Shu bois, bu davlat bola koʻnglimda gʻoyat shirin shokoladlar vatani sifatida taassurot qoldirgan. Keyinchalik uning eng rivojlangan davlatlardan biri ekanini bilgach, dadam bilan yanada gʻururlanganman. Taqdir taqozosi bilan Germaniyada yashayotganimizga ham 8 yil boʻldi”.

Har qanday inson uchun tugʻilgan zaminidan yiroqda yashash, yot elda vatanning bir parchasini yaratib olish oson emasligini “Xorijdagi vatandosh”ning bu galgi qahramoni, ayni paytda Berlindagi Soliq maslahatchisi va auditori idorasi iqtisodchi-buxgalteri Sitora Usmonova chuqur his qiladi. Zero, u yevropacha va oʻzbekona dunyoqarash oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor, deydiganlar sirasidan. Yosh boʻlsa-da, vatandoshlarining chet elda farzand tarbiyasidek mashaqqatini yengillashtirishga, oʻzbek oilalarining oʻziga xosligini koʻrsatishga intilib yashayotgan qibraylik oʻzbek qizi bilan suhbatimiz asosan milliylik, qadriyatlar doirasida kechdi.

“Biz oʻzbekmiz, biz shundaymiz!”

Sitora Yevropada oila qurish oʻqish, ishlash, karyera, sayohatdan keyingi oʻrinda turishini Germaniyaga borgan kezlaridanoq tushunib yetgan. Tugʻilishning keskin kamayib ketganini u bu yerda oila haqida juda kech oʻylanayotganidan deb biladi.

— Bizda esa aksincha. Oila muqaddas, farzand bebaho neʼmat, inson hayotining mazmuni hisoblanadi, — deydi u.

Germaniyada oʻzbek ayoli sifatida yashash va qoʻni-qoʻshnilar bilan muloqot qilish uning zimmasidagi katta bir masʼuliyat edi. Qolaversa, otasi unga hamisha “germaniyaliklarga Oʻzbekistonni, oʻzbekligingni, tariximizni, milliy-urf odatlarimizni koʻrsatgin”, deb uqtiradi. Shunga koʻra, azaldan qadriyatlarimizga hurmati baland, har qanday ishni turmush oʻrtogʻidan bemaslahat qilmaydigan yosh oʻzbek ayoli mahalliy aholi bilan qaysi davrada boʻlmasin, albatta, sharqonalikni saqlaydi.

— Baʼzan meni notoʻgʻri ham tushunishgan. Yaʼni, oʻzbek ayollaridagi ibo-hayoni jurʼatsizlik, mehmonlarga mulozamatni esa oʻzini qadrlamaslik deya baholagan insonlar ham uchragan. Bunday vaziyatlarda turmush oʻrtogʻim meni doimo qoʻllab-quvvatlab, ularga “biz oʻzbekmiz, biz shundaymiz”, deb tushuntirar edi. Bora-bora ishxonada, mahallada, doʻstlar orasida ham mehmondoʻst oʻzbekistonliklar oilasi sifatida tanildik, — deydi Sitora.

10 yildan keyin nima boʻladi? Xato qilmayapmizmi?

— Oilada farzandlarimiz bilan oʻzbek tilida soʻzlashamiz, ularga oʻzbekona tarbiya berishga harakat qilyapmiz. Toʻgʻri, yaqinlar koʻmagisiz oila, ish, oʻqish hamda farzand tarbiyasi oson boʻlmaydi. Bu borada hanuz qiynalaman. Ayniqsa, imtihon kezlari juda ogʻir kechardi. Barcha kursdoshlarim darsdan keyin kutubxonaga borishsa, men farzandimni bogʻchadan olishga shoshardim. Darslarimni tayyorlashga kechasigina imkon boʻlardi.

Lekin shunda kasbiy taʼlimni (Ausbildung) yaxshi baholarga tugatdim, iqtisodchi-buxgalter boʻlib ishlayapman. Oʻziga yarasha mashaqqati bor, albatta. Germaniyada iqtisodchilarga aniq maqsadli, talabchan, rostgoʻy kishilar sifatida qarashadi. Faqat sonlar, statistika va qonunlar haqida oʻylash inson tabiatida anchagina jiddiylikni ham yuzaga keltiradi. Ayniqsa, audit idoralarida biror mijozda iqtisodiy muammo yuzaga kelsa, oʻta jiddiy yondashadilar. Bunday kayfiyat atrofdagi hamkasblarga ham taʼsir qiladi.

Hisobotlarni kechiktirmay topshirish esa qatʼiy talab. Shu bois, baʼzan tungacha ishlashga toʻgʻri keladi. GFS (Iqtisod maktabi)dagi dotsentlarimizdan biri bizga “Siz iqtisod doktorisiz, tashxis ham, tahlil ham, yechim ham toʻgʻri boʻlishi shart, buning uchun yangi bilimlar zarur”, deya koʻp aytadi. Shu maʼnoda, Germaniyada iqtisod kishisi tinmay oʻsishga tayyor boʻlishi kerak. Aks holda maoshi ham oshmaydi, pozitsiya ham oʻzgarmaydi.

Turmush oʻrtogʻim esa IT sohasida. Germaniyada bu sohada 10 yildan ziyod tajriba orttirib, oʻtgan yili oʻzining Befico GmbH IT Consulting firmasini ochdi. Hozir Yevropa bank tizimidagi loyihalarda faol ishtirok etyapti. Umuman olganda, farovon hayot kechiryapmiz. Ammo baʼzida oʻylanib qolaman, hatto qoʻrqib ketaman. Oʻzimga oʻzim “Germaniyada qolib xato qilmayapmizmi? Nimaga farzandim men bilan oʻzbek tilida muloqot qila olmayapti, 10 yildan keyin nima boʻladi”, degan savollarni beraveraman. Nazarimda, bolalarimizni Oʻzbekistondan uzib qoʻyayotgandekmiz. Vaholanki, Germaniyaga kelgan ilk kezlarimiz har qanday yurtda yashab, chiroyli hayot kechirish uchun oʻsha davlat tilidagi muloqot muhimligini anglab yetganmiz. Biroq, nima boʻlganda ham farzandlarimiz, avvalo, oʻz ona tilida ravon soʻzlashi, milliylikni anglashi kerak, deb oʻylayman. Toʻgʻri, soʻnggi yillarda Germaniyada oʻzbekistonliklar soni ortgani sabab oʻzaro mehmondorchilik, palov pishirish, oʻzbekona bayram dasturxonlari ancha ommalashdi. Bu Germaniyada oʻsayotgan oʻzbek farzandlari orasida mehmonnavozlik, muruvvat, oqibat kabi tushunchalarni shakllantirishga xizmat qilyapti. Lekin aksariyat oʻzbek bolalari nemis tilida muloqot qilishadi, ularga shunisi qulay. Bu holat xavotirimni oshirib, masalaga qandaydir yechim topishga undayveradi.

Biz uchun bolaning begonasi boʻlmaydi

– Bolaligimdan kitobga mehrim boʻlakcha. Har safar Oʻzbekistonga borganimda doʻkonlarni birma-bir aylanib, oʻzbek bolalar adabiyoti bilan tanishaman. Turfa kitoblar olib kelaman. Farzandim bilan, asosan, oʻzbek tilida mutolaa qilishga intilamiz. Uzundan-uzun matnlarni tushuna olmay bolamning diqqati oshardi. Ertakni oxiriga qadar eshitmas, chunki matnlar bolaning yoshiga nisbatan murakkab boʻlardi.

Bolalar adabiyotimiz ularning yoshiga koʻra toifalarga ajratilmagani, baʼzi kitoblarning sifati ham talab darajasida emasligi shunday payt bilinib qoladi. Germaniya bogʻchalarida esa bolalarga yoshi darajasidagi kitob oʻqib beriladi, ota-onalar ham buni qoʻllab-quvvatlaydi. Yangi kitoblar sovgʻa qilib turamiz. Har bir bola oʻz kitobini yasashi ham mumkin. Bolalar kitobni sevishni ota-onadan oʻrganishsa, uni oʻqib-tushunishni bogʻcha va maktabdan boshlashadi. Ularning televizor, telefon, umuman, elektron qurilmalardan foydalanishiga maktab yoshiga yetgunicha deyarli ruxsat berilmaydi.

Xoh metroda yuring, xoh avtobusda, odamlar qoʻlida kitob koʻrasiz. Hatto telefonida ham elektron kitoblarni oʻqib ketishadi. Oʻzim ham yoʻl-yoʻlakay audiokitoblar eshitib ketishni odatga aylantirdim.

Iqtisodchi sifatida ayta olamanki, Germaniyada koʻplab nashriyotlar katta daromad topishi sir emas. Buni statistik maʼlumotlar ham tasdiqlaydi. Chunki kitobga talab katta. Shaharlarning deyarli har bir dahasida katta-kichik kutubxonalar va bolalar kitob doʻkonlarining yangisidan tortib “second hand” (“ikkinchi qoʻl”)igacha uchratish mumkin. Oʻzbekistonda esa poligrafiya hali biznes darajasida yaxshi rivojlangani yoʻq. Agar mendan bu boradagi taklifimni soʻrashsa, bolalar adabiyoti rivoji uchun, avvalo, QQSdan voz kechish kerakmikin, derdim. Keyin esa oʻzbek tilidagi zamonaviy va sifatli bolalar adabiyotlarini koʻpaytirish zarurligini aytaman. Chet eldagi oʻzbekistonlik bolalar uchun sodda matnli, ammo zamonaviy grafik tasvirga ega, sifatli kitoblar kam yoki yoʻqligi ham ogʻriqli masala.

Germaniyada yashayotgan oʻzbek bolalari uchun sodda matnli kitob yozishga kirishar ekanman, avvaliga kitob gʻoyasini bir qancha nemis hamda ingliz nashriyotlariga koʻrsatdim. Ulardan “bizda oʻzbek tiliga talab yoʻq, oʻzbekcha taxrir qiladigan muharrir ham yoʻq” yoki “bizning kontentimizda odob-ahloq, salomlashish kabi mavzular yoritilmaydi” qabilida javob olsam-da, maqsadimdan qaytmadim. Xalqimiz bolaning begonasi boʻlmaydi, deydi-ku... Oʻzbek tilidagi sifatli kitobni bolalarimizga taqdim qilishni oʻylasam, ich-ichimdan hursand boʻlib ketardim. Nazarimda, shunday qilsam, vatanimga bir qadam boʻlsa ham yaqinlashadigandek edim.

Bir piyola choy ustida

Germaniya nashriyotlaridan najot boʻlmagach, Sitora kitob chiqarishning boshqa yoʻllarini qidira boshladi. Chop etilishini intiqib kutgani — “Quyoshli tong” nomli birinchi kitobchasini bolajonlarga oʻz hisobidan boʻlsa-da, Yevropa standartida taqdim etishga qaror qildi.

Kitob bahona koʻp yillardan beri Germaniyada istiqomat qilib kelayotgan, “Humo Olmon” jamiyati hamda “Baxtli oila” loyihasining tashkiliy ishlari vakillaridan biri, pedagog-psixolog Habiba opa Hamdamova bilan ham tanishib oldi. Opa Myunxen shahridagi yosh oʻzbek oilalariga, yosh ijodkorlarga moʻljallangan va bola tarbiyasi boʻyicha qator tadbirlarni tashkillashtiradi. Koʻplab oʻzbek onalariga farzand tarbiyasida yordamini ayamay kelayotgan bu ayol “Quyoshli tong”ni Germaniyadagi oʻzbek oilalariga tarqatishga ham katta hissa qoʻshdi.

Qahramonimiz ikki yil davomida yozgan kitobida serquyosh Oʻzbekistonimizning betakror tongidan boshlanadigan urf-odatlarimiz — salomlashish odobi, kattalarga hurmat, oʻzaro mehr-oqibat, oiladagi hamjixatlik, qoʻyingki, oʻzbekona fazilatlarni imkon qadar mujassam etdi. Kitobda choynak va piyolamiz ham alohida tasvirlandi. Zero, Sitoraning nazdida xalqimizning “bir piyola choy ustida”gi qadriyatida hikmat koʻp. Aniqrogʻi, oʻlmas qadriyatlarimizning bir uchi bir piyola choy ustidagi doʻstlik rishtalariga borib taqaladigandek. Shu maʼnoda, oʻzbek bolalari choynak va piyolaga muhabbatli boʻlishi kerak. Chunonchi, Germaniyada mehmondoʻstlik degan tushuncha yoʻq.

— Koʻpchilik oʻzbeklarimiz bundan xafa ham boʻlishadi, — deydi Sitora. — Bu yerda bir-birimizdan uzoqlashib ketyapmiz. Hamma oʻzi bilan oʻzi, vatanimizdagidek oqibat yoʻq, deb oʻksinishadi. Aslida mehmondoʻstlik, qarindosh-urugʻlarning bordi-keldisi kabi urf-odatlar qadriyatimiz, oʻzbekonalik. Shu sabab uni saqlab qolish, tiklash, rivojlantirish har bir oʻzbekistonlikning oʻziga bogʻliq.

Vatandoshlarimiz yutuqlaridan kuch olamiz

Hozir ilk mualliflik asarining nemischa talqini ustida ishlayotgan Sitora shu yilning may oyida “Quyoshli tong”ni ikki tilda “Amazon” orqali dunyoviy nashrga chiqarishga musharraf boʻlgandi. Kitob AQSH, Janubiy Koreya, Italiyadagi oʻzbek bolalariga ham ulashilmoqda.

— Shu yil Oʻzbekistondan kelganimizdan soʻng Italiyadagi Oʻzbek madaniy markazi rahbari Komila Qirgʻizova menga “Quyoshli tong”ni Italiyada ham tarjima qilib nashr etishni taklif qildi. Albatta, rozi boʻldim. Agar kengash tasdiqlasa, kitobim Italiyada ham chop etiladi, — deydi Sitora. — Bolalarimizning yoshiga, qobiliyatiga mos boʻlgan yangi-yangi, milliy hamda zamonaviy oʻzbek bolalar adabiyotlari sonini koʻpaytirishni reja qilganman. Zero, xayolan Vatandaman. Har bir yozganimda ona zaminimga bir qadam boʻlsa ham yaqinlikni his qilmoqdaman. Bu esa menga zavq beradi. Shunday payt Oʻzbekistonga borgan, aeroportda koʻzyoshlarimni tiyolmay, yaqinlarim bagʻriga shoshilgan onlarim yodga tushadi. Biroq, u yerda ham ekologik muammolar paydo boʻlayotganidan xavotirlanaman. Havoning ifloslanib borayotgani, daraxtlar kamayib ketayotgani, koʻngilochar, dam olish maskanlarida yigʻilib qolgan chiqindilar koʻngilni xira qiladi. Axir biz bunday xalq emasdik-ku...

Yana bir gapni albatta aytishni istardimki, gazetangizda xorijdagi vatandoshlarimiz haqida berib borilayotgan maqolalar shaxsan men uchun juda manfaatli boʻlmoqda. Chunki ular orqali chet eldagi oʻzbek vatandoshlarimiz yutuqlaridan xabar topib quvonamiz, ruhlanamiz, kuch olamiz. Zero, oʻzimiz ham ularning safidamiz. Barchamiz bir maqsad — kelajagimiz vorislarining porloq ertasi uchun olis yurtlarda yashab, ishlab yuribmiz. Oʻzbek bolalari ham sifatli, zamonaviy oʻzbek adabiyotlarini oʻqishini chin dildan istayman. Bolalar adabiyotini rivojlantirish borasida bir qancha loyihalarim bor. Oʻz vatanimizda ularni qoʻllab-quvvatlovchilar boʻlsa, oʻzbek bolalariga zamonaviy, sifatli va jahon standartidagi adabiyotlarni taqdim etishga tayyorman.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri