Tish doktoriga bordim. Eshikdan kirishim bilan oq xalat kiygan tanish ayolni ko'rib, to'g'risi, taajjublandim. Chunki u jurnalistika fakul`tetini tamomlaganini bilardim. Tishimni davolash asnosida hamma savollarimga javob oldim.
Buning o'ziga xos qiziq tarixi bor ekan. Ma'lum bo'lishicha, u avvaliga otasining qistovi bilan iqtisod yo'nalishida o'qigan. O'qishni tamomlagach, bu yo'nalishda ishlay olmagan. Boshqa sohani tanlash istagi bilan boshi qotgan chog'da onasi uni jurnalist bo'lishga undaydi. Shundan so'ng u oliy jurnalistika kurslarida tahsil olib, o'zini televidenie va matbuotda sinab ko'radi. Nimadandir ko'ngli to'lmagan qahramonimiz, tabiiyki, bu sohada ham uzoq ishlay olmaydi. Qaysi tashkilotga bormasin, vazifasini uddalay olmay ishdan bo'shagan.
Orada bir necha yillar ishsiz ham yurgan. Turmush qurib, farzandli bo'lgach, nihoyat kasb bo'yicha asl orzusini amalga oshirish istagida stomatologiya sohasida o'qiydi. O'qishni muvaffaqiyatli yakunlagach, klinikalardan birida faoliyat yurita boshlaydi. Ana shunda u haqiqatdan shu sohaga qiziqqani uchun uni yaxshi o'zlashtirganini, o'z ishidan zavq olib ishlashini his etadi. Mana shu zavq uni g'ayratlantiradi, kuch beradi. Shu bois, qisqa vaqtda hamkasblari va bemorlar e'tirofiga sazovor bo'ladi. U endi o'zi yaxshi ko'rgan, tushungan va qiziqqan kasb bilan mashg'ul bo'lish nima ekanini yaxshi anglagan edi.
Bolalikda “Kelajakda kim bo'lasan?” degan savol deyarli barchamizga berilgan. Unga har kim har xil javoblar bergan. Kimdir sohaga qiziqqani uchun, kimdir mutaxassislikning ijtimoiy nufuzi uchun, yana boshqasi ota-onasining ko'rsatmasiga ko'ra o'qimoqchi bo'ladi. Buning sabablari yana ko'p.
Umuman olganda, biz kasb tanlashga, butun umr mashg'ul bo'lishimiz kerak bo'lgan sohani tanlashga juda jo'n qaraymiz. To'g'rirog'i, birinchi galda shu kasbdan keladigan daromadni hisobga olamiz, shunday qilsak, eng maqbul yechimni topgan bo'lamiz, go'yo.
“Kim bo'lmoqchisan?” degan savolni bolamizga bersak-chi? Ochig'i, ko'p hollarda uning javobi bizga ham ma'qul kelsa, qo'llab-quvvatlaymiz. Aks holda gapini shart bo'lamiz-u, “yo'q, sen u kasb egasi bo'lmaysan, shu ham ishmi” qabilidagi gaplar bilan farzandimizning istaklariga qarshi boramiz. Bolamning kelajagi yaxshi bo'lsin, deya boshlagan mana shu harakatimizning o'ziyoq, aslida katta xato.
...Otasi uning huquq sohasida o'qishini, advokat bo'lishini istardi. Mana shu istakni amalga oshirish uchun advokatlar tayyorlaydigan oliygohda tahsil oldi. Kunlarning birida bezorilik qilib, bir necha oyga qamoqqa ham olinadi. U erdan sevgilisiga maktub yozadi. Xatda uning bor iztiroblari, qalbida tug'yon urayotgan muhabbat alamlari ifodalangan. Noma — “Yosh Verterning iztiroblari” asari edi. U toki qamoqdan chiqquncha suyuklisi mana shu maktublarni nashrga beradi. Juda qisqa vaqtda u mashhur bo'lib ketadi. Qamoqdan chiqqanida esa ko'plab odamlar dastxat olish uchun uni intiq kutib turishardi.
Shunda otasi unga shunday degan edi: “O'g'lim, sendan baribir yaxshi advokat chiqmas edi”. Aslida bu otaning adshganligining iqrori desak, yanglishmagan bo'lamiz.
Yuqorida keltirilgan asar nomidan anglagan bo'lsangiz kerak, gap mashhur yozuvchi Gyote haqida ketyapti. Otasining qistovi bilan huquq sohasini tanlagan yigit taqdir taqozosi bilan o'zi tushungan va qiziqqan mashg'ulot bilan shug'ullanib ko'rdi, ya'ni qalb amriga quloq soldi. Natijasi esa sizga ma'lum: ilq qadamlardanoq muvaffaqiyat qozondi. Asarlari qisqa fursatda ommalashib, katta shuhrat qozondi, keyinchalik mashhur yozuvchiga aylandi.
Keyinchalik dunyoga mashhur yozuvchi bo'lib tanilgan Frants Kafka ham dastlab otasining talabiga ko'ra yuridik sohada tahsil oladi. Ko'p vaqt shu yo'nalishda faoliyat olib boradi. Sil kasalligini orttirgach, uyda o'tirishga majbur bo'ladi. Ana shu davrda u baribir ijod bilan mashg'ul bo'ladi. Xat va kundaliklar, shuningdek, “evrilish” qissasi, “Jarayon” romanini yozadi. U yozganlarini ommaga ma'lum qilishni sira ham xohlamasdi. SHuning uchun o'limi oldidan yaqin do'stidan barcha qo'lyozmalarini yoqib yuborishga va'da berishini so'raydi. Do'sti esa kitobxonlarning baxtiga buni bajarmaydi. Aksincha, ularni nashr ettiradi. Sanoqli, ammo jahon adabiyoti durdonasiga aylangan asarlar muallifi Frants Kafka ehtimol avvaldan o'zi sevgan, iqtidori bor kasbni tanlaganida, yanayam ko'proq durdona asarlar yaratishga ulgurgan, balki hayot yo'llari ham butunlay boshqacha davom etgan bo'larmidi...
Har bir insonda qaysidir sohaga, kasbga layoqat bo'ladi. Ana shu layoqat bora-bora qobiliyatga aylanadi. Qobiliyat rivojlantirib borilsa va kattalar tomonidan qo'llab-quvvatlansa, kelajakda yuksak natijalarga erishishi mumkin. Farzandimizga yuqoridagi savolni ko'ndalang qo'yishimizdan oldin uning layoqat va qiziqishlarini aniqlashga harakat qilishimiz kerak. Bola nimadan zavq olyapti, nimalarga qiziqishi yuqori? Qachonki, diqqat markazimiz shularni aniqlashga qaratilsa, unga to'g'ri yo'lni ko'rsata olamiz. Buning uchun farzandlarimizga alohida vaqt ajratishimiz, ular bilan samimiy munosabatda bo'lishimiz lozim.
Faraz qiling, derazangiz tokchasida gultuvakda kaktus turibdi. Aytaylik, siz uning atirguldek g'uncha ochishini, nafis bo'y taratishini istab qoldingiz. Chunki siz atirgulni yoqtirganingiz uchun shuni hohladingiz. Ammo kaktus bu istagingizni bajara olmaydi. Chunki uning imkoniyatlari butunlay boshqa. Yoki shaftoli daraxtining terakka aylanishini kutmaymiz-ku.
Xuddi shunday har bir insonning o'z “men”i bor. Mana shu “men”da uning qobiliyati, layoqati, bajara oladigan vazifalari yashirin, lekin doim ham yuzaga chiqavermaydi. Ularni qachonki, bolamizga yaqin do'st bo'lsakkina ko'ra olamiz. Faqat bu borada “Mening bolam falon kasb egasi bo'ladi”, degan istagimizni keyingi o'ringa qo'yib turishimiz kerak.
...U juda harakatchan, ammo ko'p kasal bo'ladigan bola edi. erta bolalik chog'laridanoq sekin rivojlanib boruvchi karlikdan aziyat chekardi. Birinchi sinfda o'qir kezlari muallima uning qo'liga bir xatni tutqazdi va onasiga berishini tayinladi. Xatni o'qiyotgan onaizorning ko'zlarida yosh aylanar edi. “Muallimam nima deb yozgan ekan”, qiziqib so'radi o'g'il. Ona bolasiga o'qituvching sening biliming yuqori ekanligini, endi maktabga bormasang ham bo'lishini tayinlabdi, degan mazmunda javob berdi. Aslida esa maktubda “Sizning o'g'lingiz ruhiy kasal. Iltimos, uni ixtisoslashgan boshqa biror maktabga joylashtirsangiz. Hurmat bilan muallima” deb yozilgan edi. Ona bolasining ko'ngli sinmasligi, o'qishga, o'rganishga bo'lgan ishtiyoqi so'nmasligi uchun xatda aslida nima yozilganini aytmagan edi. O'g'lini o'zi uyda o'qitdi. Bolakay uyda juda ko'p mutolaa qilar edi. Aynan volidasi bilan o'tkazgan mashg'ulotlar unda ixtirochilikka qiziqish uyg'otgan. U umri davomida 1300 ga yaqin ixtiro qilgan. Telegraf, telefon, kinoapparatura, cho'g'lanma lampa, dastlabki elektrovozlar, fonograf shular jumlasidandir. O'sha ixtirochi XIX-XX asrlarning tengsiz daholaridan biri Tomas Edison edi.
Psixologlarning ta'kidlashicha, bola tug'ilganda o'z kasbi, o'z vazifasi bilan tug'iladi. Bu vazifa uning layoqati va qobiliyatidan kelib chiqib namoyon bo'ladi. Ko'pincha ota-onalar o'zlari bilmagan holda ana shu xususiyatlarni bo'g'ib qo'yishar ekan. Ularning bolani o'zlari orzu qilgan shaxsga aylantirish istagi ayrim hollarda mana shu xatoga sabab bo'ladi. To'g'ri, ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko'rmaydi. Shu bois, uning barchaga qulay, tinch, serdaromad kasb egasi bo'lishini istaydi. Ammo bu borada bolaning qiziqishlari ikkinchi o'ringa tushib qolishi kerak emas. Ota-onaning beradigan bilimi, iste'dodini rivojlantirish borasidagi harakati, unga ko'rsatadigan rag'bati bolaning juda katta yutuqlariga sabab bo'ladi.
Deylik, o'g'lingiz o'qituvchi bo'lishni xohlayapti. Siz esa unga o'qituvchilik qiyinligini, huquqshunos yoki iqtisodchi bo'lsa, har tomonlama yaxshi bo'lishini uqtirasiz. Shunday yo'l tutish to'g'rimikin, aslida? Buning o'rniga o'qituvchi bo'lib ham yuqori daromad topish mumkinligini, uning ijtimoiy mavqei yuqoriligi haqidagi fikrlarni qo'llab-quvvatlashimiz to'g'ri bo'lar... Uning ko'p daromad topishini istayapmizmi, maktabda dars berib ham, qo'shimcha ish sifatida tayyorlov kurslari ochish, harakat qilsa, barchasiga ulgurishi mumkinligini o'rgataylik, ko'maklashaylik.
Donishmandlar aytganidek, “Bolaning ichida daho yashaydi”. Shu ma'noda, har bir bolaning, albatta nimagadir qiziqishi, iqtidori bo'ladi. Faqat unga o'zini namoyon qilishda ko'mak berilsa bas. Mayli, bolamiz biz istagandek kasb egasi bo'lmasin. Keling, unga o'zi qiziqadigan, kelajakda boshqalarga ham foydasi tegadigan sohani tanlashida ko'maklashaylik. SHundagina uning qobiliyatlari, iqtidori nomoyon bo'ladi. eng muhimi, uning hayot yo'li oila, el-yurt ravnaqi uchun xizmat qilish istagi bilan uyg'unlashib ketadi.
Buni anglamoq uchun uzoqdan dallilar qidirish shart emas, atrofdagi voqea va jarayonlarga, o'zingiz bilgan insonlar hayotiga razm solishning o'zi yetarli.
Feruza JO'RAEVA