Harakatlar strategiyasi — yangi uygʻonish davrining dasturi

    Fikr 13 Yanvar 2021 4009

    Aniq strategiya va uning istiqboliga qatʼiy ishongan insonlar, uzoqni koʻra olish qobiliyatiga ega boʻlmagan kishilarga nisbatan hayotning turli burilishlariyu kutilmagan hodisalariga tayyorroq boʻladi va ularni yaxshiroq yengib oʻta oladi, degan edi Uinston Cherchill. Toʻrt yil oldin davlatimiz, jamiyatimiz rivojida keskin burilish yasagan taraqqiyot taʼlimoti — Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

    Har birimiz, har bir oila hayotida uning tutgan oʻrnini idrok etish uchun 2016-yildan avval mamlakatda vujudga kelgan holatni xolisona eslash kerak. Koʻp yillar mobaynida jurʼatsizlik tufayli dadil qadamlarni tashlamasdan, muammolar yechimini paysalga solib, real vaziyatni ochiq aytishdan qoʻrqib, berkitib yurildi. Biz butun mustaqil davlatlar hamjamiyatida eng oxirgi boʻlib milliy valyutamizni joriy etdik.

    Oʻzgarishlarning zamini — haqiqiy xususiylashtirishga kirishilmadi. Haqqoniy iqtisodiy tashxis oʻrniga maqtanchoqlik, oʻzimizni bir qandaydir soxta, uydirma raqamlar bilan yupatib, oʻzining qandaydir manfaatlariga ega, hech kim tanimaydigan “xorijiy ekspertlar”ning maqtoviga mahliyo boʻlib yurdik. Natijada nihoyatda xatarli vaziyat vujudga keldi. Aholi turmush darajasining pasayishi, ishsizlik, davlat organlarining xalq bilan bogʻliqligi yoʻqolishi, iqtisodiy erkinlik va inson huquqlarini poymol qilish, korrupsiya, byurokratizm hamda boshqa avj olgan illatlar oqibatida xalqning davlat hokimiyatiga boʻlgan ishonchsizligi kuchaydi.

    Eslayman: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida rektorlik qilgan paytimdagi bitiruvchilar 2015-yilda uchrashuv qiladigan boʻldi. Aniq boʻldiki, 10 yil avval dargohni tugatgan 55 nafar kursdoshning 49 nafari chet elda ishlayotgan ekan. Nima uchun ular oʻz mamlakatida ish topolmadi yoki ishlagisi kelmadi? Aminman: buning sababi ularda vatanparvarlik tuygʻusi yetishmaganida emas, oʻsha paytdagi muhit ularni Vatandan siqib chiqargan. Mamlakatda dehqonlar nima yetishtirishi va uni qanday narxda sotishi yuqoridan belgilab qoʻyiladigan tartib joriy qilinib, paxta xomashyosi qimmatbaho eksport moli hisoblansa-da, fermerlarga yetishtirilgan hosil uchun dunyo bozorlaridagi narxning kichik bir qismi toʻlanar, paxta yetishtirish daromadsiz boʻlib, dehqonlar eski sovet “majburlash-buyruqbozlik” tizimida ishlab keldi. Shu sabab paxta terish maktab oʻquvchilari, talabalar, oʻqituvchi, shifokorlar va boshqa “hasharchilar” zimmasiga yuklanar va shu bois Oʻzbekiston qator xalqaro “qora roʻyxatlar”ga kiritilib beobroʻ boʻlib qolgan edi.

    Taniqli iqtisodchilar D.Ajemoglu, J.Robinson oʻzlarining 2012-yilda chiqqan mashhur “Nima uchun mamlakatlar muvaffaqiyatsiz boʻladi: hokimiyat, farovonlik va kambagʻallikning kelib chiqishi” degan kitobida Oʻzbekistonni “hozirgi kunda ekstraktiv (yaʼni aholining keng qatlamlari oʻz faoliyatidan kelib chiqqan daromadlarini taqsimlash jarayonidan bebahra qiladigan — S.S.) iqtisodiy tizim tufayli tanazzulga uchrayotgan mamlakatlar” qatoriga kiritgan edi. Jahon Banki maʼlumotlariga koʻra, 2015-yilga kelib Oʻzbekistonga kelib tushgan xorijiy investitsiyalar yalpi hajmi atigi 1,06 milliard dollarni tashkil qildi. Bu qoʻshni Qozogʻistonga nisbatan 6 marotaba kam boʻlgan. Hatto Qirgʻiziston koʻproq sarmoya jalb qilishga qodir edi.

    Kishi boshiga kelgan investitsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston mintaqada eng soʻnggi oʻrinni egallab turgan. Diplomatiyaning oltin qoidasi — “dushman orttirish oson, hamkor koʻpaytirish darkor” prinsipini esdan chiqargan edik. Oʻsha davrda bizga xayrixoh, doʻst davlatni topish amrimahol edi. Tuturiqsiz tashqi siyosat sababli Markaziy Osiyo va Afgʻoniston — yon qoʻshni davlatlar bilan, ming yillik qon-qardosh xalqlar bilan yuzkoʻrmas boʻlib qolgandik. Bir chaqirim narida — chegara ortida yashayotgan jigarlarimizning issiq-sovuq maʼrakasida qatnashish uchun ming azobda qanchadan-qancha hujjatbozliklarni yengib, hadiksirab oʻtib, manzilga yetib borguncha marosim tarqab, mulzam boʻlib, bir dardimiz ikki karra ortardi.

    ***

    2016-yilda davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan Shavkat Mirziyoyevga ana shunday ogʻir yuk meros boʻlib qolgandi. Davlatni halokat yoqasidan olib chiqib ketish favqulodda choralar, favqulodda jasorat, favqulodda shijoat talab qilardi. Prezident ana shu masʼuliyatni dadil zimmasiga oldi hamda boshqalarni ham ishonch bilan oʻz ortidan ergashtirdi. Buyuk davlat rahbarlariga doimo xos boʻlgan fazilatlardan eng muhimi bu yuksak tafakkur, hodisalar rivojini oldindan koʻrish, jarayonlarning rivoji va yoʻnalishini ilmiy bashorat qila bilishdir.

    Prezidentimiz jamiyatimiz ahvolini chuqur tahliliga asoslangan holda yangilangan ichki va tashqi siyosat dasturi zarurligini asoslab berdi va ilgari surdi. Oʻzgarishlar jamiyatimiz, davlatimiz rivojlanishining yangi mafkurasini belgiladi. Xalq anchadan beri kutilgan oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatladi. Chunki islohotlar insonlar orzu-istaklari va umidlariga hamohang edi. Men uchun bir narsa ravshan: agar oʻz vaqtida davlat boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirilmaganda, joylarga yangi vakolatlar berilmaganda, parlament, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari roli koʻtarilmaganda, iqtisodiy islohotlar boshlanmaganda, inson huquqini kafolatlashga yangicha yondashuv tatbiq etilmaganda va batamom yangi tashqi siyosat olib borilmaganda — bugungi kunda mamlakatimizdagi vaziyat nihoyatda ogʻir boʻlar edi.

    ***

    Harakatlar strategiyasi nafaqat eng yetuk mutaxassislar, balki xalq, keng jamoatchilikning fikr va mulohazalarini oʻzida mujassamlagani uning idrokiy quvvatini yana-da oshirdi. Jamiyatimizning har bir qatlamida, barcha hududlarda ushbu hujjat jonli, katta qiziqish bilan muhokama etilganiga barchamiz guvoh boʻldik. Minglab takliflar ilgari surildi va bu xalqimizning ortib borayotgan siyosiy ongi va faolligi, mustahkam ijtimoiy pozitsiyasi va boʻlayotgan hodisalarga daxldorligi, befarq emasligining dalolatidir. Harakatlar startegiyasining ahamiyati faqatgina nazariy masalalar bilan cheklanmaydi, albatta. Bu hujjatda mamlakatimizni isloh etish uchun zarur boʻlgan amaliy choralar dasturi aniqlangan.

    U avvalo, Oʻzbekiston milliy manfaatlarini taʼminlash, ayni vaqtda umumbashariy demokratik jarayonlarning chuqur tahlili asosida ishlab chiqilgan boʻlib, uning gʻoyalari umuminsoniy taraqqiyot tamoyillariga toʻla-toʻkis mos tushadi. Ushbu hujjatga vatanimiz va xorijda katta eʼtibor qaratildi va chuqur qiziqish bilan oʻrganildi. Yaxshi eslayman, oʻsha kezlarda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Jahon Bankining vitse-prezidenti S.Myuller bilan boʻlgan suhbat chogʻida Harakatlar strategiyasini sinchiklab oʻrganib chiqqanini qayd etib, shuni taʼkidladiki, “bu juda kuchli, muayyan ravishda tarixiy hujjat. U Oʻzbekistonda yangi davr boshlanganini ifodalaydi va unda mamlakat rivojida yangi dinamikani belgilovchi yangicha dunyoqarash va yangilangan yondashuvlar bayon etilgan”.

    ***

    Fikrimcha, yangilangan siyosatning eng muhim, koʻzga tashlanadigan mohiyati shundan iboratki, u balandparvoz, havoyi shiorlarga asoslangan dasturlardan voz kechib, tom maʼnoda inson ehtiyojlarini ilgari surishni oʻzining asosiy va bosh maqsadi deb belgiladi. Shu jumladan, hududlardagi vaziyatga xolisona nazar tashlash, odamlarni bezovta qilayotgan muammolarni berkitmasdan ularni hal qilish yoʻllarini izlash, topish va yechish yotadi. Harakatlar strategiyasida zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri — taraqqiyot nazariyasiga oid batamom yangi soʻz aytildi.

    Avvalambor, bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiyotni tubdan modernizatsiya qilish uchun chuqur siyosiy islohotlar, davlat boshqaruv tizimini zarurligini har tomonlama asoslab berishiga taalluqlidir. Ushbu chuqur, Yevropa va Osiyo davlatlari tajribasi tahlili asosida qilingan xulosa shuni isbotlaydiki, jadal iqtisodiy oʻsish, rivoj langan bozor iqtisodiyoti, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish zamonaviy siyosiy tuzilma — rivojlanishning huquqiy asoslarini barpo etish va takomillashtirishni talab qiladi. Bejiz emaski, Harakatlar strategiyasi aynan davlat boshqaruv va sud-huquq, inson erkinliklarini taʼminlash tizimlarini takomillashtirishga bagʻishlangan qismlardan boshlanadi. Kecha odamlarni besabab quvib yurgan ichki ishlar xodimlari bugun chinakam huquq muhofazachisiga, xalq xizmatchisiga aylanyapti.

    Prokuratura vakillari yurtdoshlarimizga qanday yordam kerak deb, uyma-uy yurishibdi. Qachon shunday boʻlgan? Harakatlar strategiyasini amalga oshirish natijasida hokimiyatga yangi avlod siyosatchilar kelmoqda. Ular aksariyat holda jahonning eng nufuzli universitetlarida taʼlim olgan, dunyo koʻrgan, shijoatli shaxslar. Barcha darajadagi davlat organlari va boʻgʻinlari faoliyatiga tobora shaffoflik, hisobdorlik xos boʻlmoqda. Yillar mobaynida chetga chiqarib qoʻyilgan fuqarolik jamiyati jonlanmoqda. Aynan shu asnoda pandemiya davrida ijtimoiy hamkorlik, inqirozga qarshi choralarning milliy protokoli yaratildi.

    Ommaviy axborot vositalari tom maʼnoda xalq ovozi, toʻrtinchi hokimiyatga aylanmoqda, katta auditoriyaga ega boʻlgan qariyb 300 ga yaqin xususiy va idoraviy Internet nashrlari tashkil etildi. Siyosatchilarimiz, hukumat va parlament aʼzolarini xalq endi tanimoqda. Insonlarda daxldorlik va uning natijasida masʼuliyat paydo boʻlmoqda. Harakatlar strategiyasi asosidagi islohotlar iqtisodiy manyovr qobiliyatini yaratdi. Jahon iqtisodiyotidagi muammolarga qaramasdan yangi islohotlar yillari mobaynida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 20 foizga oʻsdi. Nihoyatda ogʻir pandemiya sharoitida, uning oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan 82 trillion soʻmlik (qariyb 8 milliard AQSH dollari) kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

    Aholining asosiy qismi oʻzining daromad manbalari va turmush darajasini saqlab qolishiga erishildi. Nufuzli moliya tashkilotlari dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida Oʻzbekistonda iqtisodiyotning pasayishiga yoʻl qoʻyilmaganini taʼkidlamoqda. Karantin cheklovlariga qaramasdan, keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirildi. Misol uchun, 1985-yilda, yaʼni sobiq sovet davlati eng kuchga toʻlgan paytda Toshkent shahrida 1 million kv. metr turar joy qurilgan edi. 90 yillarda bu koʻrsatkich minimal darajaga pasayib ketdi.

    Oʻtgan yili, pandemiya bilan bogʻliq cheklovlarga qaramasdan poytaxtimizda 4 million kv.metr uy-joy barpo etildi. Mamlakat tarixida birinchi bor kambagʻallik muammosining mavjudligi tan olinib, kambagʻal qatlam aholining 12-15 foiz atrofida ekanligi taʼkidlandi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tashkil qilindi. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi. Pandemiya sharoitida bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi.

    ***

    Tashqi siyosat sohasiga oid muhim yangi yondashuvlar tatbiq etildi, tom maʼnoda burilish amalga oshirildi. Oʻzbekiston tashqi siyosati batamom yangi xarakterga va yangi mazmunga ega boʻldi. Chinakam milliy manfaatlarni ilgari suruvchi tashqi siyosat vujudga keldi. Uning negizida davlatlararo obyektiv qarama-qarshiliklar va tabiiy manfaatlar toʻqnashuvi, mavjud boʻlgan muammolar boʻyicha muloqotga tayyorlik, milliy manfaatlarni soʻzsiz va qatʼiy qoʻllab-quvvatlagan holda oqilona murosaga intilishga boʻlgan munosabatni namoyish etish yotadi.

    Bu mamlakat yangi rahbariyatining mintaqadagi vaziyatni chuqur anglashi, muammolarni hal qilishga yangicha yondashishi va mamlakatning xalqaro obroʻsini mustahkamlash omilining ifodasi boʻldi. Oʻnlab yillar davomida eng yuqori darajadagi koʻp tomonlama muloqot deyarli yoʻqligidan soʻng, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari oʻrtasida rasmiy va norasmiy aloqalar amaliyoti tiklandi. Yaqinda muqarrar boʻlib koʻringan mintaqa davlatlari oʻrtasidagi toʻqnashuvlar endi bemaʼni ssenariyga oʻxshaydi.

    Bugungi kunda hech qanday koʻp tomonlama mintaqaviy tadbir Afgʻoniston vakillarisiz oʻtmaydi. Va hozirgi kunda ushbu mamlakat mintaqaviy jarayonlarning uzviy qismi sifatida qabul qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqani dengiz portlari bilan bogʻlovchi trans-afgʻon temiryoʻl yoʻlagi masalasi koʻndalang qoʻyildi. Bu Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiy aloqalarida ishtirok etish salohiyatini oshiradigan strategik loyihalarni tatbiq qilishda misli koʻrilmagan imkoniyatlarni ochib beradi.

    Davlatimiz rahbari oʻzining birinchi xorijiy tashriflarini aynan qoʻshni davlatlardan boshlagani eʼtiborga sazovor. Esimda, 2017-yilning boshida Qozogʻistonga boʻlgan tashrif chogʻida qoʻshni mamlakat lideri, katta xalqaro obroʻ va taʼsirga ega boʻlgan shaxs Nursulton Nazarboyev chuqur samimiyat bilan Oʻzbekiston Prezidentiga qarata “biz Siz boshlagan oʻzgarishlarni 25 yil kutgandik” degan edi. Agar Prezidentimizning tashqi siyosiy dasturiga qisqa taʼrif berilsa, uni yangi yoʻllar ochish strategiyasi deb ifodalash mumkin.

    Buni keng maʼnoda tushunmoq lozim — hamkorlik, savdo, muloqot uchun toʻsiqlar bartaraf etilmoqda va bu oʻz samarasini namoyish qilmoqda. Harakatlar strategiyasining tashqi siyosatga oid qismi bu — hozirgi zamon sharoitida Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklash dasturidir. Oʻzbekiston orqali oʻtadigan marshrutlarning jozibadorligini oshirishga yoʻnaltirilgan strategiya muhim ahamiyatga ega, chunki tranzit salohiyati — eng daromadli tovar hisoblanadi. Bu siyosatning maqsadi faqatgina tor maʼnodagi iqtisodiy samara emas. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda: “bir paytlar mamlakatlarimiz hududidan oʻtgan va butun sayyoramizning asosiy transport arteriyasi boʻlgan Buyuk Ipak yoʻlining yangi sharoitida qayta tiklanishini... tinch lik va farovonlikni taʼminlashni anglatadi”. Harakatlar strategiyasining amaliy natijalari haqida gap ketganda alohida taʼkidlash kerakki, xalqaro miqyosda yangi, batamom oʻzga qiyofaga ega Oʻzbekiston paydo boʻldi. Mamlakatning jahondagi obroʻsi va taʼsiri misli koʻrilmagan darajada koʻtarildi.

    Bunga misollar koʻp. Ulardan bittasi — BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida “Trast fondi”ning tuzilishidir. Prezidentimiz tomonidan 2017-yilda ilgari surilgan bu tashabbus qisqa davr mobaynida amalga oshirilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi boʻldi. Maʼlumki, xalqaro kreditlar hammaga ham berilmaydi. Yurtimizda esa bugun 3 milliard dollarlik imtiyozli kredit va grantlar jalb etish dasturi amalga oshirilmoqda. Ularning 700 millioni ishbilarmonlar va banklarni qoʻllab-quvvatlashga, 300 millioni kommunal xoʻjalik infratuzilmasi uzluksiz harakat qilishini taʼminlashga yoʻnaltiriladi. Yaqinda Osiyo Rivojlanish Banki Oʻzbekistonga tibbiyot tizimi va epidemiologik xizmat modernizatsiyasiga 100 million dollar ajratishini eʼlon qildi. Pandemiya tufayli, iqtisodiyot murakkab davrni boshidan kechirayotgan pallada bu pul qayerdan olinardi?

    ***

    Oʻzbekistonning tamoman yangi mazmunga ega boʻlgan tashqi iqtisodiy faoliyati asoslari shakl landi. Bugungi kunda investitsiyalar uchun global va mintaqaviy raqobat kuchli — agar ilgari investorlar bozorlarga kirish uchun kurashgan boʻlsa, endi davlatlar kapitalni jalb qilish uchun raqobatlashmoqda. Strategiyani ishlab chiqish paytida Prezidentimiz bergan birinchi koʻrsatmalardan biri bu investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi ishlarning holatini tanqidiy tahlil qilishdan iborat boʻldi. Soʻnggi yillarda Strategiyani amalga oshirish doirasida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning huquqiy va institutsional asoslarini yaratish boʻyicha muhim ishlar amalga oshirildi.

    Sarmoyalar siyosati natijasi oʻlaroq iqtisodiyot tizimida jiddiy ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Oʻzbekistonga sarmoya yoʻnaltirayotgan davlatlar soni 50 dan oshdi. BMTning YUNKTAD tashkiloti maʼlumotiga koʻra mamlakat Markaziy Osiyoda investitsiyalar oqimining oʻsishi koʻrsatkichi boʻyicha yetakchi davlatga aylandi. Bir necha yil avval paxta tolasining atigi toʻrtdan biri oʻzimizda qayta ishlangan boʻlsa, yaqin kelajakda barcha yetishtirilgan paxta hosili mamlakatimizning oʻzida qayta ishlanadi. Bu esa milliy daromad ortishiga olib kelmoqda. Agar avvallari katta mashaqqat bilan yetishtirilgan paxta eksportidan koʻpi bilan 1 milliard dollar atrofida daromad olingan boʻlsa, oʻtgan yil oʻzbek tayyor tekstil mahsuloti mamlakatga 2 milliard dollar foyda keltirdi. Oʻzbekiston oʻz suveren reytingiga ega boʻldi va jahon xalqaro moliyaviy bozorida toʻlaqonli aʼzo sifatida faoliyat boshladi. Yevropa Banki milliy valyutamizda birinchi kreditlarni berdi — bu juda katta yutuq.

    ***

    Harakatlar strategiyasi — amaliy harakat dasturidir. Oʻzbekistonning yangilangan ichki va tashqi siyosati jamiyatimizda katta umidlarni uygʻotdi. Mavjud muammolarga qaramasdan, bu siyosat yurtdoshlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda va xalqaro miqyosda nihoyatda yuqori baholanyapti. Shu bilan birga, bir narsani anglamoq lozim: islohotlar, agar ular chinakam islohotlar boʻlsa, hech qachon oson oʻtmaydi. Insoniyat tarixi shuni uqtiradiki, chuqur islohotlar, ayniqsa, boshlangʻich bosqichda, doimo muammolarni, ziddiyatlarni keskinlashtiradi. Islohotlar uchun vaqt doimo tansiq, ular har doim tahlika bilan bogʻliq. Oʻzgarishlarni barqarorlikka putur yetkazmasdan amalga oshira bilish — eng katta muammo va katta sanʼatdir. Ishonch bilan aytamiz: uzoqni koʻzlagan bugungi shiddatli saʼy-harakatlarning xayrli natijalari uzoq kuttirmaydi. Bir necha yillarda Harakatlar strategiyasining bugungidan ham yorqinroq samaralarini koʻramiz.

    Sodiq SAFOYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari