Turkiston silovsinlari fotoqopqondan qocholmadi

    Yashil sayyora 26 Fevral 2025 786

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tasarrufidagi Zomin davlat qoʻriqxonasida oʻrnatilgan fotoqopqonga Turkiston silovsinlari muhrlandi.

    Turkiston silovsini zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan kenja tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi va CITESning II ilovasiga kiritilgan. Hisor, Chotqol, Zomin, Surxon qoʻriqxonalarida, Ugom-Chotqol milliy tabiat bogʻi va Zomin milliy tabiat bogʻida muhofaza ostiga olingan. 17-yilgacha yashaydi, soni taxminan 300 taga yaqin.

    Maʼlumot uchun, Zomin davlat qoʻriqxonasi 1928-yil 5-iyunda Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hududlarida tashkil qilingan. Hududda 149 tur hayvonot dunyosi yashaydi, shundan 17 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Qoʻriqxonada Turkiston silovsinidan tashqari Tyan-Shan qoʻngʻir ayigʻi, Sibir togʻ echkisi, oq boshli qumoy, burgut, tasqara va boshqa hayvonlar ham yashaydi.