Jizzax viloyatidagi muxbirimiz ayni mavzu yuzasidan o'rganish o'tkazdi va ushbu lavozimda ish boshlagan mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Sharofat NORIEVA, tadbirkor, SHarof Rashidov tumanidagi “Xolmuminov Zohid” ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi rahbari:

– Men uzoq yillardan buyon tumanda tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanib kelaman.

Prezidentimizning saylovoldi dasturida kelgusida har bir mahallada Prezident vakili, viloyat hokimining maslahatchisi bo'lishi, mahallaning o'z byudjeti bo'lib va maslahatchi mahalla byudjetining to'g'ri sarflanishini hal qilishi, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, kam ta'minlangan aholini kambag'allikdan chiqarish bilan shug'ullanishi aytilgan edi. 

Yaqinda ana shu lavozim bo'yicha tanlov e'lon qilganidan xabar topdim va o'z xohishim bilan suhbatdan o'tdim. Sababi — hozir tadbirkor sifatida barcha imkoniyatim va sharoitim etarli. Men ham shu jamiyatning bir vakili, elning farzandi sifatida xalqqa xizmat qilgim keladi. Aynan shu lavozimda ishlash o'zim yashayotgan mahallani obod qilish, odamlarning duosini olishga yaxshi imkoniyat deb bilaman.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so'zlarni o'qib, ochig'i, hayron bo'ldim. O'ylashimcha, bu haqdagi gap-so'zlar bo'rttirib ifodalanyapti. Nega desangiz, birinchidan, bu lavozimning maoshi kam emas. Qolaversa, kim ham Prezidentning vakili bo'lishni, shu yurtga xizmat qilish, ertangi kunga o'zini daxldor his qilishni rivojlantirishni xohlamaydi deysiz?!

Alisher NISHONOV, iqtisod magistri, Jizzax shahar moliya bo'limi boshlig'ining birinchi o'rinbosari lavozimida ishlagan:

– Eng avvalo shuni aytishim kerakki, yangi tashkil qilingan lavozim — aslida, hokimga yordamchi emas, balki xalqning yordamchisi, ko'makdoshidir. Buning mohiyatini, ahamiyatini yaqin yillarda hamma tushunib etadi, deb ishonaman.

Tanlov haqida 30 oktyabr` kuni televidenie orqali xabar topdim. Bu lavozimga ko'proq iqtisodchilar ma'qul kelayotganini eshitib, o'zimni sinab ko'rdim va suhbatdan muvaffaqiyatli o'tdim.

Men iqtisodchiman. Sakkiz yildan buyon moliya tizimida ishlab kelaman. SHuning uchun ham shu paytga qadar biror-bir mahalla o'zining mustaqil byudjetiga ega bo'lmagani, ayniqsa, qishloqlardagi muammolarning asosiy sababi ham — o'zining puli, byudjeti yo'q ekani tufayli ekanini yaxshi bilaman. Agar ajratiladigan mablag'lar to'g'ri sarflansa, mahalla obod bo'ladi, odamlarning issiq-sovug'idan xabar olish osonlashadi, qanchadan-qancha odamlar duo qiladi. Men uchun esa bu — o'zimni ko'rsatishim uchun yaxshi imkoniyat, o'ziga xos tramplin bo'ladi.

Darvoqe, bizga va'da qilinayotgan maosh oldingi ishimdagidan kam emas, aksincha, ko'proq. Bu ham o'ziga xos rag'bat albatta. Bu haqda ijtimoy tarmoqlardagi gap-so'zlarni esa internetdan emas, bizga o'xshab tanlovdan o'tib, lavozimga tayinlangan odamlardan aniqlik kiritishsa, to'g'ri bo'lardi.

Hasan BEGIEV, Mirzacho'l tumani hokimining birinchi o'rinbosari lavozimida ishlagan: 

– Ochig'ini aytganda, boshimda o'zim ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so'zlarni o'qib, ikkilangan edim. Lekin asl vaziyat tamomila boshqacha ekanini tushunib etgach, o'zimni shu lavozimda sinab ko'rishga qaror qildim.

Agar siz bu lavozimning imkoniyat va vakolatlaridan yaxshiroq xabardor bo'lsangiz, uncha-muncha ishni tashlab kelsa arziydi, degan xulosaga kelishingiz aniq. Aynan shu erda ishlab xalqqa yaqin bo'lish, ishonchini va mehrini qozonish mumkinligiga amin bo'ldim. Aynan hokim yordamchisi bo'lib, mahalla va davlat rahbari o'rtasida ko'prik bo'la olishingiz mumkin.

Men to'rt-besh yildan beri rahbarlik lavozimlarida ishlab kelyapman. SHuni aniq bilamanki, lavozimning katta-kichigi bo'lmaydi. eng muhimi — bizga ishongan odamlarga, o'zimiz katta bo'lgan mahallaga xolis xizmat qilish. Qolgani mehnatga, rizq-nasibaga qarab bo'laveradi. Quyi tizimni yaxshi bilgan, sidqidildan ishlagan kadr kam bo'lmasligi aniq.