Hayotimiz shamchiroqlari

    Soʻnggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Oʻzbekistonda 30-iyun Yoshlar kuni deb eʼlon qilindi va har yili katta tantana bilan nishonlanadigan boʻldi.

    Turli sohalarda yuksak natija va yutuqlarga erishayotgan fidoyi yoshlarni ragʻbatlantirib borish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. Buyuk davlat arbobi, sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun oʻrnak boʻlib xizmat qilishini inobatga olib, yurtimizdagi barcha harbiy akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi.

    Yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashni oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ular muammolariga samarali yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish kabi muhim ishlar bajarilmoqda.

    Mamlakatimizda aholining 30 foizini 14 dan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etishini inobatga olib, ularning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Maʼnaviy barkamol yoshlarning turli yot gʻoya va illatlarga qarshi immuniteti ham kuchli boʻladi.

    Joylardagi madaniyat markazlari, musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holati oʻrganilib, faoliyati yaxshilandi. Madaniyat va Xalq taʼlimi vazirliklari hokimliklar bilan birgalikda tuman (shahar) madaniyat markazlari va umumtaʼlim maktablarida yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etmoqda. Madaniyat markazlarida tashabbuskor isteʼdodli yoshlardan iborat badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va “Yoshlar klublari” tashkil etilmoqda.

    Tuman va shaharlar hokimlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari mutaxassislar bilan birgalikda yoshlarning sport turlariga qiziqishi hamda sport inshootlarining jihozlanish darajasini oʻrganib, shu asosda bu yoʻnalishni takomillashtirish ustida ish olib borilyapti.

    Bugungi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar rivojlangan bir paytda ilgʻor xalqaro tajribalar asosida barcha shahar va tuman markazlarida raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etilmoqda. Bu markazlarda elektron tijorat va dasturlash oʻrgatilyapti. Yoshlarda axborot texnologiyalari sohasida biznes boʻyicha innovatsion koʻnikmalar shakllantirilib, startap loyihalarga yordam koʻrsatilmoqda.

    Yoshlarda bolalik chogʻidan kitobga mehr uygʻotish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yoʻllarida mustahkam zamin boʻladi. Lekin koʻplab qishloq va mahallalarda buning uchun zarur sharoit mavjud emas edi. “Mahallabay” ishlash tizimi orqali otaliqqa olgan vazirlik va tashkilotlar tomonidan mahallalarda kutubxonalar tashkil etilyapti. Bu kutubxonalardan mahalla yoshlari bemalol foydalanishyapti.

    Biz yashayotgan davr axborot xurujlari davri boʻlib qoldi. Bu holat har bir ota-onadan farzandiga befarq boʻlmaslikni talab qiladi. Bu jarayonda esa ota-onalar farzandlari bilan imkon qadar yaqinroq munosabatda boʻlishi, ularning boʻsh vaqtini unumli tashkil etishi, uyda badiiy adabiyotni targʻib etishi, turli kasb-hunarlarga yoʻnaltirishi kundalik ehtiyojga aylanishi shart.

    Har bir davlatning barqaror taraqqiyotini taʼminlashda asosiy poydevor — inson omili, uning intellektual salohiyati bilan uzviy bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan, mamlakat aholisining katta qismi zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yoshlardan iborat ekanini inobatga olgan holda, mazkur qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi manfaatlarini himoya qilish va kuzatilayotan dolzarb masalalarning nazariy-amaliy jihatdan yechimini topish muhim vazifadir. Oʻtgan davrda bu borada qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, ular yoshlar intilish va iqtidorini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirishga oid mustahkam tizim ishlab chiqildi.

    Umuman olganda, yoshlar davlat tayanchi, mamlakat kelajagidir. Ular uchun yaratilayotgan bugungi imkoniyat va sharoitlar buyuk ajdodlarimizga munosib vorislarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Keyingi yillarda barkamol avlod kamoloti, yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻgʻil-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasiga oʻziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilib, ularning tashkiliy-huquqiy asoslari tizimli ravishda takomillashib bormoqda. Bularning bari kelajakda oʻz parvozini koʻrsatishi shubhasiz.

    Gulnora IBRAGIMOVA,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,

    psixologiya va pedagogika fanlari doktori