Aytish lozimki, anjumanda ishtirok etish uchun ming nafardan ziyod oftalmolog onlayn roʻyxatdan oʻtgan, shuningdek, yurtimizning 150 nafardan ziyod oftalmologlari – tibbiyot oliy taʼlim muassasalari oftalmologiya kafedralari mudirlari, professor olimlari, oftalmologik shifoxonalar, xususiy klinikalar rahbarlari, hududlarning bosh oftalmologlari taklif etilgan.
Anjuman dasturida oftalmologiyaning deyarli barcha yoʻnalishlaridagi dolzarb muammolar, keng tarqalgan koʻz kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari bilan bogʻliq mavzular qamrab olingan.
Tadbirda taʼkidlanishicha, yurtimizda tibbiyotga, xususan, oftalmologiya yoʻnalishiga katta eʼtibor qaratilayotgani sababli hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, birgina 2018-2020-yillarda 139 ta shunday uskunalar bilan taʼminlandi.
— Markaz oftalmologiya sohasi boʻyicha mamlakatimiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordamni tashkil etishni muvofiqlashtiruvchi va uslubiy muassasa hisoblanadi. Respublikada jami 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash boʻyicha 172 turda tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov. — Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 150 qatnovga moʻljallangan konsultativ-diagnostik poliklinika, 50 oʻrinli statsionar, kuniga 50-60 ta operatsiya bajarish imkonini beradigan 8 ta avtomatik jarrohlik stoli bir vaqtda ishlaydigan jarrohlik bloki mavjud.
Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari katarakta va glaukoma jarrohligi, rekonstruktiv jarrohlik, shox parda jarrohligi, lazer jarrohligi, bolalar koʻzining mikroxirurgiyasi, plastik jarrohlik, bolalar koʻzlarini zamonaviy maxsus kompyuter dasturlari asosida davolash, shuningdek, individual koʻz protezlarini yasash va qoʻyishdan iborat.
Katarakta kasalligida fakoemulsifikatsiya usulini qoʻllab, turli sunʼiy gavharlar, shuningdek, multifokal, yaʼni uzoq va yaqinni koʻzoynaksiz koʻrish imkonini beradigan sunʼiy gavhar implantatsiyasi amalga oshirilyapti. Har yili 3,5 mingdan ortiq shunday jarrohliklar bajariladi.
Markaz kasallangan shox pardani tiniq donor shox pardaga almashtirish jarrohlik amaliyotini amalga oshiradigan yagona koʻz klinikasidir. Donor AQSHning Florida shtati, Tampa shahridagi “Lions Eye Institute for Transplant and Research” nomli koʻz bankidan keltiriladi. Har yili 40 ga yaqin ogʻir shox parda kasalliklarida uni koʻchirib oʻtkazish jarrohlik amaliyoti bajariladi.
Hozirda yurtimizning 7 ta hududi (Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Fargʻona viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi)da markazning filiallari faoliyat koʻrsatyapti. Ularning barchasi yuqori texnologik uskunalar bilan taʼminlangan.
“Koʻz mikroxirurgiyasining dolzarb muammolari” mavzuidagi oftalmologlarning birinchi xalqaro Kongressi 17-sentyabrga qadar davom etadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.