Bugungi kunda jahonda, xususan mintaqamizda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozga qaramasdan, Oʻzbekiston mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlab, xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida tashqi siyosiy faoliyat sohasida oʻzining asosiy prinsiplari, strategik maqsad va vazifalariga sobit qolib kelmoqda.
Soʻnggi yillarda takomillashayotgan tashqi siyosatga oid milliy qonunchilik hamda Oʻzbekiston hukumati tomonidan belgilangan qatʼiy siyosiy pozitsiyaga muvofiq, yaʼni boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, chegaralarning daxlsizligi, kuch ishlatmaslik, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish qoidalariga amal qilish, shuningdek hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va obyektlarini mamlakat hududida joylashishiga va harbiy xizmatchilarimizning xorijdagi tinchlik oʻrnatish bilan bogʻliq operatsiyalar va harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaslik kabi tamoyillarga asosan, Oʻzbekistonning tashqi siyosati batamom yangi mazmun-mohiyatga ega boʻldi.
Maʼlumki, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazining 2022–2026.strategy.uz hamda Hukumatning regulation.gov.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Yettita ustuvor yoʻnalishdan iborat “Taraqqiyot strategiyasi” va uni 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasida “ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish”ga oid bir qator strategik maqsadlar va vazifalar belgilangan.
Xususan, Taraqqiyot strategiyasida:
- Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatidagi rolini oshirish;
- Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish;
- Anʼanaviy hamkorlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish;
- BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish;
- Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish;
- Jahon hamjamiyati auditoriyasida mamlakatimiz imijini oshirishga qaratilgan axborotlar yetkazish samaradorligini oshirish;
- Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan Oʻzbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish kabi aniq va muhim strategik maqsadlar oʻz aksini topgan.
Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi”ni joriy “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid “yoʻl xaritasi” loyihasining ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yoʻnalishi boʻyicha ham qator dolzarb vazifalar belgilangan.
Jumladan, “yoʻl xaritasi”da Markaziy Osiyo davlatlari, anʼanaviy hamkor va yetakchi mamlakatlar, shuningdek nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish, ular bilan muvozanatli va doimiy muloqot olib borish orqali mamlakat milliy manfaatlarini faol ilgari surish nazarda tutilgan.
Qolaversa, Oʻzbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yoʻnalishi boʻlmish Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona, ahil qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadida oliy darajadagi muloqot va ikki tomonlama hamkorlikning barcha formatdagi mexanizmlaridan samarali foydalanish koʻzda tutilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini har yili muntazam tashkil qilishni taʼminlash va ularda faol ishtirok etish hamda Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha vazifalar muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, aniq chora-tadbirlar qatorida Qozogʻiston va Turkmaniston bilan chegaraoldi erkin savdo hududlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻllari loyihalarini jadallashtirish, qoʻshni davlatlarda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi muxbirlik punktlarini ochish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan koʻp qirrali munosabatlarini rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish, MDH mamlakatlari bilan anʼanaviy strategik hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek Osiyo, Yevropa, Amerika, Afrika va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi strategik sheriklar va hamkorlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, BMT va uning muassasalari bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekiston tashqi siyosatda iqtisodiy diplomatiya samaradorligini oshirish, jumladan, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bozoriga samarali kirish singari ustuvor vazifalar belgilangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish maqsadida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining qamrovini kengaytirish, yangi diplomatik vakolatxonalarni ochish, jahon sahnasida Oʻzbekiston imijini ilgari surish hamda mamlakatdagi islohotlar va demokratik yangilash jarayonlari haqida xolis axborot tarqatishni samarali davom ettirish, xorijiy davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, Alisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etish hamda “Oʻzbekiston madaniyat kunlari” kabi tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, “Harakatlar strategiyasi” doirasida tashqi siyosat yoʻnalishida amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ahil qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash hamda yetakchi xorijiy davlatlar bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha saʼy-harakatlari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarga asoslangan tashabbuslarni ilgari surilishi va ularning xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida Oʻzbekistonning xalqaro maydonda obroʻsi ortishi bilan birga, mintaqamiz ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylandi.
Eʼtiborlisi, joriy yilda Oʻzbekistonning uchta nufuzli xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida raislik qilishi, shuningdek mamlakatimizda mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning rejalashtirilayotganligi Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyati va koʻp tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, hozirda jahon miqyosida kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi, global iqtisodiy inqiroz, taʼsir doirasi va tabiiy resurslar uchun tobora avj olayotgan mintaqalardagi geosiyosiy raqobat va mafkuraviy kurash sharoitida Oʻzbekistonda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash hamda xalqaro maydonda oʻzaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni izchil olib borish, milliy manfaatlarni faol ilgari surish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Oʻz navbatida, “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi”da belgilangan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yoʻnalishidagi ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish va strategik maqsadlar erishish alohida eʼtiborga molikdir.
Farrux Hakimov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi