Prezident hokimlarni bittadan sanatoriy va oromgoh qurish boʻyicha alohida dastur tasdiqlashga chaqirdi

    Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.

    Soʻnggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi oʻz salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.

    Yaqinda Issiqkoʻlda “Boʻston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik boʻldi. Shu bilan birga, bu Oʻzbekiston va Qirgʻiziston munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.

    Lekin kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini toʻliq qamrab olmayotgani qayd etildi.

    Davlatimiz rahbari hokimlarni chetda turmasdan, har yili oʻz hududida kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish boʻyicha alohida dastur tasdiqlashga chaqirdi.