Yurtimizda yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning mehnati, g'ayrat-shijoatini munosib rag'batlantirishning o'ziga xos yangi tizimi yaratilib, hayotga tadbiq etilmoqda. Aql-zakovati, mehnati, salohiyati bilan biror soha rivojiga hissa qo'shaman, degan yigit-qizlarga mas'uliyatli vazifalar, rahbarlik lavozimlari ishonib topshirilyapti.
Bu boradagi yangi tashabbuslarni amalga oshirishda Qashqadaryo viloyati birinchilardan bo'lib namuna ko'rsatmoqda. Joriy yil boshida tarixda ilk bor viloyat hokimi o'rinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlari bir vaqtda davolanish ta'tiliga chiqqani sababli vaqtincha ularning o'rnini istiqbolli yoshlar egalladi.
Mas'ullarni 10 kunlik davolanish ta'tili uchun Toshkentga jo'natish oldidan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ularga qarata “Tarixda birinchi bor davolanish uchun bormoqdasizlar. Sizning salomatligingiz jamiyatga ham, oila a'zolaringizga ham kerak. ertadan o'rinlaringizni vaqtincha yoshlar egallaydi. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “Xalqchil bo'lishning birdan bir usuli — xalq dard-u tashvishlarining ichida bo'lishdir”. Shunday ekan, yosh rahbarlar fuqarolarning birgina dardiga echim topa olsa ham, bu katta yutuqdir”, — deya murojaat qilar ekan, vaqtincha hokimlik vazifasini bajaradigan yigit-qizlar faoliyatiga katta ishonch bildirgan edi.
Tajriba sifatida vaqtinchalik ish boshlagan yosh o'rinbosarlar ilk kunlardanoq vazifasiga qat'iyat va mas'uliyat bilan kirishdi. Belgilangan muddat davomida ishiga sidqidildan yondashib, bildirilgan ishonchni oqladi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Ana shunday yoshlardan biri, naqd 10 kun mobaynida viloyat hokimining o'rinbosari sifatida ishlab, xalq ichiga kirgan, ularning muammolarini o'rgangan Temurbek POYONOVning o'zi uchun chiqargan xulosalari bilan qiziqdik.
— Prezidentimizning yoshlarga ko'rsatayotgan beqiyos e'tiborlari natijasida ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroklari tobora ortib bormoqda, — deydi YOshlar ishlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Temurbek Poyonov. — O'z bilimiga ega qat'iyatli yoshlarga xalq xo'jaligining turli tarmoqlarini boshqarish, shuningdek, davlat ijroiya hokimiyati organlari rahbarligi ishonib topshirilyapti. Viloyatimizda yo'lga qo'yilgan yangicha tashabbus yoshlarga o'zidagi rahbarlik salohiyatini namoyon etishga, o'z o'rnida, rahbar bo'lish mas'uliyatini chuqur his qilish imkoniyatini berdi.
Menga ham viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari vazifasi ishonib topshirildi. Bu lavozimga meni shaxsan viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning o'zlari tanlaganlaridan boshim osmonga yetdi. Dastlab ish jarayoniga kirishishim biroz qiyin kechdi. O'shanda ular tomonidan berilgan dalda erkin ishlashimga yo'l ochdi. Menga bildirgan katta ishonch uchun ularga o'z minnatdorligimni bildiraman.
Viloyat hokimining mazkur yo'nalishdagi o'rinbosari zimmasidagi funksional vazifalar nihoyatda salmoqli. Har bir soha jumladan, sog'liqni saqlash, xalq ta'limi, ayniqsa, yoshlar masalasi bugungi kunda mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarilgani holda, amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard natijasi aynan mazkur sohalarda erishilgan yutuq va natijalar bilan o'lchanadi. Shu bois, zimmamdagi mas'uliyat nihoyatda kattaligini his etdim.
Mazkur lavozimda faoliyat boshlashim avvalida, dastlab tegishli ish rejalari bilan tanishdim. Fuqarolardan bo'lgan murojaatlar va tashkilotlardan kelgan xatlar ustida ishlab, mutasaddilarga tegishligi bo'yicha topshiriqlar berdim. Har kuni joylarda bo'lib, mavjud ahvol, shart-sharoitlarni o'rgandim. Imkon qadar muammolarni hal etishda hissamni qo'shishga urindim.
Men mana shu o'tgan muddatda ko'p narsalarni anglab etdim. Rahbarlik ulkan mas'uliyatli ish ekan. Prezidentimiz Qashqadaryo yoshlari bilan bo'lgan uchrashuvda “Ko'proq bilim oling. Agar menga qayta imkoniyat berilganda edi, 70-80 foiz umrimni bilim olishga sarflagan bo'lardim. Bilimli inson hamma narsaga qodir bo'ladi”, — deb ta'kidlagan edilar. Men bu so'zlarning qanchalik haqiqat ekanini faoliyatimning har soniyasida his qildim. Bizga berilgan 10 kun, ya'ni 240 soat ertangi kunga bo'lgan ishonchimizni yanada mustahkamladi. Mas'uliyatni chuqurroq his qilishga undadi.