Harakatlar strategiyasi doirasida inson huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari yurtdoshlarimiz hayotida oʻchmas iz qoldirdi.

Yangilanayotgan yurt islohotlari, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar oddiy insonlar hayoti, kundalik turmushida, qoʻyingki, har bir qadamida quyosh singari balqib, nur taratmoqda. Eng muhimi, odamlar bugun oʻz hayotidan mamnun va rozi boʻlib yashayapti.

Biz soʻnggi yillarda hayoti tub burilish va goʻzal oʻzgarishlarga yuz tutgan, ezgu maqsadlariga erishgan yurtdoshlarimizning fikrlari bilan qiziqdik, ularning dil izhorlarini yozib oldik.

Orzuimiz ushaldi: endi biz ham Oʻzbekiston fuqarosimiz!

Larisa ERNAZAROVA,

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumani:

— Asli Ozarbayjon diyorida tugʻilib oʻsganman. Taqdir nafaqat turmush oʻrtogʻim bilan uchrashtirdi, balki dil rishtalarimizni ham muhabbat bilan mustahkam bogʻladi. Koʻhna Buxoroning Qorakoʻl tumaniga kelin boʻlib tushganimda 21 yoshda edim. Bugun 53 yoshdaman.

Turmush oʻrtogʻim (rahmatli) Nodir Ernazarov boy-badavlat boʻlmasa ham, insofli, diyo­natli, oilani muqaddas biluvchi inson edi. Birin-ketin farzandlarimiz Nodir, Tofiq va Akobir dunyoga keldi. Oʻgʻillarimiz hayotimiz bezagi, umrimizning mazmuniga aylandi. Turmush oʻrtogʻim bilan hamjihatlikda oʻtgan yillarning quvonchi va turmushning zalvorli “musht”larini birgalikda baham koʻrdik. Lekin hech qachon hayotimizdan nolimadik.

Ammo yuragimizda bir kemtiklik bor ediki, uni oʻylaganimiz sari koʻnglimiz choʻkib, qaddimiz bukilganday boʻlib boraverardi. Bu mening qoʻlimda fuqarolik pasportining yoʻqligi edi. Ehe, Oʻzbekiston fuqaroligini olaman, deb necha yillarim besamar oʻtdi, bormagan eshigim, yalinmagan odamim qolmadi. Lekin fuqarolik berishmadi.

Oramizda hamisha totuvlik boʻlsa-da, qalbimizda xotirjamlik, halovat yoʻq edi. Fuqarolik hujjatim yoʻqligi uchun ota yurtimga yillar davomida bora olmaganman.

Farzandlarimiz voyaga yetgach, bir dardimiz ikki boʻldi, chunki ularga ham fuqarolik pasporti berilmadi. Axir bolalarim Oʻzbekistonda tugʻilgan-ku, shu yurtning bir boʻlagi, dilbandi-ku deb koʻp ezilardim, yigʻlardim, tunlarimda halovat, kunlarimda mazmun yoʻqolganday edi. Yillar davomida farzandlarimning kelajagidan xavotir olib yashadim.

Turmush oʻrtogʻim ham oʻgʻillarim voyaga yetganda fuqaroligini tasdiqlovchi hujjati boʻlmasa, ularning ertasi nima boʻladi, degan xavotir bilan bir necha marotaba Toshkentga borib keldi. Biroq natija boʻlmadi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlganidan soʻng armonga aylanayozgan bu orzuimiz yana uchqunlana boshladi. Chunki davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk pallalaridan boshlab odamlar bilan samarali muloqotni yoʻlga qoʻyib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal qilishga kirishdi. Jamiyatimizda kechayotgan bunday tarixiy evrilishlar oilamizni ham chetlab oʻtmadi: 2019-yil 4-iyun kuni Prezidentimiz farmoni bilan menga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi. 2021-yilning 4-dekabrida oʻgʻillarimga ham ana shunday baxt — fuqarolik nasib etdi.

Afsuski, bu kunlarni turmush oʻrtogʻim koʻrmadi, yuragida bir dunyo armon va xavotir bilan bu dunyodan erta ketdi.

Oʻylab qarasam, yarim umrim fuqarolik hujjatini olish uchun hujjatlar toʻplash, yelib-yugurish, kutish bilan oʻtibdi. Oʻsha damlarni bugun — davlatimizning butun siyosati inson qadrini ulugʻlashga, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan ayni pallalarda eslasam, koʻzlarim quvonch yoshlariga toʻladi. Shu kunlarga yetkazgani uchun Allohimga shukr qilaman. ­Prezidentimizga oilamizning orzusini amalga oshirgani, kelajakka umid uygʻotgani uchun rahmat aytaman. Davlatimiz rahbarining xalqparvar siyosati tufayli nafaqat men, balki oʻgʻillarim ham Oʻzbekis­ton ­Respublikasi fuqarosi boʻldi.

Oʻttiz yildan soʻng oʻz uyimning egasi boʻldim

Dilorom ABDURAHIMOVA,

Toshkent viloyati

Oʻrta Chirchiq tumani:

— Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi Farovon mahallasida qariyb 31 yildan buyon oilam bilan yashayman. Biroq shuncha vaqt mobaynida yuragimda bir hadik bilan yashadim.

1966-yil shu tumandagi Qorasuv qish­logʻida tugʻilganman. Oʻrta maktabni tugatib, texnikumda tahsil oldim, keyin “Qorasuv” paxta tozalash korxonasida hisobchi boʻlib ishladim. 1985-yilda esa oila qurib, yaxshi niyatlar bilan Farovon mahallasiga koʻchib keldik.

Bugungi kunda turmush oʻrtogʻim bilan oʻzim oʻqigan Agrosanoat va transport kasb-hunar maktabida ishlaymiz. Shu yerda ishlayotganimga 30 yildan oshyapti. Taqdirimdan mingdan-ming roziman! Ammo...

1989-yil kasb-hunar maktabida ish boshlaganimizda uy-joysiz, ijarama-­ijara koʻchib yurardik. Maktabimiz hududidan yer ajratilib, oʻqituvchilar uchun uy qurilishi boshlanganida yosh oila sifatida juda quvongandik. Qismat charxpalagi chappasiga aylanib, qurilish toʻxtaganida quvonchimiz oʻrnini xavotir egalladi. Orzularimiz ufqqa bosh qoʻygan oftob kabi qorongʻulik sari ogʻishni boshlangandi. Shukrki, jamoamiz bizni yolgʻiz tashlab qoʻymadi. Vaqtincha yashash va foydalanish uchun, chala bitgan boʻlsa-da, uy ajratib berishdi.

Muxtasar aytadigan boʻlsam, 1989-yilda Farovon mahallasining Baraka koʻchasida yosh oʻqituvchilar oilalari uchun sakkiz xonadondan iborat ikki qavatli uy qurilishi boshlangan edi. Keyin quruvchi tashkilot tarqatilgach, ishlar taqa-taq toʻxtadi. Gʻishti terilib, tomi yopilgan bino salkam ikki yil qarovsiz yotdi.

Uy-joyga ehtiyojimiz borligi uchun 1991-yilda oʻsha paytdagi jamoa xoʻjaligi rahbari bilan bamaslahat, kasaba uyushmasining qarori bilan uy qurilishini yakuniga yetkazish harakatiga kirishdik. Polini qoqdik, eshik-rom oʻrnatdik, gaz, suv, elektr energiyasini uladik...

1992-yilda yangi uyga koʻchib kirdik. Shu zayl uyli boʻldik, ammo uyimizning hujjatini rasmiylashtira olmadik. ­Uyimiz bor, lekin hujjati yoʻq edi.

Uch farzandning onasiman, bir qiz, ikki oʻgʻlim bor. Bolalarim bilan har doim faxrlanaman. Yor-yor aytib, qiz uzatdim, kelin salomlar bilan shu uyga ikki kelin tushirdim. Koʻz ochib-yumguncha oradan oʻttiz yil oʻtib ketdi. Ammo haligacha qoʻlimizda na kadastr hujjati va na biror xat-hujjat bor edi. Oʻzimizning uyimizu, negadir birovning boshpanasida ijarada yashayotganday edik...

Oʻz uyimizning huquqiy jihatdan ham egasi boʻlish uchun koʻp yelib-yugurdik. Oʻtgan qariyb oʻttiz yilda kadastr, tuman hokimligi va prokuraturaga ham bordik. Viloyat hokimiga ham murojaat qildik. Shuncha vaqt mobaynida nechta hokim kelib-ketmadi, kadastr rahbarlarining nechtasi almashmadi, deysiz. Ammo biror-bir natija boʻlmadi. Bir eshikdan “Imkoni yoʻq!”, degan javobni eshitib muzlaganday qaytsak, boshqa bir eshikdan “Hal qilib beramiz...”, degan umidbaxsh soʻzdan quvvat olib yashardik.

Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlgach, xalq bilan muloqot, odamlarni rozi qilish yangi Oʻzbekiston siyosatining falsafasiga aylandi. Sayyor qabullar oʻtkazilib, odamlarning dardu tashvishlariga quloq tutildi.

Voqea jarayonlarini kuzatar ekanman, men ham bir ilinj va umid bilan 2020-yilda mahallamiz raisi orqali tuman hokimiga murojaat qildim. Ochigʻi, murojaatim yana paysalga solinadi, kadastrsiz qolib ketamiz, degan hadik yoʻq emasdi. Lekin bunday boʻlmadi, masalaning yechimi topildi: 30 yildan soʻng uyimizning kadastr hujjatlarini tayyorlab berishdi. Nihoyat, oʻz uyimizning haqiqiy egasiga aylandik!

Nafaqat men, balki qoʻni-qoʻshnilarim ham oʻzlari istiqomat qilayotgan uyning hujjatlariga ega boʻldi. Ularning quvonchi, sizga toʻkib soladigan dil izhorlari koʻp...

Men pedagog ayol, Oʻzbekistonning bir fuqarosi sifatida Prezidentimizning insonparvar siyosatidan roziman! Shu tufayli mushkulim oson boʻldi. Bir mening emas, men bilan birga oʻttiz yildan buyon shu uyda yashayotgan yetti oilaning yillar davomida oʻz yechimini kutib turgan, ogʻriqli muammosi hal etildi.

Dunyodagi eng baxtli insonman!

Qudratali ALMATOV,

Nurafshon shahri:

— 9 yoshimda meni Mehribonlik ­uyiga topshirishgan. U yerda voyaga yetdim. ­Albatta, Mehribonlik uyida barcha sharoit mavjud, lekin muammoli bir tomoni ham bor edi. Yaʼni barcha tarbiyalanuvchilar 17 yoshga toʻlganimizda u yerdan chiqib, oʻzimizning mustaqil hayot yoʻlimizni boshlardik.

Xoʻsh, muammo nimada dersiz?! Muammo shunda ediki, mana, voyaga yetding, endi oʻzing oliy oʻquv yurtiga kirib oʻqi yoki ish topib, ishlab kuningni koʻraver, ulgʻayding bolam, deb chiqarib yuborishsa, yashashga joyingiz, ishlashga ishingiz boʻlmasa, mana shunisi muammo edi. Har qanday odam ham esankirab qoladi. Menda ham shunday boʻlgan. Yotoqxonasi borligi uchun Qibraydagi Iqtisodiyot kollejida oʻqiganman. Har holda uch yil boshpana tashvishini oʻylamasdim-da...

Tan olish kerak, baʼzi tengdoshlarimga umumiy koʻpchilik boʻlib yashaydigan, gaz xonasi alohida boʻlmagan yotoqxonalardan uy-joylar ham berilardi, lekin hammaga ham bu nasib qilmasdi.

Shaxsan oʻzim Mehribonlik uyidan chiqib, katta hayotga qadam qoʻyganimdan soʻng deyarli 10 yil sarson-sargardonchilikda yashadim. 2010-yildan boshlab boʻynimga yetimlik bilan birga boshpana qidirish ham qoʻshildi.

Tunlari tunash uchun joy, kunduzni tirikchilik tashvishida oʻtkazgan oʻsmirlik yillarimda koʻp bora hokimlarga murojaat qildim, bari behuda va besamar ketdi. Yozgan arizalarim javobsiz qoldi. Talabalar yotoqxonalarida, arzon ijaralarda yashadim. Tunu kun ishlasam ham, topganim yegulik, yoʻl va ijara xarajatlaridan ortmasdi.

Uy bering, ish bering, deb masʼul rahbarlarning eshiklarida sargʻayib, umid­vor boʻlib kutgan kunlarimning sanogʻi yoʻq.
Murojaatlarimga deyarli bir xil — “Koʻramiz, oʻrganamiz, javobini aytamiz”, degan javob boʻlardi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda boʻlayotgan oʻzgarishlarni koʻrib, murojaatlarga — inson taqdiriga boʻlgan munosabat oʻzgarayotganini tushunib, shunday boʻlsa ham bir ishonib, bir ishonmay 2019-yilda davlatimiz rahbariga ­onlayn murojaat yoʻlladim.

Ishonasizmi, murojaatimdan bir hafta oʻtar-oʻtmay, koʻnglimda yashashga ishtiyoq va hayotga muhabbat ortdi. Nega deysizmi, Nurafshon shahar hokimligidan odamlar kelib, avval ijaraga uy topib berdi va meni u yerga koʻchirishdi, bir yillik ijara haqini ham toʻlab berishdi.

2020-yilda oʻzim kabi hayot sinovlarida qiynalgan mehribon bir qizga uylandim. 2021-yilda esa shaharning Yuksalish mahallasida qurilgan koʻp qavatli yangi uylardan menga ham 3 xonali uy berishdi.

Turmush oʻrtogʻim va jajjigina qizalogʻim bilan yangi xonadonda yashayapmiz. Hokimlik mutasaddilari roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan jihozlar bilan xonadonimizni taʼminlab ham berdi.

Hozirda poytaxtdagi xususiy korxonada muhandis-operator boʻlib ishlayap­man. Hayotimda birinchi bor oʻz uyimga ega boʻlib, oilam davrasida chinakam baxtni his qilyapman. Buning uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman!

* * *

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, bu koʻhna ­dunyoda turmush tashvishlaridan baʼzan arz qilar ekanmiz, oʻz yurtingning toʻla huquqli fuqarosi boʻlishdek baxtning qadriga har doim ham yetavermaymiz. Chogʻroq boʻlsa-da, uyimizning taftu harorati borligini his etavermaymiz.

Hamyurtlarimizning yuqorida aytib bergan kechmishlarini tinglar ekanman, mamlakatimizda soʻnggi yillarda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilgan ulkan, taʼbir joiz boʻlsa, tarixiy ishlar kino tasmasidek koʻz oldimdan oʻta boshlaydi. Inson qadrini ulugʻlashdek buyuk maqsadga qaratilgan islohotlar sabab hayotida tub burilish yasalgan millionlab yurtdoshlarimizning baxtiga gʻoyibona sherik boʻlaman.

Muhimi, yurtimizda bu borada ishlar “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida uzviy davom etadi. Demakki, yurtdoshlarimiz baxtli, bugungi hayotidan rozi boʻlib yashashi uchun yuqorida fikrlari qayd etilgan hamyurtlarimiz singari yillab kutmaydi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri