Tomonlar O‘zbekistonda ilg‘or telekommunikatsiya yechimlarini joriy etish istiqbollarini muhokama qildi.
Hindistonning “Tata Group” konglomerati tarkibiga kiruvchi “Tejas Networks” telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqaruvchi va loyihalovchi yetakchi kompaniyalardan biridir. Kompaniya Hindiston hukumatining “Make in India” dasturida faol ishtirok etib, aloqa operatorlari, internet-provayderlar, mudofaa va davlat sektorlari uchun yuqori texnologik mahsulotlar yetkazib beradi.
Hindiston ishlab chiqaruvchisining mahsulotlari 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.
Rajnish Khullar Hindistondagi yirik loyihalarni amalga oshirish tajribasi, jumladan, “BSNL” davlat operatori uchun milliy 4G tarmog‘ini yoyish va 250 mingdan ortiq qishloq aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internetga ulash borasidagi maʼlumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Kompaniyaning innovatsion salohiyatiga alohida urg‘u berildi. “Tejas Networks” telekommunikatsiya sohasidagi patentlar soni bo‘yicha Hindistonda yetakchi hisoblanadi. Raqamli tarmoqlar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar kuchayib borayotgan bir sharoitda, kompaniya o‘zini «ishonchli yetkazib beruvchi» sifatida namoyon etib, “Nokia”, “Ericsson”, “Huawei” kabi global ishtirokchilar bilan muvaffaqiyatli raqobatlashmoqda.
Hindiston tomoni O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida “Tejas Networks” vitse-prezidenti “O‘zbektelekom” AK bilan 5G aloqa standartlariga o‘tish, simsiz infratuzilmani rivojlantirish va mamlakatimizning qishloq hududlarini yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash jarayonida o‘zaro hamkorlik qilishni taklif etdi.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekiston hududida zamonaviy telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bundan tashqari, ilg‘or telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali muhandislar tayyorlash muloqotning muhim masalasiga aylandi.