Xalqimiz tarixi, qadriyati, ilm-fani va madaniyat durdonalarini har tomonlama ilmiy oʻrganish va tahlil etish gʻoyat muhim. Bu haqda soʻz ketganda, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida keltirilgan quyidagi jumlalarni eslash oʻrinlidir: “Ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda butun maʼrifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning maʼnaviy mulki boʻlib, bu bebaho boylik yangi va yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, eng muhimi, yangi kashfiyotlar uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir”.
Mazkur qaror asosida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etishda uni qanday naqshlar bilan bezashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu bezaklar odatdagidek boʻlmay, mantiqiy yechimga ega, oʻzida tariximiz, davlatchiligimiz, ilm-fanimizga xos falsafiy maʼnoni mujassam etgan boʻlishi kerak edi.
Meʼmorlar, olimlar, sanʼatshunoslar oʻrtasida kechgan muhokamalar paytida Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi peshtoqida Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi uchun aynan mos naqshlarni topish mumkinligi toʻgʻrisidagi taklif ilgari surildi. Bu gʻoyani chuqur oʻrganish uchun mamlakatimiz qurilish vaziriga topshiriq berildi. Oʻsha kuni vazir bir qancha olim va meʼmorlarni yigʻib, Ulugʻbek madrasasi peshtoqidagi bezaklarni oʻrganish uchun Samarqandga yubordi.
Topshiriqqa asosan, 2018-yili olti oydan ortiq vaqt davomida ilmiy izlanish olib bordik. Natijada Ulugʻbek madrasasi peshtoqiga XV asrda Mirzo Ulugʻbek rahbarligida ishlangan astronomik bezakda butun olamning kosmogonik xaritasi tasviri aniqlandi. Ushbu xarita oʻsha davrda yaratilgan birinchi va dunyoda yagona nusxa hisoblanib, 600-yildan beri oʻz tadqiqotchilarini kutib kelmoqda edi. Bu yangilik haqida koʻplab olimlar ijobiy fikr bildirdi.
Jumladan, akademik Ahmadali Asqarovning yozishicha, ushbu xarita hozir Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy portali boʻlmish Ulugʻbek darvozasiga tushirilmoqda. Zotan, markaz binosining har bir darvozasi oʻz nomi va ramziy mazmuniga ega. Shundan soʻng tajribali olimlar va oʻnlab yosh mutaxassislar tadqiqotga jalb qilindi. Ulardan biri — yosh olim, arxitektura fanlari boʻyicha falsafa doktori Madina Soipova bilan birgalikda Mirzo Ulugʻbek qurdirgan meʼmoriy obidalarda, Zangiota maqbarasi, Shohizinda majmuasining kiraverish darvozasi peshtoqida, Tojmahal va boshqa meʼmoriy yodgorliklarda ham olamning kosmogonik xaritasi ramziy tasviri aks ettirilgani isbotlandi.
Islom sivilizatsiyasi markazi darvozalarining nomlanishi va ularning bezagida mantiqiy asos borligi dunyo olimlarini lol qoldirishi tabiiy. Prezidentimiz markazga tashrif chogʻida “Ushbu markaz milliy tariximiz va madaniyatimizni, milliy oʻzligimizni tiklash va yanada ravnaq toptirish yoʻlida yangi davrni boshlab beradi. Bu markaz Uchinchi Renessansning ilmiy poydevori boʻlishi kerak”, degan edi. Shuning uchun markazdagi meʼmoriy bezaklar shunchaki bezak emas, balki muayyan mantiqqa, hikmatlarga ega boʻlmoqda.
Shu darajadaki, tarixdan xabardor inson ularning ramziy maʼnosini ochib, kitob singari oʻqisa boʻladi. Olimlarga shunday vazifalar qoʻyildiki, Islom sivilizatsiyasi markazi shunday sanʼat asari boʻlishi lozim, toki dunyo olimlari koʻzi bilan qaraganda, har bir majmuaning har bir qismi, bezagi tomoshabinga, ziyoratchiga fikr bera olishi, oʻziga xos ramziy maʼnoga ega boʻlishi va eng zamonaviy dizaynda bezatilishi, asrlar davomida oʻz qiymatini va teran mohiyatini yoʻqotmasligi kerak.
Shu maʼnoda, jahon astronomiya ilmini larzaga solgan, olti yuz yildan ortiq vaqt davomida dunyo olimlari tilida doston boʻlgan buyuk olim Mirzo Ulugʻbek hayoti, ilmiy faoliyatini oʻrganish va tadqiq etish natijasida maʼlum boʻlayotgan ilmiy kashfiyotlar hanuzgacha bashariyatni lol qoldirmoqda. Ilmiy-maʼrifiy merosini tadqiq qilish boʻyicha oʻrganilgan maʼlumotlar bobomizning koʻp qirrali faoliyatini ochib berish bilan birga, nomini mangulikka muhrladi.
Mirzo Ulugʻbek barpo etgan meʼmoriy yodgorliklarga boqsak, oʻsha davrda tasviriy va amaliy sanʼat turlari naqadar yuksak darajada rivojlanganiga iqror boʻlamiz. U qurdirgan rasadxonaning ichki devori va shiftida falakiyot, Yer shari, yetti iqlim bilan bogʻliq kashfiyotlar, muhim belgi, ramz, timsol va raqamlar tasviri tushirilgan. Ularni Abdurazzoq Samarqandiy bunday taʼriflagan: “... U oliy bunyod va ulugʻsifat imoratning xonalari ichiga toʻqqiz falakning hayʼatiyu toʻqqiz (osmon) doiralari shakllari darajalar, daqiqalar, soniyalardan tortib to oshiralargacha (chizildi) hamda aylanuvchi falaklar, yetti sayyora, sobita yulduzlar koʻrinishi va yer kurrasi hayʼatiyu iqlimlar suvratlari togʻlar, biyobonlar, ...dilnazar naqshlaru, benazir raqamlar bilan darj etildi”.
Mirzo Ulugʻbekning doʻstlari va yaqinlari orasida Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi kabi mashhur matematik-astronomlar Ulugʻbek madrasasi devoriga (rasadxonada ham) yetti iqlim xaritasini chizganlar. Hozir yetti iqlim xaritasining qogʻozga koʻchirib olingan nusxasi saqlanadi. XV asrda Registonda qurilgan Ulugʻbek madrasasining tarxi oʻquv yurtlari kompozitsiyasiga xos. Hovli aylanasida ikki oshiyonli qilib talabalar uchun maxsus xonalar qurilgan.
Gʻarb tomonida masjid, binoning toʻrt tomonida talabalar yoz kunlari shugʻullanadigan enli ayvonlar joylashgan. Sharq tomonida ikki yonini yuksak minoralar egallagan. Ancha botiq ravoqning burchaklarida yulduz naqshli girih — yulduzli osmon tasvirlangan. Ulugʻbek uchun bu mavzu tasodifiy emas: u hayotini falakiyot ilmiga bagʻishlagan. Mazkur madrasa talabalari ushbu fanni egallashi zarurligi, taʼlim berish tartibi ayrim qoidalar doirasida cheklanmasligiga ishora qiladi.
Ulugʻbek madrasasi bezaklari geometrik, yozuvli va oʻsimliksimon naqshlardan iborat. Eng koʻp ishlatilgan naqsh geometrik girih, yaʼni handasiy naqshlardir. Bunday naqshlar juda katta matematik aniqlikni talab qiladi. Geometrik naqshlar borliqning aniq oʻlcham va shaklga egaligiga ishora qiladi. Yulduzsimon naqshlarning koʻp ishlatilgani Mirzo Ulugʻbek butun umrini falakiyot ilmiga bagʻishlagani dalilidir.
Ulugʻbek madrasasi peshtoqidagi bezaklarda galaktikalarning bir-biri bilan zanjirsimon, umumiy oʻzaro tortishish kuchi bilan bogʻlangan cheksiz gravitatsion tizim, yaʼni dunyo (metagalaktika) xaritasi oʻz aksini topgan. Bu koinotdagi barcha jismlar, sayyoralar tortishish qonuniga boʻysunganini ham bildirsa ajabmas. Shunday qilib, Mirzo Ulugʻbek fikr-mulohazalari va ilmiy farazlarini astrologik naqshlar orqali aks ettirishga muvaffaq boʻladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi milliy tariximiz va madaniyatimizni, milliy oʻzligimizni tiklash va yanada ravnaq toptirish yoʻlida yangi davrni boshlab beradi. Xalqimizning yuksak maʼrifati va maʼnaviyatini koʻrsatish, buyuk tariximizni oʻrganish, ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etib, dunyo ahliga taqdim qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari aytganidek, bu markaz xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy qudrati timsoli boʻlib qoladi.










