Prezident topshirigʻiga koʻra, turoperator, mehmonxona, transport korxonalari, oliygohlar vakillari bilan bir necha bor uchrashilib, ularning muammolari va takliflari oʻrganildi.
Oʻrganishlar koʻrsatganidek, turistlarni faol jalb qiladigan joylar haqida kontent kam, bori ham qiziqarli emas, sayyohlarni 4-5 kun olib qoladigan turpaketlar yetishmaydi.
Yoʻl chiptalarini 3-6 oy oldindan bron qilish, sotib olishda noaniqliklar juda koʻp. Muzey, teatr, madaniyat maskanlari turizm dasturlari bilan bogʻlanmagan, ularning ishlash vaqti ham sayyohlar talabidan kelib chiqmagan.
Davlatimiz rahbari soha mutasaddilari shu va boshqa kamchiliklar bilan tizimli ishlamayotganini tanqid qildi va keskin oʻzgarish qilinishi zarur boʻlgan yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.