Prezidentimiz yangi loyihalar, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga, xomashyo va energiya resurslaridan samarali foydalanishga, yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratib, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini yana bir bor qayd etdi.

Lekin ayrim rahbarlar investitsiya hisobidan eksportni koʻpaytirishni oʻylashning oʻrniga ichki bozor toʻlgan mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayotgani qayd etildi.

Masalan, Uchqoʻrgʻon tumanida 40 million dollarlik 2 ta ip-kalava ishlab chiqarish zavodini qurish taklif etilgan. Vaholanki, Namangandagi 110 ming tonna ip-kalava ishlab chiqaradigan 24 ta korxona bor. Bu viloyatda olinadigan paxta tolasidan 1,5 barobar koʻp.

Yoki Ohangaron tumanida 35 ming tonna bazalt plitalari ishlab chiqarish reja qilinmoqda. Biroq respublikada 12 ta bunday korxona bor. Bozor topa olmagani uchun 6 tasi toʻxtab qolgan, 1 ta korxona sotuvga qoʻyilgan.

Sirdaryoda 10 dollar investitsiya atigi 1 dollarlik qoʻshilgan qiymat bermoqda. Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryodagi loyihalarda ham shu holat kuzatilgan.

Mutasaddilar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga 2026-yilgi investitsiya dasturiga kiritish taklif etilayotgan loyihalarning bozori, eksporti, yaratadigan qoʻshilgan qiymati va ish oʻrnini toʻliq tahlil qilish topshirildi.

Umuman, investitsiya loyihalari bilan ishlash boʻyicha yangi tizimga oʻtilishi belgilandi.

Faqat investitsiya olib kelib, loyihani ishga tushirish yetarli boʻlmasligi, balki har bir loyiha toʻliq ishlashi, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratib, tashqi bozorga chiqishiga, ish oʻrinlarini toʻliq saqlab qolishiga ham eʼtibor qaratiladi.

Buning uchun dasturga kirgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.

Oʻtgan yili texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish, uskuna olib kelish, moliyalash, infratuzilma, yer masalasi vaqtida hal boʻlmagani uchun 55 ta yirik loyiha kechikkan.

Shu bois, bu yilgi investitsiya dasturi doirasida qiymati 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinadi.