Jurnal Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqining toʻliq matni bilan boshlangan. Shuningdek, maxsus sonda davlatimiz rahbarining BMT Jahon sayyohlik tashkilotining (YUNVTO) Bosh assambleyasining joriy yil 16-20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan 25-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan maqola ham chop etilgan.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Oqil Salimov qalamiga mansub "Buyuk maqsadlar bilan buyuk kelajak sari" sarlavhali maqolada 2017-yil Oʻzbekiston tarixida davlatning izchil rivojlanishi bilan ajralib turadigan mutlaqo yangi bosqich boshlangani haqida hikoya qilingan. "Chunki bu oʻziga xos tahliliy tafakkurga, siyosiy irodaga ega, zamon bilan hamnafas, milliy xususiyatlar bilan bir qatorda jahon davlatchiligining ilgʻor tajribasini ham hisobga oladigan kuchli shaxsning oʻrni bilan bevosita bogʻliqdir", deb taʼkidlagan maqola muallifi.

Shuningdek, jurnalda Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshan Alimov va Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori oʻrinbosari Botir Tursunovning Oʻzbekistonning xalqaro va mintaqaviy siyosatiga bagʻishlangan maqolalari oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar jarayoni, mamlakatimizga xorijiy sarmoyadorlar qiziqishining oʻsishiga asos boʻlayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, Toshkentda boʻlib oʻtgan kambagʻallikni qisqartirish masalalariga bagʻishlangan ikkinchi xalqaro forum haqidagi maqolalar ham maxsus son mazmundorligini oshirgan.

Oʻzbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova muallifligidagi maqola Oʻzbekistonda sudlanganlar va mahkumlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish va jamoat nazoratini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan.

Jurnal sahifalaridan Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovning mamlakatimizda atom va "yashil" energiya hosil qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, "Sharq ayoli" xotin-qizlar xalqaro jamoatchilik jamgʻarmasi raisi Saodat Tursunboyevaning parlament hayotida xotin-qizlar ishtiroki, siyosatchi Qahramon Quronboyevning yoshlar siyosati boʻyicha oʻzbek modeli, "Yangi media" taʼlim markazi direktori Beruniy Alimovning Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarga bagʻishlangan rang-barang maqolalari joy olgan.

Maʼlumot uchun, "Business Central Asia" oylik jurnali 2007-yildan beri nashr etiladi. Nashrning adadi 40 000 nusxadan oshadi. Mustaqil nashr sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlarida roʻy berayotgan voqealar va Hindistonning ular bilan oʻzaro hamkorligi masalalarini yoritishga ixtisoslashgan.