Tibbiyotni isloh qilish davr talabi. Oʻzbekistonda bu jarayonlarga soʻnggi yillarda katta ahamiyat qaratilayotganligi ham bejiz emas. Endilikda yuqori texnologik operatsiyalar nafaqat poytaxt, balki viloyatlar va hatto tumanlar kesimida ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu hududlarda organlar transplantatsiyasining amalga oshirilayotganligi esa tibbiyot tarixidagi muhim yangiliklardan sanaladi. Shunday dolzarb qadamlardan biri xorijdagi yetakchi klinikalar bilan hamkorlik qilishdir.
Hindistonning Dehli shahrida joylashgan “JAYPEE” klinikasidan tibbiyot fanlari doktori, ortoped Gaurav Ratxore hamda tibbiyot fanlari dotsenti, onkoradiolog Nainax Samanta Buxoro viloyatiga tashrif buyurishdi.
Buxoro viloyat Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi 225 oʻringa moʻljallangan. Unda 20 ta boʻlim (shundan 12 tasi davolovchi boʻlimlar) faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda bir yilda 5000ga yaqin turli yoʻnalishdagi jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Muassasada oʻz ishining yetuk mutaxassisi boʻlgan tajribali shifokorlar ishlamoqda. Ularning aksariyati Toshkent va xorijdagi yetakchi klinikalarda tajriba orttirib, bugungi kunda eng ilgʻor davolash usullarni amaliyotga tadbiq etishmoqda. Xalqaro hamkorlik esa bu yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligini oshiradi, deyish oʻrinlidir.
-Ikki mamlakat tibbiyoti hamkorligi tobora mustahkamlanayotganligidan mamnunmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan bu saʼy-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki boshqa sohalarda ham quloch yozishiga ishonamiz. Tibbiyot sohasi vakili sifatida aytishim mumkinki, kasalliklar tashxisoti va ularni davolashda har bir hududning oʻziga xos yondoshuvi hamda usullari mavjud. Shuni unutmagan holda, biz ham oʻz tajribalarimizni oʻrtoqlashgan holda sizning shifokorlaringiz ish uslubidan va malakasidan oʻzimiz uchun kerakli jihatlarni olamiz, degan niyatdamiz. Loʻnda qilib aytganda, tibbiy koʻriklar va jarrohlik amaliyotlari orqali yakdil boʻlgan holda mamlakatingiz tibbiyotini yangi bosqichlarga koʻtarishga hissa qoʻshishdan umidvormiz, - deydi rus tilida ravon soʻzlayotgan onkoradiolog Nainax Samanta.
Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishgan mazkur mutaxassislar viloyatdagi ortopedik kasalliklardan aziyat chekib kelayotgan bemor bolajonlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazdilar. Koʻrik davomida 40 nafardan ortiq bemor xorijlik mutaxassislar qabuliga kelib, kerakli tavsiya va maslahatlarni oldilar. Bemorlarni sogʻlomlashtirish boʻyicha mahalliy hamkasblari bilan chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Taʼkidlash joizki, ortoped G.Ratxore “JAYPEE” klinikasining direktori va oʻz mamlakatidagi yetuk ortoped shifokori sanaladi. Aynan shu yoʻnalishda u salkam 16 yillik tajribaga ega mutaxassis boʻlib, shundan 11 yillik faoliyati Buyuk Britaniyadagi yetakchi klinikalarda oʻtgan. Uning ishtirokida shu paytga qadar bajarilgan koʻplab jarrohlik amaliyotlaridan soʻng mustaqil harakatlanishdan umidini uzgan bolajonlar qalbiga quvonch qaytdi. Markazning ortopediya boʻlimiga kelgan bolalar va ularning yaqinlari ham mana shunday ilinj bilan mutaxassisga yuzlandilar.
-Mazkur yoʻnalishdagi hamkorlikning biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, jarayonlar birgina tibbiy koʻrik bilan chegaralanib qolmaydi. Loyiha doirasida har ikkala tomonning imkoniyat va tajribalarini oʻrganish, murakkab yoʻnalishlardagi jarrohlik amaliyotlarini birgalikda bajarish, qolaversa, bizning mutaxassislar ham Hindistonga borib, xorij tajribasini oʻzlashtirib kelishlari nazarda tutilgan, - deydi viloyat Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi Avaz Qurbonov.
Ortopediya yoʻnalishida murakkab sanalgan son-chanoq boʻgʻimi chiqishlari, umurtqa pogʻonasining qiyshiqligi kabi bir necha turdagi kasalliklarni jarrohlik yoʻli bilan davolashda chet ellik mutaxassislar bilan samarali hamkorlik sari dadil qadamlar tashlanadi. Bu esa bemor bolajonlarni sogʻlom hayotga qaytarish hamda ularning yaqinlarining quvonchiga quvonch qoʻshishga zamin yaratadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
-Buxoro shahrida yashaymiz. Farzandim nomukammal osteogenez kasalligi bilan dunyoga kelgan. Suyak moʻrtligiga olib keluvchi bu kasallik tayanch harakat tizimini shikastlaydi. Oʻgʻlim juda teran fikrlaydi. Ingliz tiliga qiziqadi. Ammo, koʻnglimni xira qiladigan narsa shuki, mustaqil harakatlana olmaydi. Mana, koʻrikka keldik. Biz uchun foydasi tegadigan mujda eshitishdan umidvormiz, - deydi sakkiz yoshli Asadbekning onasi Sabina Jumayeva.
Bemorlar va ularning yaqinlari bilan muloqotda boʻlgan shifokorlar tibbiy koʻrik xulosalarini oʻrtoqlashish barobarida, ularga bolalarda suyaklar sogʻlom hamda mustahkam boʻlishi uchun nimalarga eʼtibor berish kerakligi, bolalar uchun uyda yaratib berish shart boʻlgan shart-sharoitlar hamda isteʼmoli zarur va nozarur boʻlgan mahsulotlar haqida tushuncha berdilar.
Hamzabek TURDIYEV