Chunki zamonaviy taraqqiyot endi faqat yalpi raqamlar, investitsiya hajmi yoki eksport koʻrsatkichlarigina emas, balki inson hayotidagi haqiqiy oʻzgarishlar bilan baholanmoqda. Qaysi mamlakatda oddiy inson oʻz mehnati orqali qadr topsa, kelajakka ishonchi mustahkamlansa, oʻsha jamiyat barqaror hisoblanadi.
Geosiyosiy keskinliklar va iqtisodiy raqobat kuchaygan sharoitda davlat qudratining haqiqiy mezoni aniq namoyon boʻlmoqda: u jamiyatning eng zaif qatlami hayotida qay darajada sezilarli oʻzgarish yarata olmoqda? Zero, boy davlat degani boy insonlar jamiyati emas, balki imkoniyatlar adolatli taqsimlangan, mehnat orqali farovonlikka erishish mumkin boʻlgan jamiyatdir. Shu maʼnoda, iqtisod maqsad emas, inson uchun xizmat qiladigan vositaga aylanmogʻi shart.
Raqamlar ortidagi inson taqdiri
Globallashuv davrida iqtisodiy raqobat, texnologiyalar va moliyaviy resurslar uchun kurash bir tomonda boʻlsa, ikkinchi tomonda dunyo aholisining bir qismi hanuz faqat asosiy ehtiyojlar uchun kurashib yashashga majbur. Bu qarama-qarshilik nafaqat moddiy, balki maʼnaviy hamdir. Shuning uchun har bir davlat uchun iqtisodiy oʻsishning asosiy mezoni inson hayotidagi oʻzgarishlar va aholi uchun yaratilgan barqaror imkoniyatlardir.
Ana shunday global jarayonlar fonida 23-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu yigʻilish mazmun-mohiyatiga koʻra faqat iqtisodiy hisob-kitoblar muhokamasi emas, balki odamlar hayotiga bevosita taʼsir qiluvchi muhim ijtimoiy voqea sifatida ahamiyat kasb etdi.
Davlatimiz rahbari 2025-yil yakunlariga toʻxtalar ekan, iqtisodiyotda erishilgan natijalarni shunchaki raqamlar bilan emas, balki ularning jamiyat hayotidagi oʻrni bilan bogʻlab tahlil qildi. Iqtisodiyotning 7,7 foiz oʻsishi va yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshgani, avvalo, mehnat bozoridagi faollik, ish oʻrinlari va aholi daromadlari koʻpayishi demakdir.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻsish surʼatlari 2024-yildagiga nisbatan yuqori boʻlgani, xorijiy investitsiya hajmi 43 milliard dollarga, eksport 33,8 milliard dollarga yetgani Oʻzbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi nufuzi va raqobatbardoshligi oshib borayotganini koʻrsatadi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki mamlakatning tashqi bozorlarda oʻz oʻrnini topayotgani, ichki imkoniyatlar esa tashqi ishonch bilan uygʻunlashayotganining yaqqol dalilidir.
Ayni paytda yuqori iqtisodiy faollik sharoitida inflyatsiya darajasi 9,8 foizdan 7,3 foizga tushishi aholi daromadlarining haqiqiy qiymatini saqlab qolishda muhim omil boʻldi. Bu holat iqtisodiy oʻsishning sifat jihatidan ham barqaror ekanini anglatadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, iqtisodiyot qanchalik barqaror boʻlsa, infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy sohalarga sarmoya yoʻnaltirish va aholi turmush farovonligini oshirish imkoniyatlari shunchalik kengayadi. Mustahkam poydevorsiz bino boʻlmagani kabi barqaror iqtisodiyotsiz farovon hayot ham boʻlmaydi.
Mamlakatdagi islohotlar nafaqat iqtisodiy oʻsishga, balki ijtimoiy barqarorlikka ham qaratilgan. 2025-yilda 366 ming oila kambagʻallikdan chiqqani, kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushgani bu raqamlar ortida minglab oilalar hayotidagi real oʻzgarishlar, bolalarning taʼlimga, kattalarning esa mehnat orqali oʻz oʻrnini topishga boʻlgan umidi mujassam.
Kambagʻallikni qisqartirish siyosati iqtisodiy samaradorlikdan ham kengroq maʼno kasb etadi. Bu inson qadrini tiklash, mehnati va salohiyatini jamiyat taraqqiyotining asosiy omili sifatida eʼtirof etishdir. Chunki inson faqat kun kechirish emas, balki oʻz iqtidori orqali hayotga maʼno kiritish uchun yashaydi. Davlat siyosati aynan shu imkoniyatlarni yaratishga qaratilganida islohotlar haqiqiy mazmun kasb etadi.
Videoselektor yigʻilishi va unda belgilangan vazifalar nafaqat iqtisodiy islohotlarning navbatdagi bosqichi, balki xalqqa xizmat qilish, ijtimoiy adolatni taʼminlash va inson manfaatlarini ustuvor qoʻyish yoʻlidagi uzviy jarayon sifatida namoyon boʻldi.
Shu oʻrinda bir mulohaza. Bir insonning hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirish faqat bir necha yillik xizmatlar bilan chegaralanmaydi, u bir necha yuz yilga tatiydigan samara berishi mumkin. Bugun iqtisodiy qiyinchilikdan chiqib, imkoniyat va iqtidorga ega boʻlgan insonlar oʻziniki bilan birga atrofdagilar hayotini ham yaxshilaydi. Ularning dunyoqarashi va faoliyati oiladan tashqari butun jamiyatda ijtimoiy va maʼnaviy uygʻonish nuqtalariga aylanishi mumkin.
Har bir imkoniyat, har bir dastur va har bir investitsiya nafaqat iqtisodiy qadam, balki inson qadriyati va uning hayotini yaxshilashga qaratilgan maʼnaviy harakat sanaladi. Davlat va xalq oʻrtasidagi bu ishonch va hamjihatlik zamonaviy Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlidagi eng muhim ustuvorlikdir.
Kambagʻallikka qarshi kompleks strategiya
Jamiyatning ruhi uning eng kichik birligida — mahallalarda yashaydi. Har bir mahalla nafaqat uylar va koʻchalar yigʻindisi, balki odamlar orzu-umidi, mehnati va ijtimoiy hayotining markazidir. Shu bois, kambagʻallik va ishsizlikka qarshi chora-tadbirlar iqtisodiy koʻrsatkich emas, balki xalqqa qaratilgan hamnafas xizmatdir. Har bir yaratilgan imkoniyat, qoʻyilayotgan har bir qadam mahalla ahli hayotida sezilarli oʻzgarish yaratadi hamda kelajak avlod uchun barqaror ijtimoiy va iqtisodiy merosni taʼminlaydi.
Mahalla islohotlarning asosiy “bogʻi” sanaladi. Agar mahallada ishsiz shaxslar yoki kambagʻal oilalar saqlanib qolsa, demak, davlatning dasturlari va qarorlari joyiga yetib bormagan, tizim samarasiz ishlamoqda. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, mahalla va “yettilik” tizimi xalq muammolarini aniq va samarali hal qilishda asosiy mexanizmdir.
Joriy yil uchun kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha belgilab qoʻyilgan maqsadlar katta. Jumladan, 1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish va ishsizlik hamda kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish. Bu rejalar xalq hayotida jiddiy oʻzgarish qilishga qaratilgan barqaror strategiyadir. Albatta, bunday marraga erishish oson emas. Bu yoʻlda faol ishtirok etish har bir shaxsdan masʼuliyat talab qiladi. Shuningdek, imkoniyatlarni oqilona ishga solish va ijtimoiy natijaga aylantirish lozim.
Mahallalarning iqtisodiy salohiyatini oshirishda kichik quyosh elektr stansiyalari muhim vosita sifatida eʼtiborga olingan. Joriy yilda 903 ta mahallada har birining quvvati 300 kilovatt boʻlgan stansiyalar qurilishi belgilangan. Ular mahallada qoʻshimcha daromad manbai yaratish bilan birga oilalarni ish bilan taʼminlaydi, energiya tejamkorlik va “yashil” loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Bu tadbirlar iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ahamiyatga ham ega. Quyosh energiyasi tabiatni muhofaza qilish, uglevodorod yonilgʻilardan foydalanishni kamaytirish va atmosferani ifloslanishdan himoyalash imkonini beradi. Shu bilan birga, mahallalarda yashovchi kambagʻal oilalarning daromadi ortib, ularda ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlik paydo boʻladi. Shu maʼnoda, kichik quyosh elektr stansiyalari faqat energiya manbai emas, balki mahalla iqtisodiyotining yangi quvvati, barqaror ijtimoiy taraqqiyotning muhim elementidir.
Soʻnggi yillarda dunyo miqyosida oziq- ovqat xavfsizligi eng dolzarb muammolardan biriga aylandi. Aholi soni oʻsishi, iqlim oʻzgarishi va resurslar cheklanganligi sharoitida har bir davlat oʻz ichki imkoniyatlariga tayanib, barqaror yechimlarni izlamoqda. Bu jarayonda qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, aholi tomorqalari va foydalanilmay kelayotgan yer maydonlarini ishga solish nafaqat mahsulot yetishtirish, balki aholi bandligini taʼminlashning ham muhim manbai sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bugun yurtimizda tomorqa madaniyati bosqichma-bosqich shakllanib bormoqda. Koʻplab oilalar oʻz tomorqasidan unumli foydalanib, nafaqat oila ehtiyojini qondirmoqda, balki bozorga mahsulot chiqarib, barqaror daromad manbaiga ega boʻlmoqda. Bu — amaliy natija, real hayot haqiqati. Albatta, guruch kurmaksiz boʻlmaydi, yaʼni bu yoʻlda muammo va kamchiliklar yoʻq emas. Ammo muhim jihati shundaki, tizim ishlayapti, tajriba toʻplanyapti va eng asosiysi, odamlarda yerga, mehnatga va oʻz imkoniyatiga ishonch ortyapti.
Ana shu jarayonda ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda mahallalarning ixtisoslashuvi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 903 ta “ogʻir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari mavjud. Agar hokimlar va “mahalla yettiligi” suv taʼminotini yaxshilash, aholini urugʻ va koʻchatlar bilan taʼminlash, ish jarayonini tizimli tashkil etishga eʼtibor qaratsa, aholi daromadi va turmush sifatida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar paydo boʻladi.
Bu yoʻnalishda davlat tomonidan qoʻshimcha moliyaviy mexanizmlar joriy etilmoqda. Jumladan, tomorqa yer egalari uchun koʻchat xaridining 50 foizi qoplab berilishi, “shpaler”lar uchun subsidiyalar ajratilishi, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish uchun kompensatsiyalar toʻlanishi belgilangani yerdan samarali foydalanishni ragʻbatlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va aholida oʻzini oʻzi taʼminlash madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, pillachilik kooperatsiyasi va uyda pilla yetishtirishni yoʻlga qoʻyish orqali ham aholi iqtisodiy faolligi qoʻllab-quvvatlanyapti. Bu sohada ish boshlash istagida boʻlgan oilalarga 20 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratilishi, yil davomida 2 ming gektar oʻrmon yerlarining 4 ming kambagʻal oilaga 50 sotixdan berilishi nafaqat daromad manbai, balki oilalar uchun uzoq muddatli barqaror hayot poydevoridir. Pillachilik mahallalarda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratib, oilalarni uy sharoitida mehnat bilan taʼminlash imkonini beradi.
Mazkur chora-tadbirlar davlatning inson qadriga munosabatini, ijtimoiy adolat va masʼuliyatni amalda namoyon etishidir. Zero, ijtimoiy barqarorlik har bir oilaning roziligi va hayotdan mamnunligida mujassam boʻladi.
Bandlik va daromad manbai
Har qanday barqaror iqtisodiy tizimning tayanchi kichik va oʻrta biznesdir. Chunki aynan shu soha jamiyatning eng quyi qatlamlarigacha yetib boradigan, inson tashabbusi va mehnatini iqtisodiy qudratga aylantiradigan muhim mexanizm hisoblanadi. Kichik va oʻrta biznes faqat korxonalar yoki tadbirkorlik subyektlari emas, balki millionlab oilaning kundalik turmushi, orzu-umidlari va mustaqil hayotga intilishining ifodasidir. Shu maʼnoda, davlat iqtisodiyotining barqarorligi, avvalo, mahalla va oila darajasida shakllangan tadbirkorlik muhitiga bogʻliq. Zero, iqtisodiyot kuchli boʻlsa, jamiyat barqaror, jamiyat barqaror boʻlsa, davlat mustahkam boʻladi.
Ana shu tamoyildan kelib chiqib, joriy yilda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻmlik kredit resurslari ajratilishi belgilandi. Bu mablagʻ nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki aholining oʻz kuchiga ishonchini mustahkamlash, mehnat orqali farovonlikka erishish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Xususan, 37 ta “ogʻir” tumanda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida 12 foizli imtiyozli kreditlar taqdim etilishi mahallalarda yangi iqtisodiy harakatni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Imtiyozli kreditlarning eng yuqori miqdori barcha tumanlarda 1,5 barobar oshirilib, 50 million soʻmga yetkazilishi ham tadbirkorlikni keng qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan aniq qadamdir. Bu chora mahallalarda “ikkinchi iqtisodiy qavat”ni, yaʼni ish haqiga qaram boʻlmagan, mustaqil daromad manbaiga ega aholi qatlamini shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, iqtisodiy mustaqil inson faol fuqaro, faol fuqaro esa jamiyat tayanchidir.
Shuningdek, import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva uchun 100 million soʻmgacha, uy mehmonxonasi, kichik muzlatkichlar, mahsulotni saqlash va qayta ishlash minitexnologiyalari uchun 150 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratilishi tadbirkorlik turlarini diversifikatsiyalashga xizmat qiladi. Bu esa mahallalarda faqat xomashyo yetishtirish emas, balki qoʻshimcha qiymat yaratish, qayta ishlash va xizmat koʻrsatish sohalarini ham rivojlantirish imkonini beradi.
Ayniqsa, chegara va anklav hududlarda joylashgan 563 ta mahallada tadbirkorlik loyihalari uchun kredit miqdorining 1 milliard soʻmgacha oshirilishi strategik ahamiyatga ega. Bu hududlarda iqtisodiy faollikni kuchaytirish nafaqat daromadni oshiradi, balki ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga ham xizmat qiladi. Mazkur maqsadda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlariga ajratilgan 3,6 trillion soʻmdan tashqari yana 2 trillion soʻm qoʻshimcha resurs yoʻnaltirilishi davlatning ushbu sohadagi qatʼiy irodasini namoyon etadi.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish va mahsulot yetishtirishni ragʻbatlantirish uchun 17 trillion soʻm bank kreditlari ajratilishi, ularning 4 foizi mahsulot yetishtirishda, 6 foizi esa qayta ishlash loyihalarida kompensatsiya qilinishi tadbirkor uchun moliyaviy yukni yengillashtiradi. Bu esa tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydi, qoʻrquv oʻrnini ishonch, intilishni esa natija bilan almashtiradi.
Bundan tashqari, mahalla tadbirkorlari va hokim yordamchilari malakasini oshirish maqsadida Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya va Malayziya kabi davlatlarga bir oylik stajirovkalar tashkil etilishi islohotlarning institutsional asosini mustahkamlaydi. Chunki bilim va tajriba bilan quvvatlanmagan islohot barqaror natija bermaydi. Professional rahbarlik va masʼuliyat esa kambagʻallikni qisqartirishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Bu chora-tadbirlar davlatning inson qadriga munosabatini, ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotga intilishini yaqqol koʻrsatadi. Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash orqali iqtisodiy oʻsish bilan bir qatorda insonning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish, mehnat orqali qadr topish imkoniyati yaratilmoqda.
Shu maʼnoda, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish faqat iqtisodiy siyosat emas, balki xalq va davlat oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan, ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlaydigan strategik yoʻldir. Haqiqiy taraqqiyot pul va raqamlarda emas, balki inson hayotidagi sezilarli oʻzgarishlarda namoyon boʻladi. Ana shu gʻoya zamonaviy Oʻzbekiston islohotlarining asosiy falsafasini belgilab bermoqda.
Adolatli podshoh Xorun ar-Rashid haqida bunday rivoyat bor. Bir kuni u shikorga chiqqan paytida oʻtin terib yurgan keksa cholga duch keladi. Podshoh odatdagidek duo soʻraydi: “Ota, bizga bir duo qiling, ovimiz baroridan kelsin”. Chol esa qisqa va maʼnoli javob beradi: “Allohim, senga ming yil umr bersin, bolam”. Bu soʻz podshohni oʻyga toldiradi. Zero, dunyoda ming yil umr koʻrgan inson boʻlmagan. Podshoh duoning maʼnosini soʻraydi. Chol esa xotirjamlik bilan javob beradi: “Bolam, toʻgʻri, sen ming yil umr koʻrmaysan. Vaqti kelib omonat joningni Yaratganga topshirasan. Ammo sen bu dunyoni tark etganingdan keyin ham qilgan adolatli ishlaring, xalqqa qilgan xizmatlaring ming yillar davomida yashasin, odamlarning xotirasida qolsin deb duo qildim”.
Inson umri uning yashagan yili bilan emas, balki qoldirgan merosi va xalqqa qilgan foydasi bilan oʻlchanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, aholini kambagʻallikdan chiqarish va ularga iqtisodiy imkoniyatlar yaratish ham insonlar uchun, ham butun jamiyat uchun ming yillarga tatiydigan haqiqiy xizmatdir.
Bugungi kundagi barcha dasturlar va islohotlar, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish orqali mahallalarda imkoniyatlar yaratish, ish bilan taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish yoʻlidagi barcha harakatlar tarixda abadiy iz qoldirishi mumkin. Har bir imtiyozli kredit, har bir investisiya va har bir mahalla tadbirkorligi faqat iqtisodiy natija emas, balki xalq hayotida sezilarli ijtimoiy va maʼnaviy oʻzgarishlarning ochiq ifodasi. Zero, har bir imkoniyat va har bir ijtimoiy qadam xalqqa qayishadigan ish, jamiyat taraqqiyotiga qoʻshilgan tarixiy hissadir.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri