Hazrat Navoiyning orzulari ro'yobga chiqmoqda

    Sahro bag'ridagi boyliklar ulug' bobomiz avlodlari tomonidan o'zlashtirilib, Navoiy, Zarafshon va Uchquduq kabi go'zal shaharlar bunyod etildi.

    Tabiat kabi jamiyat ham doimo o'zgarish va yangilanishda bo'ladi. Bu jarayonda, yangi marra va ulkan dovonlarni zabt etishda xalqni bir maqsad yo'lida birlashtirish va safarbar etish juda muhim ahamiyatga ega.

    Ayni paytda Yangi O'zbekiston degan ezgu g'oya mehnatkash va bunyodkor xalqimiz tomonidan qo'llab-quvvatlanib, umumxalq harakatiga aylanmoqda. Bu ulug'vor g'oyani amalga oshirishda va ko'zlangan marralarni egallashda har birimiz mas'uliyatni his etib, g'ayrat-shijoat bilan mehnat qilishimiz kerak. Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi xalqimizning orzusini ruyobga chiqarishda barchamizga dasturulamal bo'ladi.

    Bugun O'zbekistonda taraqqiyotning yuksak bosqichi — uchinchi Renessansga poydevor qo'yilmoqda. Uchinchi Renessans bu — yangi taraqqiyot, yangi marralar, yangi imkoniyatlardir.

    Mamlakatimiz Prezidentining lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida “Hammamiz ko'rib turibmiz — bugun zamon juda tez, mislsiz shiddat bilan o'zgarmoqda. Shuning uchun biz islohotlarimiz sur'atini aslo pasaytirmasdan, faqat oldinga borishimiz, har bir soat, har bir kundan unumli foydalanishimiz kerak”, deya ta'kidlagan so'zlari zamirida ulug' niyatlarni amalga oshirish yo'lida yuksak mas'uliyat o'z ifodasini topgan.

    O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson turibdi. Uning huquq va erkinligini ta'minlash, tinch hayot kechirishi, munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish kabi vazifalarga e'tibor qaratilmoqda. Inson qadri ulug'langan yurtda, albatta, fayzu baraka va farovonlik bo'ladi. Bunday yurtda fuqarolar amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlash bilan bir qatorda uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisiga aylanadi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yangi O'zbekistonni taraqqiyot strategiyasida barcha sohalar qatorida kon-metallurgiya tarmog'iga ham katta vazifalar qo'yilmoqda.

    Bugungi kombinat kechagi kombinat emas

    Navoiy kon-metallurgiya kombinati nafaqat respublikamizda, balki dunyo miqyosida yirik ishlab chiqarish korxonasidir. Ayniqsa mustaqillik yillarida konchilarimizning yurtimiz ravnaqi yo'lidagi fidokorona mehnati tufayli kombinat dunyoning eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biriga aylandi.

    Jamoamiz shiddatli davr bilan hamqadam odimlamoqda. Negaki, bugungi kunda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqaro maydonda bozorlarni egallash uchun davlatlar hamda yirik korxonalar o'rtasida keskin raqobat kuchayayotganligi shuni taqoza etayapti. Jahon iqtisodiyotidagi kuchli raqobat va zamonaviy ishlab chiqarish munosabatlari bizni yangicha ishlashga, yangicha yondashuvlarga chorlamoqda.

    Kombinatda muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan keyingi yillarda zamonaviy bozor munosabatlarining talablaridan kelib chiqib, barcha yo'nalishlarda boshqaruvning yangi, zamonaviy shakliga o'tilayapti. Shu paytgacha davlat korxonasi sifatida faoliyat olib borgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati tranformatsiya qilinmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad uning xalqaro moliya bozoriga chiqishini ta'minlash va davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini yaratish. Bugungi kunda mamlakatimizda oltin ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aktsiyadorlik jamiyati sifatida faoliyatini boshladi.

    Bu boradagi ishlarimizni davom ettirib, kombinat tomonidan 2023-yilda xalqaro moliya bozorida o'z aksiyalarini sotish (IPO) jarayoni amalga oshiriladi va uning teng huquqli a'zosiga aylanadi.

    Ayni vaqtda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (IFRS) tatbiq etish, hisob va hisobot bo'yicha xalqaro standartlar (ISAR) tamoili va talablariga muvofiq korporativ ma'lumotlarni oshkor qilish tizimini joriy etish, global hisobot tashabbusiga (GRI) muvofiq, shu jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar (ESG) bo'yicha ma'lumotlarni chop etish, jahonda tan olingan zamonaviy korporativ boshqaruvning ilg'or tajribasi (Sorporate Governance Best Practices)dan kelib chiqqan holda, korporativ boshqaruv tizimini joriy etish bo'yicha xalqaro tajribaga ega nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayapmiz.

    Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda kon-metallurgiya sohasini yuqori bosqichga ko'tarish, yangi konlarni o'zlashtirish, mavjud korxonalarni zamonaviy samarador texnologiyalar bilan jihozlashda konchilarga katta amaliy yordam berilmoqda. Bunda, avvalo, qazilma boyliklarining zaxiralarini aniqlash muhim o'rin tutadi. Bu esa geologiya tarmog'iini rivojlantirish bilan chambarchas bog'liqdir.

    Yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Geologiya fanlari universiteti birinchi bosqichining foydalanishga topshirilishi bu boradagi tizimli ishlarning samarasi o'laroq sohada ilgari kuzatilmagan islohotlar boshlanganidan dalolat beradi.

    Kombinat — zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan, ilmiy salohiyati yuqori bo'lgan yirik sanoat majmuasi hisoblanadi. Uning noyobligi shundaki, qazilma boyliklarni geologik qidirish, qazib olish, qayta ishlash va sifatli mahsulot ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonlar to'liq amalga oshiriladigan zamonaviy sanoat klasteridir.

    Kombinatimiz jamoasi tomonidan kelgusida yirik loyihalarni amalga oshirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Yangi yilda “Pistali” koni negizida yiliga 4 million tonna oltin ma'danini qayta ishlaydigan 6-gidrometallurgiya zavodining qurilishi boshlandi. Shuningdek, yaqin yillarda “Nuqrakon” va “Kosmanachi” konlaridan kumush tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash majmualari qurilishi hamda “Turboy”, “Qoraqo'tan” oltin konlarida ma'danlarni qazib olish loyihalari amalga oshiriladi.

    Bu kabi loyihalarning amalga oshishi tufayli yaqin yillarda kombinatda oltin ishlab chiqarish hajmi 100 tonnadan oshadi va kumush ishlab chiqarish esa 20 tonnadan 200 tonnaga yetkaziladi.

    Bunday muvaffaqiyatlarga qanday erishilmoqda degan savolga, bu, avvalo muhtaram Prezidentimizning bizga ko'rsatayotgan g'amxo'rligi va e'tibori natijasida ishlab chiqarishning barcha jarayonlarida qo'llanilayotgan innovatsion yondashuvning mahsuli, deb javob bergan bo'lardim.

    Yangi o'zbekistonning yangi oltin zavodlari

    Keyingi yillarda bosib o'tgan yo'limizga nazar tashlasak, ertangi kunimizga, o'z kuch va imkoniyatlarimizga bo'lgan ishonchimiz yanada ortadi. Bundan besh yil oldin ro'yobga chiqarila boshlangan investitsion loyihalar ayni paytda o'z natijalarni bermoqda. Ochig'ini aytishim kerak, investitsion loyihalarni boshlash davrida ularni o'z vaqtida amalga oshira olar ekanmizmi, degan hadik ham bor edi.

    Xalqimizda “Ko'z — qo'rqoq, qo'l — botir”, degan ajoyib ibora bor. Jamoamizning malakali mutaxassis va muhandislari, tajribali loyihachi va mohir quruvchilari hamda ko'plab hamkor tashkilotlar bilan belimizni mahkam bog'lab, ko'zlagan marralarni egallash uchun tinimsiz mehnat qilmoqdamiz.

    Shu o'rinda, bir narsani alohida ta'kidlab o'tish joiz, deb bilaman. Bir paytlar zavod yoki oddiy bir tsexni ishga tushirmoqchi bo'lsak, chetdan mutaxassislar jalb qilinardi. So'nggi yillarda bu holga tamoman chek qo'ydik. Bu borada o'zimizning mahalliy kadrlar boy tajriba to'plab, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, xalqaro standartlarga to'la javob beradigan zavodlar qurishni mukammal o'zlashtirib olishdi. Bu, albatta, bizning eng katta yutug'imiz desak, ayni haqiqatdir.

    Yana bir muhim ma'lumotni aytib o'tsam. Ilgari, ishlab chiqarish korxonasi qurilsa, oddiy boltigacha chetdan olib kelinardi. Bu borada ham olib borilgan izlanish va mehnatimiz tufayli endilikda ular zavodlarimizda ishlab chiqarilyapti. Hozirda nafaqat oddiy boltlar, balki ilgari chetdan valyutaga olib kelinadigan ko'plab dastgohlar, asbob-uskunalar, butlovchi materiallar qatorida sharli tegirmonlar Navoiy mashinasozlik zavodi hamda kon boshqarmalari sexlarida tayyorlanmoqda.

    Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida davlatimiz rahbarining 7-gidrometallurgiya zavodiga tashrif buyurib, jamoamiz vakillari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvi barchamizni behad ruhlantirib, ishlarimizga qanot bag'ishladi. Prezidentimizning 2017-yil 28-martda Navoiy viloyatiga tashrifi chog'ida 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishiga tamal toshi qo'ygan edi. 2021-yilda zavod ishga tushirildi. Kon-metallurgiya sohasida oltinni qayta ishlaydigan eng yirik korxona — mamlakatimiz faxri bo'lgan 2-gidrometallurgiya zavodida yiliga 12 million tonna ma'danni qayta ishlaydigan “B” korpusi foydalanishga topshirildi.

    Tajribali muhandis va mutaxassislarimizning tinimsiz mehnati va professional malakasi natijasi bo'lgan bunday quvonchli yutuqlar bilan har qancha faxrlansak arziydi.

    Ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi

    Ta'lim, ya'ni inson kapitalini rivojlantirishga katta e'tibor rivojlangan davlatlar erishayotgan muvaffaqiyatlarning asosiy omillaridan biridir. Aslida ham, inson kapitalini rivojlantirmasdan turib, taraqqiyotga erishib bo'lmaydi.

    Shu maqsadda, mamlakatimizda keyingi yillarda oliy ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag'batlantirish, yangi oliy o'quv yurtlari va nufuzli oliygohlarning yurtimizdagi filiallarini tashkil etish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.

    2016-yilda Navoiy davlat konchilik institutining 2000 nafar talabaga mo'ljallangan zamonaviy o'quv binolari foydalanishga topshirildi. Institut o'quv jarayonlari uchun eng zamonaviy o'quv va ilmiy laboratoriya jihozlari olib kelindi. Bu tez orada o'z natijalarini bera boshladi. Bundan 10 yil muqaddam institutda sanoqli fan doktorlari bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda bu yerda 29 nafar fan doktori hamda 72 nafar fan nomzodli faoliyat ko'rsatmoqda.

    Konchilik va metallurgiya sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda 2021-yilning 13-oktyabrida Navoiy shahrida saylovchilar bilan bo'lgan uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan Navoiy davlat konchilik instituti negizida 15 ming talabani o'qitadigan Politexnika universitetini tashkil etish taklifi bu jihatdan ayni muddao, niyatlarimiz ro'yobga chiqishiga qanot bo'ldi.

    Bu qanday natija beradi? Eng avallo, soha uchun kadrlarni tayyorlashda xalqaro standartlar joriy etilishi tufayli ishlab chiqarish korxonalariga malakali mutaxassislar etkazib beriladi. Ikkinchidan, universitetda professor-o'qituvchi va talabalar tegishli sohalarning ilmiy-texnik muammolariga yo'naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etilishi orqali bu boradagi muammolar hal etiladi.

    Zamonamiz farhodlari

    Konchilik — mashaqqatli bo'lishi bilan birga, sharafli kasbdir. Bugungi kunda Qizilqum sahrosida fidokorona mehnat qilayotgan zamonamiz farhodlari buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy o'z asarlarida tarannum etgan, insonlarni baxtli va farovon yashashi haqidagi orzu-niyatlarini ro'yobga chiqarmoqda.

    Darvoqe, bu ayni haqiqat. Bir paytlar qush uchsa qanoti, odam yursa oyog'i kuyadigan sahro bag'ridagi boyliklar ulug' bobomiz avlodlari tomonidan o'zlashtirilib, Navoiy, Zarafshon va Uchquduq kabi go'zal shaharlar bunyod etildi.

    Bugun O'zbekiston yangi taraqqiyot yo'liga chiqyapti. Oldimizda katta dovonlarni zabt etishdek marralar turibdi. Yangi O'zbekistonni eng rivojlangan davlatlar qatorida ko'rishdek ulug'vor maqsad xalqimiz tomonidan to'la qo'lla–quvvatlanib, umumxalq harakatiga aylandi. Ana shu harakatning oldingi saflarida bo'lib, uni ro'yobga chiqarishga munosib hissa qo'shish kombinat jamoasi uchun yuksak sharaf va zimmamizga katta mas'uliyat yuklaydi. Har bir soat, har bir kundan unumli foydalanib, Taraqqiyot strategiyasining amalga oshishiga munosib hissa qo'shamiz.

    Quvondiq SANAQULOV,

    “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”

    aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Bosh direktori