Shu nuqtayi nazardan mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish, xususan, xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish maqsadida joriy yil 25-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

Qarorda malaka oshirish tizimini tubdan yangilaydigan, taʼlimdagi muammolarni hal qiladigan, yaqin besh yilda natijasini koʻrsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan maqsadlar qamrab olindi.

Mazkur qaror bilan xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Unda xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, tizimda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, taʼlim tashkilotlarini ilmiy darajali kadrlar bilan taʼminlash va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Vazifalar ijrosi — muvaffaqiyat garovi

Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida 500 mingdan ziyod oʻqituvchi, mutaxassis va rahbar xodimlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning kasbiy malakasini oshirishning shakllangan tizimini isloh qilish mazkur tizim faoliyatini tartibga soluvchi koʻplab meʼyoriy hujjatlarni tanqidiy tahlil qilish, takomillashtirish va mutlaqo yangi hujjatlar ishlab chiqishni taqozo qiladi. Shuning uchun ham xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimining meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish asosiy vazifalardan etib belgilandi. Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan xalq taʼlimi vazirligi rahbarligida institutimiz mutaxassislari tomonidan 20 dan ortiq hujjat ishlab chiqildi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi kabi qator tashkilotlar bilan birgaliqda tasdiqlandi.

Xalq taʼlimi tizimining, xususan, umumiy oʻrta taʼlimning saviyasi koʻp jihatdan unda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning kasbiy salohiyati bilan belgilanadi. Maktabdagi taʼlim sifati undagi oʻqituvchilarning saviyasidan yuqori boʻlolmaydi. Ushbu obyektiv haqiqatlar tizimdagi, xususan, maktablardagi taʼlim sifati ularda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning kasb mahoratiga bogʻliqligini ifodalaydi. Shuning uchun ham qarorda belgilangan vazifalarning aksariyati aynan xalq taʼlimi xodimlarining kasbiy rivojlantirish tizimini isloh qilishga qaratilgan.

Ushbu yoʻnalishda xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirishning amalda boʻlgan va 3-5 davriylikka asoslangan hamda zamon talablariga javob bera olmayotgan tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlandi. 2021-yil mart oyidan boshlab xalq taʼlimi xodimlarining har yili malakasini oshirishni koʻzda tutuvchi Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi joriy etildi.

Mazkur tizim xalq taʼlimi muassasalari pedagoglariga 36 soat, rahbar va mutaxassis xodimlarga 30 soat hajmdagi malaka oshirish dasturlarini ular istagan vaqt va joyda oʻzlashtirish imkoniyatini beradi. Bu tartibga koʻra, xodimlar malaka oshirish uchun avvaldan belgilab qoʻyilgan va oʻzgartirilishi mumkin boʻlmagan hududiy malaka oshirish muassasasida belgilangan muddatda malaka oshirish majburiyatidan ozod qilinib, xohlagan ixtisos lashgan taʼlim muassasasida, jumladan, pedagogik yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasasi va nodavlat taʼlim muassasalarida ham malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻldi. Taqdim etilgan yana bir qulaylik — “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasi pedagoglarning mustaqil taʼlim olishi uchun cheksiz imkoniyatlar yaratdi. Bundan toʻlaqonli foydalanish uchun malaka oshirish taʼlimida kredit modul tizimi joriy etildi. Unga koʻra, xodim malaka oshirish dasturini xohlagan vaqt, muddat va suraʼtda oʻzlashtirishi va belgilangan kreditlarni toʻplashi mumkin. Belgilangan kredit ballarini nafaqat tasdiqlangan malaka oshirish kurslarida, balki oʻzlarining kasbiy ehtiyojidan kelib chiqib maqsadli, muammoli va mualliflik kurslarida ham oʻqish orqali toʻplashi mumkin.

Islohotlar ilmiy-tadqiqotlar natijalariga asoslanadi

Har qanday islohot puxta va ilmiy jihatdan asoslangan rejalarga muvofiq amalga oshiriladi. Institutimiz oʻz ilmiy faoliyatini xalq taʼlimi tizimida mavjud muammolarni oʻrganishdan boshladi va oʻrganishlar natijasida 26 ta ilmiy muammo aniqlandi.

Institut tarkibidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot boʻlimining ixtisoslashuvidan kelib chiqib, mazkur muammolar boʻyicha ilmiy izlanishlar boshlab yuborildi. Bunda har bir muammoni hal qilishda alohida loyiha sifatida yondashuv asosida, olib borilayotgan tadqiqotlar amaliy natijalar bilan tugashiga va ular tizim faoliyatiga amalda joriy etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, xalq taʼlimi xodimlarining kasbiy standartlarini yaratish bilan bogʻliq muammolar “Umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻqituvchisining kasbiy standartini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha metodik qoʻllanma yaratish va trener-testologlarni tayyorlash” loyihasi, xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanish taʼlimini joriy etishga doir muammolar “UPGRADE” loyihasi, maktablardagi taʼlim sifati va oʻquvchilarning bilim saviyasini baholashga doir muammolar “Umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarining ona tili (oʻzbek tili) fani boʻyicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish” kabi qator loyihalarni amalga oshirish orqali hal etilmoqda.

Mazkur loyihalarni bajarishda nafaqat institutimiz ilmiy xodimlari, shu bilan birga, tanlov asosida saralab olingan malakali oʻqituvchilar va soha mutaxassislari ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

2022-yilda maktablardagi taʼlim sifati PISA xalqaro baholash dasturi doirasida oʻrganiladi. Mazkur oʻrganish va baholashda mamlakatimiz ilk bor ishtirok etishini inobatga olsak, oʻquvchi va oʻqituvchilarning mazkur tadqiqotlarga munosib tayyorgarlikka ega boʻlishini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchun institutimizda “STesting” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha natijasida xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) doirasidagi topshiriqlarni oʻzida mujassam etgan trenajyor test platformasi ishlab chiqildi va oʻquvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash uchun videorolik lar yaratilmoqda.

Institutda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlariga xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarining professor-oʻqituvchilari ham faol jalb etilayotir. Jumladan, Samarqand viloyat hududiy markazi professor-oʻqituvchilari tomonidan boshlangʻich sinf oʻqituvchilarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etish va takomillashti

rishga doir loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va rivojlantirish uchun malakali kadrlar yetishtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Institutda faoliyat koʻrsatayotgan doktoranturada bugungi kunda 6 nafar tayanch doktorant va 1 5 nafar mustaqil ilmiy-tadqiqotchi taʼlimni rivojlantirishning dolzarb muammolariga doir mavzularda ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 2020-yilning avgust oyidan shu kunga qadar institut ilmiy xodimlari, doktorant va mustaqil tadqiqotchilar tomonidan bitta doktorlik, 5 ta falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi. Kadrlar tayyorlashda uzviylikni taʼminlash maqsadida 2021–2022 oʻquv yilidan boshlab institutda “Taʼlim menejmenti” va “Kattalar taʼlimi” mutaxassisliklari boʻyicha magistratura oʻz faoliyatini boshladi.

Taʼlimni rivojlantirish yoʻlida hamkorlik

Yuqorida qayd etilgan qarorda xalq taʼlimi sohasiga doir muammolarni hal qilishda turli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar alohida belgilangan. Ularning vazirligimiz bilan birgalikda qabul qilgan qoʻshma qarorlari va chora-tadbirlari xalq taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishini yoʻlga qoʻyishda alohida ahamiyat kasb etadi. Masalan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan doktoranturaga kvotalarni oshirish, doktorant va ilmiy-tadqiqotchilarni xorijiy ilmiy stajirovkaga yuborish, institut ilmiy-tadqiqotchilariga xalqaro ilmiy axborot bazalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish borasida amaliy yordam koʻrsatilayotgan boʻlsa, Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan institut ilmiy izlanuvchilariga koʻp yillik statistik maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Bu mahalliy hamkorlik namunalari boʻlsa, xalqaro ilmiy hamkorlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham talaygina. Bugungi kunda institut 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va xorijiy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ilmiy izlanishlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolagan. Pandemiya sharoitidan kelib chiqib hamkorlik tadbirlari vebinarlar, onlayn uchrashuvlar, konferensiyalar shaklida amalga oshirilmoqda. Kelgusida ilmiy-tadqiqotchilar, doktorant va stajyorlarni almashish dasturlarini amalga oshirish ham rejalashtirilgan. Institutning Gersen nomidagi Sankt-Peterburg davlat pedagogika universiteti bilan ilmiy va metodik hamkorligi negizida davlatlararo shartnoma asosida Oʻzbekiston umumtaʼlim maktablarida rus tilini oʻqitish sifatini oshirish boʻyicha “Zoʻr!” (Klass!) loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida 2021-yil yanvar oyidan 30 nafar mutaxassis va 70 nafar oʻqituvchi 14 ta malaka oshirish markazi va 70 ta maktabda faoliyat olib bordi. Tayanch maktablar negizida rus tili oʻqituvchilarining metodik kunlarida haftaning har seshanba kuni maktab oʻqituvchilarining malakasi oshirildi. 9987 nafardan ortiq oʻqituvchi rus tilini chet tili sifatida bilish va oʻqitish mahorati boʻyicha maxsus metodika sinovidan oʻtkazilib, sertifikatga ega boʻldi.

9-11-sinflarning 2260 nafardan ortiq oʻquvchisiga ham sertifikatlar taqdim etildi. Yuqori — C1 natija koʻrsatgan oʻqituvchilarga esa rus tilini bilish xalqaro sertifikati berildi.

Islohotlar istiqboli

Yuqorida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha toʻxtaldik. Hali oldimizda belgilab berilgan vazifalar juda koʻp. Xalq taʼlimi xodimlarining “Hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida uzluksiz kasbiy rivojlanish taʼlimini toʻla joriy etish, ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish, sohaning mavjud muammolarini tadqiq qilish asosida rivojlanish istiqbollarini belgilash, doimiy faoliyat koʻrsatuvchi ilmiy maktablar ishini yoʻlga qoʻyish, magistratura va doktorantura orqali yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash kabi qator vazifalar institutning yaqin kelajakdagi rejalaridan oʻrin olgan.