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti.
Koʻryapsizlar, iqtisodiyotimizga yangi-yangi soha va yoʻnalishlar, shunga mos tarzda yangi kasblar, zamonaviy texnologiyalar jadal kirib kelmoqda.
Ana shunday sharoitda tarmoq kasaba uyushmalari vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilib, ularning oldiga aniq vazifalar qoʻyib borishi kerak emasmi?
Shuning uchun, vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qoʻshma yigʻilishini doimiy ravishda oʻtkazib boradigan tizimni yoʻlga qoʻyishni taklif etaman», — dedi Prezident.
Bunday muloqot shakli “davlat – ish beruvchilar – mehnat jamoalari” oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanishiga ishonch bildirildi.








