Unda murakkab sunʼiy toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish, uzoq masofaga marshni amalga oshirish, jang sharoitida yaradorga tez tibbiy yordam koʻrsatish hamda ishtirokchilarning tungi sharoitda harbiy topografiya boʻyicha bilim va mahoratlari sinovdan oʻtkazildi.
10 ga yaqin toʻsiqlarni oʻzida jamlagan, uzunligi 900 metr boʻlgan yoʻlakdan oʻtish bahslarida Oʻzbekistonlik oʻgʻlonlar ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, ushbu shartda tengsiz ekanliklarini yana bir bor namoyon etishdi.
Balandligi 8 metr boʻlgan murakkab shakldagi yogʻoch toʻsiqqa chiqish va toʻrli arqondan foydalanib undan tushish, kengligi chamasi 20 metr boʻlgan suv havzasidan arqon yordamida oʻtish, notekis va nostandart muvozanatga ega boʻlgan turli sunʼiy toʻsiqlardan oʻtish kabi kishidan katta jismoniy kuch talab etadigan ushbu majmuaviy mashqlarda hamyurtimiz kichik serjant Xayrullo Olimov 9 daqiqayu 20 soniya vaqt sarflab, musobaqa rekordini yangiladi.
Musobaqaning keyingi shartida ishtirokchilardan 18 kg yuk bilan belgilangan vaqt oraligʻida 20 kilometrlik masofani bosib oʻtish talab etildi. Mazkur shartda har ikki harbiy xizmatchimiz ham raqiblaridan ildam harakatlanib, marra chizigʻini 2 soatu 2 daqiqada bosib oʻtib, musobaqa natijalarini yangilashga erishdi.
Jang maydonida tibbiy yordam koʻrsatish mashqida ishtirokchilar 4 ta oʻquv savoli boʻyicha sinovdan oʻtishdi. Unga koʻra 4 nafar turli koʻrinishdagi yaralangan jangchilarni jang maydonidan olib chiqish, ulardagi shikastlanish darajasini aniqlash, tashqi hayot belgilariga qarab birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, shuningdek, yopiq yoki ochiq sinish kabi jarohat olganlarga tezkor muolaja qilish hamda ularni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish vazifalarini bajarishdi.
Shu kuni tungi sharoitlarda harbiy topografiya boʻyicha ishtirokchilarning bilim va koʻnikmalari ham tekshirildi. Ushbu shartda ham harbiy xizmatchilarimiz yaxshi natijalarni koʻrsatib zarur ballarni qoʻlga kiritishdi. Dastlab ular musobaqa tashkilotchilari tomonidan berilgan 5 ta nuqta koordinatalarini xaritalarda toʻgʻri belgilab, soʻngra ajratilgan 4 soat vaqt ichida 20 kilometr radiusdagi ushbu nuqtalarni topishdi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, harbiylarimiz zamonaviy navigatsiya vositalarisiz, yovvoyi hayvonot olamiga ega boʻlgan nomaʼlum hududda, xususan botqoqlik va qalin oʻrmonzorda harakatlanishiga toʻgʻri keldi. Mardligi va shijoati baland yigitlarimiz bu shartni ham mezbon ishtirokchilar bilan tengma-teng uddalashdi.
Musobaqaning soʻnggi bosqichida ishtirokchilar turli rusumdagi qurollardan oʻt ochish, artilleriya olovini yoʻnaltirish hamda test sinovlarida bellashadi.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 18-aprelda start olgan ushbu musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz shaʼnini himoya qilayotgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari III darajali serjant Dilmurod Sulaymonov hamda kichik serjant Xayrullo Olimovlar estefeta hamda uzoq masofaga yugurish shartlarida ham shu kungacha qayd etilgan musobaqa rekordini yangilagan, oʻzbekistonlik harbiylar 2019-yilda ham ushbu musobaqada I oʻrinni qoʻlga kiritishgan edi, deb xabar beradi AQSHning Missisipi shtatidan Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.