Hindistonning ayrim OAVda kecha ushbu davlatga Bihar shtatidagi Sitamarhi tumanida Nepaldan noqonuniy tarzda kirishga urinayotganda ushlangan Oʻzbekiston fuqarosi haqida maʼlumot tarqatildi.

Maʼlum qilinishicha, oʻzini Oʻzbekiston fuqarosi deb tanishtirgan X.M. ismli kishining yonida amaldagi pasporti yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlari boʻlmagan.

Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida tezkor chora-tadbirlar koʻrmoqda. Shu maqsadda Hindistonning tegishli mahkama va idoralari bilan aloqa oʻrnatilib, mazkur vaziyat nazoratga olindi, deya xabar beradi “Dunyo” AA.

Diplomatik missiya fuqarolarni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolgʻon vaʼdalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda boʻlib turish chogʻida mahalliy qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.

Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami koʻrsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi:

Telefon: +91 11 2467 0774/75

Telegram-bot: @consuluzbindia_bot

Hindiston OAV tarqatgan xabarga koʻra, yil boshidan beri 10 dan ortiq davlatning kamida 35 nafar fuqarosi Nepal-Hindiston chegarasiini noqonuniy kesib oʻtishga urinayotgan paytda qoʻlga olingan.