Qor qoploni yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil roʻyxati hamda CITESning I ilovasiga kiritilgan.
Soni doimo kam boʻlgan. Boshqa koʻchib yuruvchi hayvonlar bilan bir qatorda qor qoplonini asrashga ham mintaqa doirasida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, Samarqandda boʻlib oʻtgan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi logotipida aynan qor qoploni tasvirlandi hamda bu hayvon yashaydigan 12 ta davlat hukumatlari tomonidan qor qoploni va ekotizimlarni muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun, “Hisor” davlat qoʻriqxonasi 1983-yilda tashkil etilgan. Qoʻriqxona Qashqadaryo viloyatidagi Hisor togʻ tizmasining janubiy qismida, dengiz sathidan 1750 metrdan 4349 metrgacha balandlikda joylashgan. Qoʻriqxona 4 ta boʻlimga boʻlingan boʻlib, bular Gʻyelon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv boʻlimlaridir.








