Harbiy soha va ilm-fan integratsiyasi yurtimiz tinch-osoyishta va barqaror rivojlanishining asosiy kafolati

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 22-yanvar sonida innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning “Harbiy soha va ilm-fan integratsiyasi yurtimiz tinch-osoyishta va barqaror rivojlanishining asosiy kafolati” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Shu yil 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi barcha vazirlik va tuzilmalar uchun birdek ahamiyatli boʻldi. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda mudofaa tizimining jangovar salohiyatini oshirish boʻyicha juda katta ishlar qilindi. Harbiy boshqaruv tizimi deyarli yangidan barpo etildi. Harbiy-maʼmuriy sektorlar tuzildi. Qoʻshin turlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan mexanizmlar yoʻlga qoʻyildi. Eng murakkab vazifalarni ham tezkorlik bilan bajarishga qodir boʻlgan boʻlinmalar tashkil etildi. Qoʻshinlarning jangovar va ruhiy tayyorgarlik darajasi oshdi.

    Tariximizda birinchi marta oʻz mohiyatiga koʻra noyob tizim — harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga joylardagi davlat hokimiyati organlarini faol jalb etish, “Armiya va xalq — bir tanu bir jondir” degan ulugʻ gʻoyani amalda taʼminlashga hissa qoʻshishga imkon yaratdi.

    Davlatimiz rahbari eng muhim vazifalardan biri — bu xalq bilan yaqinlashish, mudofaaning aholi bilan jipsligi va yaxlitligi masalasi ekanini taʼkidladi. Sodda qilib aytganda, xalq oʻz davlatining qoʻshiniga toʻla ishonishi va qoʻllab-quvvatlashi, armiya esa oʻz xalqining ishonchi va qudratini his qilib turishi kerak. Mazkur masalaga davlatimiz rahbari avval ham bir necha marotaba toʻxtalgan. Chunonchi, oʻtgan yilning yanvar oyida Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrifi chogʻida barcha darajadagi qoʻmondonlik va boshqaruv organlari faoliyatini takomillashtirish, qoʻshinlarda avtomatlashtirilgan bosh qaruv vositalari va komplekslarni joriy qilish orqali ularning hamkorlikdagi operativ va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash istiqboldagi dolzarb vazifalardan ekanini taʼkidlagan. Mamlakatimiz aholisi va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bugungi kunimizning dolzarb vazifalaridan biri ekanini qayd etib, “Oʻz farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega boʻlmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”, degan edi.

    Harbiy xizmatchilar safidan qobiliyatli va zakovatlilarini aniqlash, ularga oʻz qobiliyatini namoyon qilishi uchun sharoit yaratib berish muhim masalalardan sanaladi. Bu borada Innovatsion rivojlanish va Mudofaa vazirliklari hamkorligida “Askardan maktub” loyihasi amalga oshirilganidan koʻpchilikning xabari bor. Loyihada yaqinlari milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan yoshlar, taʼlim muassasalari va harbiy qismlardagi taʼlim jarayoni ishtirokchilari — oʻqituvchilar, harbiy instruktorlar, psixologlar, askar va ofitserlar ishtirok etdi. Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti muddatli xizmatchilari ishtirokida boshlangan loyiha yoshlarda faol hayotiy pozitsiya, Vatanga muhabbat, uning tarixiy merosiga hurmat, millat manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan. Eng muhimi, har bir harbiy xizmatchi oʻz yaqinlari, jigarlariga maktub orqali armiya ruhiyatini muntazam singdirib borishi, oʻzaro muloqotlarda olis qishloqlarda ulgʻayayotgan uka va singillariga armiyadagi intizomiy tarbiyadan bir qismini ulashib, ularda vatanparvarlikni shakllantirishga bilvosita koʻmakchi boʻlishi maqsad qilingan edi. Zero, bu milliy armiyamiz ruhiyatining xalq orasida keng tarqalishidagi kichik, biroq ahamiyati katta qadam. Oramizda yoshligida askar akalaridan olgan maktubdan quvonib, ularga javob yozib, askar boʻlish orzusida yongan avlod vakillari talaygina. Bu anʼanani zamonaviy axborot almashinuvi makonida tezkor va muntazam amalga oshirish katta ahamiyat kasb etadi.

    Ikkinchi muhim jihat milliy mudofaamizga ilm-fan yutuqlarini integratsiya qilishdan iborat. Mamlakat chegaralari mavjud moddiy chegaralardan tashqari, suv va havo chegaralarimizning xavfsizligi, epidemiologik, axborot va kiberxavfsizlik kabi turli sohalarni oʻz ichiga oladi. Ilm-fan yutuqlari mazkur xavfsizlikning yuqori darajada boʻlishini taʼminlab beradi.

    XXI asr ilm-fan, bio va nanotexnologiyalar, yangi materiallar, axborot-kommunikatsiya va kognitiv texnologiyalar davri boʻlib tarixga kirdi. Yangi Oʻzbekiston muhitida ishlab chiqarishni energiya va resurs tejamkor texnologiyalarga oʻtkazish, muayyan xususiyatlarga ega materiallar va tirik organizmlarni yaratish vazifasi oldimizda turibdi. Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, AQSH, Xitoy kabi davlatlar bu sohada tadqiqotlar olib borayotganiga ancha yil boʻlgan. Bu davlatlar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha raqobatda boʻlib, mutlaq yetakchilikka intilmoqda. Oʻzbekiston mavjud resurslarni texnologiyalar rivojiga yoʻnaltirish orqali taraqqiy etgan mamlakatlar qatoridan oʻrin olish uchun jadal islohotlarni amalga oshirayotir.

    Tibbiy-biologik texnologiyalar, sunʼiy intellekt elementlari boʻlgan kibertexnologiyalar, robotlashtirilgan boshqaruv endi xayolot mahsuli emas, aniq ishlab chiqarishga tatbiq etilayotgan reallikdir. Zero, mudofaa tizimi va sanoati ilmfan hamda innovatsion rivojlanishning dray veri boʻlib, ilmiy koʻlamdor mahsulotlar bozorini yaratish va ommalashtirishda katta oʻrin egallaydi. Prezidentimiz xavfsizlik kengashining yigʻilishida asosiy urgʻuni bejiz ilm-fan, innovatsiyalar va raqamlashtirish texnologiyalariga bermadi. Chunki aholi turmushida foydalanilayotgan, hozir biz uchun oddiy buyumlar — teflon qoplamalari, internet, mikrotoʻlqinli pech, suyuq mahsulotlarni sublimatsiya qilish, dronlar kabi koʻplab kashfiyotlar harbiy sanoat orqali turmushimizga kirib kelgan.

    Shunday ekan, davlatimizning mudofaa, xavfsizlik sohasidagi ilmiy izlanishlarni qoʻllab-quvvatlab, sohaga soʻnggi ilmiy izlanishlar natijalari joriy etish hamda harbiy sohadagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirishni yanada kengaytirish muhim. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bundan besh yil avval mudofaa tizimida harbiy ilm-fanga deyarli eʼtibor yoʻqligi, ilmiy tadqiqotlar umuman, oʻz holiga tashlab qoʻyilgani va ularga kam mablagʻ ajratilgani ham haqiqat edi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan soʻnggi yillarda mazkur sohada qator ishlar bajarildi. Jumladan, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida maxsus yoʻnalishlar boʻyicha 2019-2022-yillarda umumiy qiymati 48,3 milliard soʻmlik 37 ta loyiha moliyalashtirildi. Bu oʻtgan davrl arga qaraganda, 20-30 barobar koʻp degani.

    Shuningdek, 2018-2021-yillarda axborot texnologiyalari sohasida umumiy qiymati 21,1 milliard soʻmlik 34 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Ularni amalga oshirish natijasida 270 ta yangi ish oʻrni ochildi. Uchuvchisiz apparatlar va GIS texnologiyalardan foydalangan holda yetib borish qiy in boʻlgan hududlarni monitoring va tahlil qilish hamda maʼlumotlar yigʻish, koʻp funksiyali mobil qurilmalar, milliy intellektual kameralarni das turlash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha korxonalariga raqamli iqtisodiyot axborot xavfsizligini taʼminlash uchun SeCube boshqaruv tizimi platformasini joriy etish kabi loyihalarning amaliyotga joriy etilgani aynan xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

    Jamiyat va davlat xavfsizligining muhim boʻgʻinlaridan biri axborot xavfsizligidir. Biz aksariyat maʼlumotlar elektron serverlarda saqlanadigan va bunday tartib tobora keng quloch yoyayotgan davrda yashayapmiz. Bu maʼlumotlarni yigʻish, tartibga solish va saqlash masalaning bir tarafi boʻlsa, ularning xavfsizligini taʼminlash yana bir vazifamizdir. Shu maqsadda axborot xavfsizligi sohasida umumiy qiymati 17 milliard soʻmlik 12 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi.

    Yuz tasvirini qayta ishlash asosida shaxsni tanib olish algoritmlari va dasturiy taʼminotini yaratish, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida transport vositalari raqamini tanib oluvchi, transport vositasini boshqarayotgan shaxs identifikatsiyasi, real vaqtda shaxslarni qidirish va identifikatsiyalash uchun dasturiy mahsulot yaratish, axborot xavfsizligini taʼminlash tizimlarida foydalanuvchilarni biometrik avtorizatsiyalashning integrallashgan texnologiyalari nazariyasini yaratish kabi loyihalar shular jumlasidan.

    Poytaxtimizning Talabalar shaharchasida oʻtgan yilning oktyabr oyida foydalanishga topshirilgan INNO innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkida Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda 25 million soʻmlik innovatsion “Harbiy toʻplam” prototipi yaratildi. Ular maxsus boʻlinma qoʻshinlarida foydalaniladigan bosh kiyim (kaska), bronejilet va oʻqotar qurol uchun qoʻshimcha qurilmalardan iborat. Ulardan bronejiletga toʻxtaladigan boʻlsak, askar holatini oʻrganish maqsadida unga koʻp funksiyali metamonitoring moslamasi ulandi. Natijada EKG moduliga ulangan qurilma yordamida askarning yurak urish pulsi va harorati aniqlanadi. GPS qurilmasi yordamida joylashgan oʻrni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar monitoring qilish bazasiga muttasil yuborib turiladi.

    Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy oliy taʼlim muassasalari talabalari ilmga chanqoq va innovatsion fikrlaydigan yoshlardan iborat boʻlgani bois, ular taqdim etayotgan koʻplab loyihalar ham eʼtibordan chetda qolmayapti. Iqtidorli yoshlarning loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy oliy taʼlim muassasalari talabalarining umumiy qiymati 60 million soʻmlik 3 ta innovatsion loyihasi moliyalashtirildi.

    Bu yoʻnalishda xalqaro hamkorlik ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Turkiya Kiberxavfsizlik federatsiyasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan, 2022-yilda “Kiberxavfsizlik va kriptografiya laboratoriyasi hamda Yoshlar akademiyasining 300 nafar aʼzosi uchun Turkiyada kiberxavfsizlik va kriptografiya kurslarini tashkil etish rejalashtirildi. Turkiyaning eng yirik ilmiy-tadqiqot muassasasi — TUBITAK BILGEM kompaniyasining kiberxavfsizlik, yarimoʻtkazgichlar, bulut texnologiyalar hamda kriptografiya boʻyicha dasturiy mahsulotlarini transfer qilish hamda shu yoʻnalishlarda vazirlik xodimlari va Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

    Mamlakat xavfsizligining yana bir omili aholi salomatligi bilan bogʻliq. Hozir Innovatsion rivoj lanish vazirligi tomonidan COVID-19 infeksiyasiga oid umumiy qiymati 36,3 milliard soʻmlik 19 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi. Koronavirusga qarshi 6 turdagi yangi mahalliy vaksina yaratildi, 2 ta mahalliy vaksina Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan nomzod vaksina sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi.

    Xitoylik olimlar bilan hammualliflikda SARS-CoV-2 infeksiyasiga qarshi yangi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi yaratilgani esa global pandemiya davrida xalqimiz salomatligini tom maʼnoda himoya qilishga imkon berdi. Oʻtgan yil davomida 21,5 million doza ZF-UZ-VAC 2001 oʻzbek- xitoy vaksinasi Xitoydan keltirilgan boʻlsa, mazkur vaksinaning qoʻshimcha 17,2 million dozasi yurtimizda ishlab chiqarildi va aholini emlash uchun yetkazildi.

    Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari harbiy ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish, bunda sohaga eng yetuk, malakali professor-oʻqituvchilarni jalb qilish, ilmiy tadqiqotlarni yanada kuchaytirish, iqtidorli askarlarni saralab olib, ularni eng zamonaviy yoʻnalishlarga jalb qilgan holda milliy armiyamizni yanada kuchaytirish zarurligini takror-takror aytdi. Bu ishlarda har bir tashkilot rahbari oʻz dasturi va takliflarini amalga oshirishini qatʼiy belgilab berdi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalardan kelib chiqqan holda, mudofaa va xavfsizlik sohasiga oid bir qancha takliflarni ilgari surmoqda. Avvalo, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy taʼlim tizimidagi eng malakali oʻqituvchilarni harbiy taʼlimga jalb qilish, harbiy soha va ilm-fan integratsiyasi uchun zarur boʻlgan platformalarni tayyorlash lozim. Shu bilan birga, vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasining iqtidorli aʼzolarini harbiy- ilmiy tadqiqotlarga safarbar qilish, eng yaxshi gʻoya va izlanishlarni qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirish gʻoyat muhim. Buning uchun joriy yilda maxsus ilmiy va startap loyihalar tanlovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan. Yoshlar akademiyasi aʼzolari orasidan munosib nomzodlarni saralab olib, ularni harbiy sohaga jalb qilish, qoʻllab-quvvatlash uchun sharoit yaratish, shuningdek, tanlovlar oʻtkazish yoʻli bilan harbiy xizmatchilar orasidagi qobiliyatli xizmatchilarni aniqlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish uchun koʻmaklashish zarur. Buning uchun vazirligimiz tomonidan yoʻlga qoʻyilgan TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni imkoniyatlaridan foydalanish samara beradi, deb oʻylaymiz. Harbiy soha xizmatchilari bilan mahallalar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion hududlarda mahalla va harbiy soha sherikligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha ham ishlarni amalga oshirishimiz talab etiladi. Mamlakatimiz ilm-fan namoyandalari davlatimiz rahbari belgilab bergan shunday ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun bor kuch-gʻayratini, bilim va salohiyatini safarbar etadi.