Mamlakatimizda inson shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida ulugʻlanib, bunyodkor xalqimiz yangi Oʻzbekiston havosidan nafas olgan holda kelajakka ulugʻ maqsad va yuksak orzu-niyatlar bilan shahdam odim tashlamoqda. Bunday tarixiy oʻzgarishlar zamirida yurtimizda “inson–jamiyat–davlat” tamoyili asosidagi islohotlar, erkin va farovon taraqqiyot yoʻlidagi izchil tadbirlar, el-yurt tashvishidagi mashaqqatli mehnat yotibdi.
Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz loyihasi uchun takliflarni yigʻishdan boshlab uni qabul qilgunga qadar oʻtkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimizning munosib ishtirok etgani chinakam xalqchil islohotlarning yuqori dinamikasini koʻrsatdi. Yangi tahrirdagi Bosh qonunimizni qoʻllab-quvvatlash orqali hayot maʼnosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan elimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqladi.
Bir haqiqatni ochiq tan olish kerak. Soʻnggi yillardagi shiddatli islohotlarga amaldagi konstitutsiya normalari yetarli emasdek tuyulgandi. Yaʼni qisqa vaqtda mamlakatning kelgusida bundan-da taraqqiy etishiga erishish uchun huquqiy asoslar zarur edi. Chunki Konstitutsiyada kelajak avlodlarning ham haqqi bor. Taʼbir joiz boʻlsa, xalq irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ilgari muayyan darajada qiynalgan avlodning bugungi xaloskori, hozirgi xalqimiz farovon hayotining huquqiy tayanchi va kelajak avlodning ham baxtli yashashi kafolati boʻlgan hujjat, deya taʼrif bergan boʻlardim.
Zero, 222 ming 715 ta taklif ortida qanchadan-qancha taqdirlar turibdi. Oʻtmishdagi achchiq haqiqatlarning kelgusida ham takrorlanmasligi uchun Konstitutsiyamiz tamal toshi boʻlib xizmat qilishi bilan birga yorugʻ kelajak sari ildam harakat qilayotgan yangi Oʻzbekistonning shiddatini oshirishda huquqiy tayanch vazifasini oʻtaydi.
Referendum jarayoni bilan joylarda bevosita tanishgan 258 nafar xalqaro ekspert va kuzatuvchilarning aksariyati fuqarolar siyosiy faolligini yaqqol namoyon etganini yakdil taʼkidlagani mamlakatimizdagi yangilanishlarga berilgan yuqori bahodir. Xususan, Shanxay hamkorlik tashkiloti missiyasi Bosh kotibi Chjan Ming “...Referendumda keksa-yu yoshning, birinchi marta ishtirok etgan yigit-qizlarning yuz-koʻzida quvonchni koʻrdim.
Ularda yurt ertasi va istiqboliga ishonch bor. Chunki yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson qadrini ulugʻlash, aholining turmush farovonligini taʼminlash, huquq va burchlari, bilim olish, mehnat qilish hamda boshqa haq-huquqlari uchun muhim kafolatlar belgilangan. Bu esa xalqingiz oʻz kelajagini oʻz qoʻli bilan hal etayotganini koʻrsatadi”, deya taʼkidladi.
Shuningdek, yurtimizdagi islohotlarga yuqori baho bergan Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanji “...Oʻzbekiston oʻz kuchi va salohiyatiga tayangan, jadal rivojlanayotgan davlatga aylanmoqda. Mamlakatning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ushbu maqsadlar amalga oshishining kafolatidir”, degan.
Qisqa muddatda yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqqan holda bir qator qonun, qonunosti hujjatlar va konsepsiyalarni qabul qilish, mavjudlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga doir muhim chora-tadbirlar belgilandi. Jahonda roʻy berayotgan yangidan-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar, oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan tahlikalarni inobatga olgan holda, har bir ishda, qabul qilinayotgan barcha qonun va qarorlarda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaati asosiy oʻrinda turishi shartligi nazarda tutildi.
Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat deb belgilanishi taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, ayniqsa, ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qoʻllab-quvvatlash orqali ularga munosib turmush sharoitini yaratishga xizmat qiladi. Bu borada kelgusida yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud. Ayni vaqtda mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod oila ijtimoiy koʻmakka muhtojligi, aholimizning 55 foizi yoshlardan iboratligi inobatga olinsa, masalaning mohiyati yanada ravshanlashadi.
Shu maʼnoda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch barobar koʻpaytirilgan holda davlat byudjetidan har yili qoʻshimcha 30–40 trillion soʻm ajratilishi, buning hisobidan har yili yuzlab yangi bogʻchalar, maktab va shifoxonalar qurilishi kishini, albatta, quvontiradi.
Xursand qiladigan yana bir jihat shuki, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish, bu orqali aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini 4 ming dollarga yetkazish kelgusi taraqqiyot uchun qoʻyilgan aniq maqsadlardandir.
Bugun yangi Oʻzbekiston insonparvar va xalqchil boʻlgan huquqiy davlat qurish yoʻlida odimlamoqda. Kelgusi yillarda adolat prinsiplari asosida huquqiy davlatni barpo etish borasida amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham huquqiy davlat tushunchasi alohida mustahkamlandi. “Qonun — muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir aʼzosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidasiga aylanishi kerak degan qatʼiy pozitsiya tufayli mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi yuridik imiji tobora oshib bormoqda.
Shu bois, Bosh qonunimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar koʻpaytirildi. Zotan, “faqat huquqiy davlat sharoitidagina insonning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmatini toʻliq taʼminlash, tom maʼnoda xalqparvar boshqaruv tizimini shakllantirish mumkin”.
Birinchidan, oxirgi vaqtlarda hokimiyatning barcha boʻgʻini isloh qilinib, ular oʻrtasidagi munosabat va muvozanatda jiddiy oʻzgarishlar amalga oshmoqda. Bunda Konstitutsiyaga yangi normalar kiritilib, davlat hokimiyatining butun tizimini demokratlashtirishga asos hisoblanuvchi hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilini izchil amalga oshirishda muhim omilga aylandi.
Masalan, Senat aʼzolari sonining 100 nafardan 65 nafargacha optimallashtirilishi, ijro hokimiyati tizimidagi tub islohotlar yoki Konstitutsiyamizga viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi toʻgʻrisidagi normaning kiritilishi hamda boshqa oʻzgarishlar zamon va makon taqozosidir.
Xususan, taʼkidlangan soʻnggi norma orqali mahalliy darajada vakillik va ijro etuvchi hokimiyat funksiyasi ajratiladi. Hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga boshchilik qilishi haqidagi qoida chiqarilishi, ularning kengashlar oldidagi masʼuliyatini oshirishga, hokimliklar faoliyati ustidan kengash va deputatlar nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, xalq deputatlari kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy boʻgʻinga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” prinsipini amalga oshirishga xizmat qiluvchi hokimlik idoralari rahbarlari xalq deputatlari kengashlari oldida hisobot beradigan samarali tizim yoʻlga qoʻyildi.
Eng muhimi, hokimlarning oʻzi qaror qabul qilib, oʻzi boshchilik qiladigan kengashlarda ushbu qarorlarni tasdiqlatish, keyinchalik uning ijrosini nazorat qilish kabi amaliyotga chek qoʻyildi. Bu orqali kengashlarning faoliyati, avvalo, aholi manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilishga yoʻnaltirilsa, hokimning faoliyati esa mazkur qarorlarni ijro qilishga qaratiladi.
Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qoʻymoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida toʻgʻridan-toʻgʻri va soʻzsiz qoʻllaninishi kabilarni inobatga olgan holda aytish lozimki, mazkur jarayon barcha boʻgʻindagi rahbar kadrlardan yangicha yondashuv talab etadi va oʻz-oʻzidan eskicha ishlash va yashashni inkor etadi.
Mamlakat ijtimoiy hayotining eng muhim jihatlaridan biri oʻqitish tizimidir. Shu bois, taʼlim va ilm-fan sohasiga hayot-mamot masalasi sifatida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Aynan 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilgani, “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli” deb eʼtirof etilgani sifatli taʼlim yurtimizning kelgusi ming yilliklardagi taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor vazifa boʻlib qolishini anglatadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasida “taʼlim” soʻzi 2-marta qoʻllangan boʻlsa, yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda 20-marta, yaʼni 10 barobar koʻp ishlatilgan. Unga kiritilgan normalar asosida ham kelgusida oʻqitish tizimini bir necha oʻn karra kuchaytirish maqsadi mujassam.
Maʼlumotlarga koʻra rivojlangan mamlakatlarda taʼlimning toʻliq sikliga investitsiya yoʻnaltirish, yaʼni 3 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan davrda bolaning oʻqishi va tarbiyasiga sarmoya kiritishga katta eʼtibor beriladi. Vaqti kelib ana shu mablagʻ jamiyatga 15–17 barobar foyda keltiradi. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich atigi 4 barobarni tashkil etadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bu boradagi ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bolalarni maktabga qamrab olish 100 foiz taʼminlangan. Oxirgi olti yilda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5 ming 211 tadan 29 mingdan ziyodga yetkazildi. Maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugun 2 millionga yaqin bola bogʻchaga bormoqda. 2022-yilda “Finance Inquirer” nashri bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb qilish boʻyicha eng yaxshi dinamikaga ega boʻlgan peshqadam 10 davlatni eʼlon qildi. Ular orada Oʻzbekiston birinchi oʻrinda turibdi.
Ahamiyatli jihati shundaki, kelgusida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda 2022-yilda 932 ming bola tugʻilgan. 2017-yilda bu koʻrsatkich 715 mingni tashkil etgan, yaʼni 4 yilda tugʻilish koʻrsatkichi 30 foiz oshgan. Bu kelgusida mamlakatimizda bogʻchalar sonini kamida 30 foiz koʻpaytirishimiz kerakligini anglatadi.
Hamma sifatli taʼlim olishga haqli. Bu borada mamlakatimizdagi taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojiga ega bolalar uchun inklyuziv taʼlim-tarbiyaga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgan. Sogʻligʻida nuqsoni boʻlgan bolalarni faqat maxsus maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham oʻqitish yoʻlga qoʻyilgani yangi Oʻzbekistonda inson qadri tamoyiliga rioya etilayotganidan darak beradi.
Mamlakatimizda yoshlarning oliy taʼlim olishi uchun qulay sharoit yaratildi. Jumladan, OTMlar soni 2,5 barobarga ortib, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshirildi. Oliy maʼlumot olish uchun imtiyozli kreditlash tizimi, ayollarga foizsiz kredit ajratish amaliyoti joriy qilindi. 2017-yilga qadar OTMlarda davlat grant oʻrinlari soni faqat qisqargan boʻlsa, soʻnggi besh yilda, aksincha, grant oʻrinlarni koʻpaytirish yoʻlidan borildi.
Xususan, oʻtgan davrda oliy taʼlimga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foiz hamda ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun ikki barobar oshirildi. Shuningdek, nodavlat OTMlarda mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Hozirgi barqaror taraqqiyotni saqlab qolgan holda uni yanada rivojlantirishning aniq strategik reja va dasturlarini ishlab chiqqan holda hayotga tatbiq etish lozimligini davrning oʻzi taqozo etmoqda. Boisi, Konstitutsiyamiz ham bu borada har bir insonning oilasida, mehnat jamoasida ijobiy natija sifatida seziladigan darajadagi oʻzgarishlarni amalga oshirishiga vaʼda beradi. Bu vazifalarni sidqidildan va toʻlaqonli bajarish uchun siyosiy iroda va qatʼiyat zarur.
Konstitutsiyaviy islohotlar davrida xalqimizga qaysidir maʼnoda koʻpdan-koʻp vaʼdalar berildi. Endi esa bularni roʻyobga chiqarish vaqti keldi. Agar raqamlarga eʼtibor qaratilsa, Asosiy qonunning 65 foizi yangilangan holda, aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar, taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobar, inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ziyod oshirilganiga guvoh boʻlamiz.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi vakolatlari 5 tadan 12 taga, Oliy Majlis Senati vakolatlari esa 14 tadan 18 taga yetkazildi. Ayni palla mazkur oʻzgarishlarni sifat bosqichiga koʻchirish uchun qulay fursat boʻlib, xalqning davlatga ishonchi ayni vazifalarning samarali bajarilishi bilan belgilanadi. Zotan Konstitutsiyamizdagi normalarning yarmidan koʻpi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga doir kafolatlarni kuchaytirish hamda mustahkamlashga qaratilgan.
Dunyoda, xususan, mintaqamizda keskin hamda murakkab jarayon hukm surayotgan hozirgi vaziyatda toʻgʻri va samarali rivojlanish yoʻlini izlab topish va uni amalga oshirish eng oʻtkir va dolzarb masalaga aylanmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning muqaddimasida Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilishi bayon qilingani bu boradagi yoʻlimiz aniq ekanini tasdiqlaydi.
Odatda mamlakatlarning hududiy yaxlitligi davlat va uning suverenitetining muhim sharti, xalqaro huquqning asosiy prinsiplaridan biridir. Kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish natijasida biror-bir davlat hududi yoki uning bir qismi egallab olinishi tan olinmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 17-moddasida “davlatlarning hududiy yaxlitligi” Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida belgilangan.
Mamlakatimiz taraqqiyot bosqichida ochiq, oʻzaro hurmat, tenglik va manfaatdorlik, yaxshi qoʻshnichilik prinsiplariga asoslangan tashqi siyosat olib bormoqda. Masalan, qardosh Qirgʻiziston bilan 30 yillik chegara muammosi yechilgani tufayli vodiydagi 2 milliondan ziyod aholi yaqinlari, qarindosh-urugʻlari bilan erkin bordi-keldi qiladigan boʻldi.
Yurtdoshlarimizning boshqa xalqlar bilan tinch-totuv, doʻstona, xavfsiz sharoitda yashashi, xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, qoʻshni davlatlarga emin-erkin borib-kelishi, qon-qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashi, mamlakat investitsiya muhitining yaxshilanishidan davlat va jamiyat har doim manfaatdor.
Oʻzbekiston ichki va tashqi siyosatiga doir tahlillar shuni koʻrsatadiki, inson, uning manfaatlari va farovonligi ustuvor vazifalar tizimining ibtidosi boʻladi. Bu mamlakatdagi barcha islohotlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Aynan shunda davlatni modernizatsiya qilish strategiyasining oʻziga xosligi, uni aholi va xorijlik hamkorlar orasida keng qoʻllab-quvvatlashda kengroq namoyon boʻladi.
Mirzayusuf RUSTAMBOYEV,
Jamoat xavfsizligi universiteti boshligʻi,
yuridik fanlar doktori, professor