Mazkur saylovlarda fuqarolarimiz faol ishtirok etib, oʻzining erkin xohish-irodasini, yuksak huquqiy ongi va siyosiy madaniyatini yaqqol namoyon etdi.

Saylovda Sh.M.Mirziyoyev katta farq bilan gʻalaba qozondi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosimda Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar toʻgʻrisida nutq soʻzladi.

Kelgusi besh yillikka moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi yetti yoʻnalishdan iborat boʻlishi qayd etildi.

Birinchidanerkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishga qaratiladi hamda kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga oʻtkaziladi. Markaziy idoralar transformatsiya qilinib, ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi, bir xil yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi.

Ikkinchi yoʻnalishda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadr-qimmatini taʼminlash vazifalari qamrab olinadi.

Uchinchi yoʻnalishda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish,
2030-yilga borib, jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga chiqish maqsad qilinyapti.

Toʻrtinchidan, sifatli taʼlim-tarbiya masalasi doimiy eʼtibor markazida boʻladi, oʻqituvchilarning oylik maoshini izchil oshirib borilib, 2025-yilga qadar 1 ming dollar miqdoriga yetkazish koʻzda tutilgan. Yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning barcha bosqichlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlashga qaratilgan Milliy taʼlim dasturi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, fuqarolar salomatligini saqlash uchun barcha sharoit yaratiladi. Kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshi ham
1 ming dollar ekvivalentiga yetkazish rejalashtirilyapti.

Beshinchi yoʻnalishni asosan maʼnaviy va maʼrifiy sohalarni rivojlantirish tashkil etadi. Shu maqsadda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Madaniyat va sanʼatni yuksaltirish, yoshlarni sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Oltinchidan, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Yettinchi yoʻnalishda mamlakatimizdagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalar oʻz ifodasini topgan. Qurolli Kuchlarimizning qudrati yanada oshirilishi, harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligi kuchaytiriladi.

Mazkur muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezonga aylanadi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi.

Elbek Eshmurodov,

Toshkent davlat yuridik universitetining

Ixtisoslashtirilgan filiali

“Xususiy huquqiy fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi.