Inson maʼnaviy olamini yuksaltirishda, ong va tafakkurini teranlashtirishda teatr sanʼatining oʻrni beqiyos. Zero, sanʼat odamlarni ezgulikka chorlaydi, yaxshilikka undaydi, eng goʻzal his-tuygʻularni inʼom etadi. Teatr shunchaki oddiy tomoshaxona emas, balki tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat maskanidir.

1961-yilda YUNESKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida boʻlib oʻtgan IX kongressda 27-mart — Xalqaro teatr kuni deb taʼsis etilgan boʻlib, bugungi kunda dunyoning 100 dan ziyod mamlakatlarida ushbu sana, teatr sanʼati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Prezidentimizning saʼy-harakatlari bilan mamlakatimizda ham madaniyat va sanʼatni, xususan teatrni rivojlantirish davlatimizning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

Teatr bor ekan, hayot maroqli va goʻzaldir

— Teatr deganda, avvalambor, sanʼatning katta bir turini tushunish lozim. Shu bilan birga, teatr, bu — tomosha, spektaklning oʻzi, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Rixsi ­Ibrohimova. — Hayotim teatr bilan chambarchas bogʻlangan. Umr yoʻllarimning har bir sahifasi teatr sahnalarida oʻtgan. Ochigʻini aytsam, hech bir sanʼat turi teatr oʻrnini bosa olmaydi. Chunki odamiylikning goʻzal fazilatlarini targʻib qilishda sahna asarlarining taʼsiri benihoya kuchli. Teatr sanʼati hayotni, voqea-hodisalarni, turli kurashlar va ziddiyatlarni, ichki kechinmalarni dramatik xatti-harakatlarda, aktyor ijrosi orqali aks ettiradi. Shekspirning “Butun olam — teatr, unda har bir odam — aktyordir”, degan jumlasini biz koʻp holatlarda iqtibos keltirib ishlatamiz. Xalqaro teatr kuni munosabati bilan barcha teatr ijodkorlarini, fidoyilarini, masʼuliyatli va mashaqqatli kasb bayramlari bilan muborakbod etaman. Sahnani betakror asarlar, jozibali, ibratli obrazlar bilan toʻldirishda ijodiy kuch-quvvat tilab qolaman. Teatr bor ekan, hayot maroqli va goʻzaldir!

Ijod ahli inson qalbining muhandislaridir

Darhaqiqat, teatr hayot koʻzgusi, muqaddas dargoh sanaladi. Uning tarbiyaga yoʻgʻrilgan saboqlari esa kishilarni odamiylikka chorlab turaveradi. Oʻzbek teatr asoschilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy taʼbiri bilan aytganda, “Teatr ibratxonadir”. U oʻzining “Padarkush” dramasini sahnalashtirib, xalqning maʼnaviyatini yuksaltirishga chogʻlangan. Aslida esa bu koʻhna olamning sanʼatsevar odamlari ibratxona atalmish tarbiya maskanini juda qadimdanoq kashf qilgan.

— Davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2020-yil 28-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida teatrlarni rivojlantirish, jamoatchilikda teatr sanʼatiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, sohadagi ustuvor vazifalar belgilab berildi, — deydi Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali drama teatri direktori, Oʻzbekiston xalq artisti Mirza Azizov. — Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, barcha teatrlarning saytlari yangilanib, uch tilda yuritila boshlandi. Har bir ijodiy jamoa tasdiqlangan rejaga, asosan, yiliga 4 tadan, respublikamiz teatrlari boʻyicha jami 150-160 ga yaqin yangi spektakl sahnalashtiradi. Ijodiy jamoalar repertuarida turli yosh va qiziqishga ega tomoshabinlarga moʻljallangan tragediya, drama, komediya janrlarida jahon hamda oʻzbek mumtoz asarlari namunalari mavjud. Prezidentimiz biz ijodkorlarga katta ishonch bildirib, “Ijod ahli inson qalbining muhandislaridir”, — deya taʼkidlagan. Biz oʻz ishimizga borligʻimizni bagʻishlab ijod qilsak, odamlar koʻngliga yoʻl topamiz. Teatr sanʼati esa hech qachon eskirmaydi. Inson qanchalar telefon, internet va kompyuter kabi axborot texnologiyalariga oʻrganmasin, baribir maʼnaviyat dargohi sifatida oʻrnak boʻladigan teatrning oʻrni boshqa. Shu bois, biz yoshlar maʼnaviyatini yuksaltiradigan sahna asarlarini qoʻyishimiz, ularga xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni keng jalb qilishimiz lozim.

Sahna bilan yuzma-yuz

Darhaqiqat, kino yoki konsert tomoshalarini televideniye yoxud internet orqali tomosha qilish, zarur boʻlsa ulardan nusxa koʻchirib olish mumkin. Lekin teatr shu qadar nozik sanʼat turlaridan sanaladiki, tomoshabin rol ijro etayotgan aktyorlarning nigohi va nafasini, har bir soʻziyu xatti-harakatini jonli tarzda koʻrib, his qilib turadi. Koʻz oldida sahna turadi, shu yerda aktyorlar bilan birga yashaydi, yigʻlaydi, kuladi...

— Teatrda qoʻyiladigan har bir spektakl tomoshabinlarga manzur boʻlishi, sahnadan oʻrin olgan dekoratsiyalar jonli, ishonarli tarzda boʻlib, asarni yana-da boyitishga xizmat qilishi kerak, — deydi Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatri tomoshabinlar bilan ishlash boʻyicha direktor oʻrinbosari Alijon Andakulov. — Spektakldagi jarayonlarning qiziqarli, jonli chiqishida, shubhasiz, dekoratsiyalarning oʻrni alohida ahamiyatga ega. Shu sababli sahna asarlari tomoshabinlarga namoyish etilayotganida xuddi imtihon topshirayotgandek boʻlamiz. Agar spektakllar tomoshabinlarga manzur boʻlsa, bu bizning yutugʻimiz. Boshqa qardosh mamlakatlar qatori yurtimiz teatr rejissyorlari ham internet orqali onlayn tomoshalar, audiospektakllar yaratib, yangi asarlar repetitsiyalarini namoyish etmoqda. Aktyorlar monolog, sheʼr, masallar oʻqib, internet tarmoqlaridagi sahifalariga joylashtirdi. Biroq teatr sanʼatining aktyor va tomoshabin oʻrtasidagi muloqoti, oʻzaro munosabati singari “jonli” aloqasini hech qanday vosita orqali bogʻlab boʻlmaydi.

Bugungi teatr yangicha yondashuv va uslubni talab qiladi

Ha, bugungi voqeliklar shiddat bilan oʻzgarayotgan davrda teatrlar ham faqatgina davlat beradigan moliyaviy koʻmakka qarab tura olmasligini koʻrsatyapti. Ayniqsa, oʻtgan yili mart oyidan boshlab joriy etilgan karantin va muayyan cheklovlar diyorimizdagi madaniyat va sanʼat muassasalari, muzeylar faoliyatiga jiddiy zarar yetkazgani barchamizga ayon. Bugun, teatrlar zimmasiga xalqimizning maʼnaviy talabini qondirish barobarida, taqdim etilajak spektakllar evaziga daromad koʻrishdek mushkul vazifa yuklanadi.

Demak, buning uchun teatr-tomosha muassasalari zamon va bugungi vaziyat talabiga koʻra, yangicha yondashuv uslubiga oʻtishi lozim.

— Har bir teatr jamoasi, tomoshabin bilan ishlash tizimini yaxshi yoʻlga qoʻya olishi kerak, — deydi Buxoro viloyat musiqali drama teatri direktori Gulnora Badalova. — Teatrlar oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa, ishlab chiqarayotgan mahsuloti (spektakl) jamoaviy badiiy ijod mahsuli orqali kishilik jamiyatini ezgulik va yaxshilikka ergashtira olish, insonlarning maʼnaviy, madaniy va maʼrifiy tafakkurini yuksaltirishdan iborat.

Binobarin, xalqimizning ming yillar davomida shakllangan dunyoqarashi, urf-odatlari, anʼanalari singari hech qaysi millatnikiga oʻxshamagan goʻzal qadriyatlari borki, shular asosida oʻlmas sahna asarlarini yaratib, elimizga havola etish eng asosiy vazifamizga kiradi.

Darhaqiqat, yillar davomida shakllangan boshqaruv va teatr asarlarini taqdim etish usullari endilikda oʻzgarib bormoqda. Zero, axborot texnologiyalari, internet tizimining keyingi yillarda shiddatli oʻzgarishi va rivojlanishi aksariyat sohalarning faoliyatini butunlay qayta koʻrib chiqish, ish uslublarini oʻzgartirishga majbur qildi. Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Mehriddin Rahmatov bu haqda shunday fikr bildirdi:

— Hozirgi davr va sharoitda, birinchi navbatda, teatr jamoasining tajriba va malakasi, isteʼdodi, zamonaviy menejment sirlaridan qanchalik voqifligi, xususan, internet tarmogʻidan unumli, samarali foydalana olishi, reklama-targʻibot ishlarini oqilona yurita bilishi singari qator vazifa hamda talablarga eʼtibor qaratish, zarur va shart deb oʻylayman.

Shu bilan birga, teatr tashqi va ichki taʼsir vositalari, ilgari yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, spektakllarning obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra, almashtirilishi yoki bekor qilinishi, maʼlum bir artistning ishtirok etmasligi yoki asar qahramonining almashtirilishi kabi holatlarni chuqur tahlil qilib, real vaziyatdan kelib chiqib marketing strategiyasini ishlab chiqishi muhim. Bunday tahlil, shubhasiz, teatrning faoliyati, yutuq va kamchiliklari sabablarini aniqlash, aktyorlar malakasi, professionalligiga baho berish, kelajakda esa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish imkonini beradi. Teatrning rivojlanishi va spektakllarni keng tomoshabinlar ommasiga taqdim etishda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun, birinchi navbatda, tomoshabinni jalb eta oladigan yangi spektakllar yaratish va teatrlar bilan oʻzaro faoliyatni tahlil qilib borishga eʼtibor qaratyapmiz. Xalqimizning yuragiga yetib boradigan, qalbini zabt etadigan, ezgu maqsadlarga chorlaydigan asarlarni sahnalashtirishga harakat qilyapmiz.

Faoliyatda mustahkam zanjir boʻlmogʻi lozim

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-yanvardagi “2018-2022-yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi qarori teatr sanʼati sohasidagi tomosha va konsert dasturlarini yaratishda, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib sahna asarlari, tomoshalar va konsert dasturlari bilan hissa qoʻshib borish, teatr va tomosha sanʼatini keng targʻib etish maqsadida xorijiy muassasalar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish kabi bir qancha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Bu vazifalarni amalga oshirish jarayonida teatr-tomosha muassasalariga zamonaviy axborot texnologiyalari, internet va elektron ishlash tajribasiga ega zamonaviy menejerlarni jalb etishga, ijodiy kechalar, ekskursiyalar, teatr tarixiga oid qogʻoz va video koʻrinishidagi xabarlar, tomoshabinlar ishtirokida soʻrovnomalar tashkil etishga katta eʼtibor qaratilyapti.

Repertuarni shakllantirishga, tomoshabinlarni jalb etishga yangicha yondashuv qaror topgan teatrlarda ijodiy barqarorlik mavjud. Bunday muhitda ijodkorning oʻz ishiga boʻlgan ishonchi va shijoati yana-da oshadi. Teatr sanʼati tarkibini hosil qiluvchi zanjir mustahkam boʻlmogʻi lozim. Ana shundagina yaxshi asar asosida, dramaturgiya, rejissura va aktyorlik sanʼatining namunasi boʻlgan umirboqiy, beqiyos spektakllar yaratilaveradi.

Gulichehra DURDIYEVA