Mashina haydab ketayotganimda to'satdan oldimdan piyoda chiqib qoldi. To'g'ri, mashina signalini ketma-ket qattiq bosdim. Shu atrofda YPX xodimi meni kuzatib turgan ekan. U meni behudaga ko'p marta tovush ishorasini berishda ayblab, jarimaga tortmoqchi bo'lyapti, shu to'g'rimi?
Mashina haydab ketayotganda tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda berilishi kerak:
- aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o'tish haqida ogohlantirish uchun;
- zarur bo'lgan hollarda yo'l-transport hodisasining oldini olish uchun.
Bulardan tashqari vaziyatlarda tovushli ishoralardan foydalanish taqiqlangan.
Tovush signalini sababsiz berish BHM ning 1 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.
Agarda bir marta tovush signalini berish etarli bo'lishiga qaramasdan ketma-ket tovush signali berilgan bo'lsa, bu sababsiz tovush signali berish deb topilishi mumkin.
YPX xodimi harakatlaridan norozi haydovchi sudga murojaat qilishi mumkin.
Savolga “Adolat” MHAM mas'ul xodimi Salamat Turemuratov javob berdi.