Harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan askarlarni uylariga kuzatish marosimi boʻldi

    390 nafar harbiy xizmatchilarning ota-onalariga Milliy gvardiya qoʻmondonligi nomidan tashakkurnomalar yuborildi

    Milliy gvardiya Markaziy devoni hamda hududiy boʻlinmalarida muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytayotgan muddatli harbiy xizmatchilarga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun tavsiyanomalar va namunali xizmat qilgan askarlarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Mamayusupov ishtirok etib, muddatli harbiy xizmatchilarning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi. Bu kabi tadbirlar respublikaning barcha hududlaridagi Milliy gvardiya harbiy qismlarida oʻtkazildi.

    Muddatli harbiy xizmatni namunali oʻtagan 390 nafar harbiy xizmatchilarning ota-onalariga Milliy gvardiya qoʻmondonligi nomidan tashakkurnomalar yuborildi.

    Shuningdek, harbiy qismlarda jamoat tartibini saqlashga jalb etilgan muddatli harbiy xizmatchilarning jamoat tartibini saqlash va fuqarolar hayotini saqlab qolish kabi fidoyi xizmatlari qoʻmondon tomonidan eʼtirof etilib, esdalik qoʻl soati bilan ragʻbatlantirildi.

    Xizmatni namunali oʻtab, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 1396 nafar muddatli harbiy xizmatchiga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun tavsiyanomalar berildi.

    Milliy gvardiya tizimida kadrlar tayyorlash masalasi hamda kadrlar rezervini yaratish maqsadida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatga va qoʻriqlash xizmatiga xodim sifatida 2282 nafar muddatli harbiy xizmatchilar harbiy-kasbiy saralashdan oʻtkazilib, 1483 nafari sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdilar.

    Hozirgi kunda 150 nafarga yaqin muddatli harbiy xizmatchilarni kelgusida Milliy gvardiya tizimida kontrakt asosida xizmat oʻtash uchun olib qolishni rejalashtirilgan.

    Milliy gvardiya tizimida xizmatni oʻtab uylariga qaytarilayotgan 3150 ga yaqin muddatli harbiy xizmatchilar ham kelgusida fuqarolik jamiyatida oʻz oʻrnini topib, davlatimiz ravnaqi va taraqqiyoti uchun oʻz hisclarini qoʻshadilar.

    Milliy gvardiya tizimida xizmatni oʻtab qaytgan barcha muddatli harbiy xizmatchilar doimo eʼtibor markazida boʻladi hamda ularni kelgusida oʻqish va ishga joylashtirish boʻyicha yordamlar amalga oshiriladi. Ular Toshkent temir yoʻl vokzalida xizmatdoshlari bilan xayrlashib, viloyatlariga joʻnab ketishdi.