Binobarin, bunda eng toʻgʻri yoʻl va oqilona yechim taraqqiyotning muhim mezoni — ilmni, innovatsiyani har tomonlama ragʻbatlantirib, ijtimoiy hayotda inson kapitali yuksak qadr topishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdir.
2022—2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotga innovatsiyalarni keng joriy qilish, sanoat korxonalari va ilm-fan muassasalarining kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish belgilangan.
Shuningdek, unda innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda mavjud muqobillaridan 50 foizgacha arzonlashtirilgan va sifatli, xomashyo narxiga nisbatan 2-3 barobar yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini oʻzlashtirish, jumladan, umumiy qiymati 165,9 milliard soʻmlik jami 195 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mana shu rejalarning oʻziyoq mamlakatni innovatsion rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor nechogʻli ustuvor ahamiyat kasb etishini anglatadi. Muhimi, bu boradagi ishlar izchillik kasb etayotir. Bitta misol. Prezidentimiz joriy yil aprel oyida Sirdaryoga tashrifi chogʻida viloyatni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot boʻyicha “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligini aytdi.
Faollar bilan uchrashuvda innovatsion hududda hokim, viloyat, tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish boʻyicha har kuni yangilikka intilishi, dunyoqarashi va yondashuvlarni oʻzgartirish kerakligini taʼkidladi.
Chindan ham, bugun har bir jabhada yangilik, izlanish birlamchi oʻrinda turadi. Bularsiz taraqqiyotni tasavvur etib boʻlmaydi. Zero, bu atamaning maʼnosi ham shuni anglatadi. Yaʼni “innovatsiya” soʻzi lotincha “novatio” soʻzidan olingan boʻlib, “yangilanish” (yoki “oʻzgarish”) degan maʼnoni bildiradi. “in” qoʻshimchasi esa lotinchadan “yoʻnalishida” deya tarjima qilinadi. Agar bu yaxlit “innovatio” koʻrinishida tarjima qilinsa, “oʻzgarishlar yoʻnalishida” deb izohlash mumkin. Shu jihatdan, innovatsiya, ilgʻor gʻoyalar har bir tarmoq zarurati, desak mubolagʻa boʻlmaydi, nazarimizda.
Siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa islohotlar samarasi turli koʻrsatkichlar orqali tuziladigan reytinglar orqali baholanadi. Xususan, innovatsion rivojlanish darajasi Global innovatsion indeks (GII) bilan oʻlchanadi. Mazkur tashkilot tomonidan 131 davlatning innovatsion darajasi 80 dan ortiq koʻrsatkich boʻyicha baholab boriladi.
Mamlakatlarning innovatsion imkoniyatlari va ushbu sohadagi faoliyati yillik reytinglari Jahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT), Fransiyaning INSEAD xalqaro biznes maktabi hamda Kornell universiteti tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida eʼlon qilinadi.
Global innovatsion indeks bir necha kichik indekslar, ularning har biri esa yana tofalarga boʻlinadi. Mazkur subindekslarni oʻrganish, tahlil qilish orqali mamlakat innovatsion rivojlanishida qanday jihatlarga ahamiyat berishi kerakligi aniqlanadi, xato va kamchiliklar ustida ishlanadi. Shu maʼnoda, mazkur reytinglar biror davlatning shunchaki u yoki bu sohadagi oʻrnini belgilovchi baho emas, islohotlarda qaysi yoʻnalishlarga ahamiyat berishi lozimligi, buning natijador yoʻllarini izlab topish zarurligini belgilab beruvchi muhim vosita ekanini aytish joiz.
Jahon intellektual mulk tashkiloti oʻz hisobotlarida 20 ga yaqin davlatda innovatsion rivojlanish tobora jadallashayotganini eʼtirof etadi. Shveysariya, AQSH, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Finlyandiya, Gonkong, Singapur, Tayvan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Daniya va Irlandiya shular sirasiga kiradi.
Indeksda yaxshilanish odamlar hayotiga qanday taʼsir koʻrsatadi?
2022-yil natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Global innovatsion indeksda 82-oʻrinni egalladi. Eʼtiborli jihati, mazkur reytingda 2015-yildagiga nisbatan 40 pogʻona koʻtarilish qayd etildi.
Ekspertlar mintaqalar kesimida 3 tadan mamlakatni “2022-yilda innovatsiyalar boʻyicha global yetakchilar” sifatida alohida qayd etishdi. Oʻzbekiston ilk bor shunday eʼtirof etilgan mamlakatlar safidan oʻrin oldi. Yaʼni Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida Hindiston va Erondan keyin innovatsiyalar boʻyicha top-3 davlatdan biri boʻldi.
Oʻzbekistonning indeksdagi oʻrni yaxshilanishi odamlar hayotiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Koʻpchilikni shu savol qiziqtirishi mumkin. Ushbu savolga, avvalo, uning koʻrsatkichlari iqtisodiyotning deyarli barcha jabhalarini qamrab olganida, deya javob bersa boʻladi. Yaʼni reytingda tibbiyot, taʼlim, institutsional rivojlanish, qishloq xoʻjaligi, sanoat, energetika, bank-moliya kabi sohalardagi har bir oʻzgarish va uning natijalari inobatga olinadi.
Mamlakat iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotida qanchalik ijobiy oʻzgarishlar boʻlsa, odamlar hayoti ham shunchalik yaxshilanib boraveradi. Reytingda yuqori koʻrsatkichlarga erishish esa mamlakatning xalqaro doiradagi obroʻyi va nufuzi uchun juda zarur. Oddiy qilib aytganda, hech bir oʻzgarish beiz ketmaydi, albatta, odamlar hayotida aksini topadi.
Yana bir jihati, Global innovatsion indeks koʻrsatkichlari iqtisodiyotning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash imkonini ham beradi. Shu bois, uning indikatorlari boʻyicha egallagan oʻrnimizdan hamda jahon tajribasidan kelib chiqib, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olishimiz, zaruriy choralar koʻrishimiz zarur. Indeks boʻyicha har bir sohaning rivoji, shubhasiz, xalq manfaatiga xizmat qiladi.
Qoʻllab-quvvatlovchi hujjatlar koʻp
Soʻnggi yillarda ilmiy-innovatsion faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, mamlakatimizning innovatsion salohiyatini yanada takomillashtirishning samarali mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Xususan, tegishli hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi kabi xujjatlar ishlab chiqildi. Shuningdek, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.
Bu hujjatlarning amaliyotga joriy qilinishi, tabiiyki, yurtimizda innovatsion ekotizimning tegishli elementlari toʻliq shakllanishi va izchil rivojlanishiga xizmat qiladi. Bunda, ayniqsa, 2022—2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasining ahamiyati yuqori. Chunki uning asosida yuqori texnologik va ilm-fanga asoslangan yangi va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari hamda yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilmoqda. Strategiyadan kutilayotgan natijalar ham salmoqli. Jumladan, u orqali yoshlarda yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik qobiliyatini shakllantirish, sohada mutaxassislarni koʻpaytirish, xalqaro maydonda mamlakatning ilmiy salohiyatini oshirishga yoʻnaltirilgan, bozor talablariga moslashuvchan milliy innovatsion infratuzilmani shakllantirish, oliy taʼlim muassasalarida tadbirkorlik muhitini yaratish va ixtisoslashtirilgan “spin-off” kompaniyalar tashkil etish, milliy iqtisodiyotga innovatsion mahsulot va yechimlarni joriy qilishning zamonaviy “zanjiri” va yagona tizimini yaratish orqali jozibadorligini oshirish kabi koʻplab vazifalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning olti oyida mamlakatimiz IT Park rezidentlari tomonidan 145 million dollarlikdan ortiq eksport amaliyotlari bajarilgan. Bu boradagi koʻrsatkich yil sayin yaxshilanib bormoqda. Bu Oʻzbekistonni IT xabga aylantirish boʻyicha uzoqni koʻzlab qoʻyilgan maqsad sari dadil qadam qoʻyilayotganini anglatadi. Ekspertlar fikricha, Oʻzbekistonda yaratilgan sharoitlar saqlab qolinsa va ishlar tizimli ravishda rivojlanishda davom etsa, 2030-yilga borib bir yillik eksportni 5 milliard dollarga chiqarish imkoniyati toʻliq yaratiladi. Binobarin, innovatsion iqtisodiyot mana shunday yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishga tayanadi.
Aslida innovatsion rivojlanish tushunchasi bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. U ilk bor XIX asr madaniyatshunoslari tomonidan qoʻllanilgan. Turli xalqlar madaniyatlarining bir-biriga taʼsiri natijasi sifatida paydo boʻlgan oʻzgarishlar yangilik, yaʼni innovatsiya, deb talqin qilingan. XX asr boshlaridan esa ushbu ibora iqtisodchilar leksikasiga kirib keldi. Bunda olimlar va mutaxassislar innovatsiyalarni aynan iqtisodiyotda vaqti-vaqti bilan roʻy beradigan inqirozdan chiqishning muhim vositasi sifatida oʻrgana boshladilar. Uni amalga oshirish siyosati nazariyasini tadqiq etish XX asrning 70-80-yillaridan boshlab kuchaydi. Lekin innovatsiya qaysi sohada qaysi shaklda qoʻllanilishidan qatʼi nazar, bir maqsadga — rivojlanishga xizmat qilib kelmoqda. Innovatsiya mamlakatlarning boylik va iqtisodiy oʻsish, odamlar turmushini yaxshilash manbai boʻlib kelmoqda. Yangilik esa taraqqiyot belgisidir.
Maqola avvalida keltirganimiz — Oʻzbekistonning 2030-yilga qadar innovatsion rivojlangan 50 mamlakat qatoriga kirish masalasi hozirgi amalga oshirilayotgan ishlar misolida yanada aniq va ahamiyatli boʻlib bormoqda.
Husan MAMEDOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor