Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov quyidagilarni ma'lum qildi:

2022 yil 1 avgustdan boshlab O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan har yili 500 nafargacha 14-30 yoshdagi nogironligi bo'lgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha (ya'ni 15 mln.gacha) bo'lgan miqdorda subsidiya ajratish tizimi yo'lga qo'yiladi.

 Subsidiya 2 ta yo'nalishda ajratiladi:

1. Nogironligi bo'lgan yoshlarga o'qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun;

2. Nogironligi bo'lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun.

Hujjatlar qanday qabul qilinadi?

Ariza beruvchi qarorga muvofiq subsidiya ajratishni so'rab murojaat qilgan o'n to'rt yoshga to'lgan va o'ttiz yoshdan oshmagan nogironligi bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, O'zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo'lgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxs (o'n olti yoshga to'lmagan shaxs nomidan murojaat qilgan uning qonuniy vakili) tomonidan nodavlat ta'lim tashkilotida o'qish yoki asbob-uskuna xarid qilish uchun subsidiya ajratishni so'rab davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Yoshlar ishlari agentligiga bevosita ariza yuboradi.

Arizalarni qabul qilish xizmati davlat xizmatlari markazi tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Qaysi yo'nalishlarda o'qish mumkin:

1. Xorijiy (ingliz, nemis, frantsuz, ispan, ital`yan, turk, koreys, yapon, xitoy, arab, fors, hind, pushtu, dariy) tillari;

2. Umumta'lim fanlari (Ona tili va adabiyot (o'zbek tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), Rus tili va adabiyoti, Tarix, Kimyo, Biologiya, Geografiya, Matematika, Fizika, Informatika);

3. Kasbiy ko'nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladigan zamonaviy kasblar (Veb dasturlash, grafik dizayn, moushn grafika, dijital marketing, SMM va shu kabilar.

Qanday asbob-uskunalar olish mumkin:

motokul`tivator, o't o'rish o'roq mashinalari, perforator, payvandlash apparatlari, o'simliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik, qurilish uskunalari, komp`yuter jamlanmasi va boshqalar.

Yuqoridagi jarayonlar mahallalardagi yoshlar etakchilari tomonidan monitoring qilib boriladi.

Ma'lumot uchun, joriy yilda 500 nafar talabgorga subsidiya ajratilgandan so'ng subsidiya berish uchun ariza qabul qilish to'xtatiladi. Keyingi yillar subsidiya ajratish uchun arizalar 2023 yildan boshlab har yili 10 yanvardan qabul qilinadi.