Jahon tajribasi ko'rsatyaptiki, aholining ijtimoiy faolligi, eng avvalo, uning shu jamiyatdagi o'zgarishlardan, olib borilayotgan islohotlardan xabardorligi bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili yurtimizda bugun davlat siyosatining asosiy yo'nalishiga aylandi va o'z samarasini beryapti. Xususan, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan fikrlar xalq bilan muloqot nechog'liq foydali ekanini amalda ko'rsatyapti.

Misol uchun, Samarqand shahri hokimi Boburmirzo Obloqulov va sektor rahbarlari sessiya orqali xalqqa qiladigan murojaatlariga alohida tayyorgarlik ko'rdi. Yil davomida pandemiya sharoitida belgilangan rejalar, amalga oshgan loyihalar, chala qolgan ishlar batafsil tahlil etildi. Ishga solinmayotgan imkoniyatlar ochiq aytildi.

Sessiyaning ijtimoiy tarmoqlarda, hokimlik saytida to'g'ridan-to'g'ri namoyish etilishi shahardagi ahvoldan nafaqat deputatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, NNT faollari, balki har bir saylovchi va aholi voqif bo'lishiga imkoniyat yaratdi. SHuning uchun ular tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali shu paytning o'zida shahar mutasaddilariga savollar, takliflar bildirildi.

B.Obloqulovning ta'kidlashicha, pandemiya sharoiti bo'lishiga qaramay, yilning o'tgan 11 oyida ijtimoiy va iqtisodiy sohalar bo'yicha belgilangan rejalar bajarilgan. Ya'ni bu boradagi 71 ta loyihani amalga oshirish orqali 473 milliard 617 million so'm investitsiya o'zlashtirilgan. Joriy yil yakunigacha esa jami 83 ta loyiha ishga tushirilishi va 1,2 trillion so'm qiymatidagi sarmoya o'zlashtirilishi natijasida 1523 ta yangi ish o'rni yaratilishi kutilmoqda.

Shahardagi 250 ta mehmonxona va mehmon uyida joriy yilning 9 oyi uchun 120 ming xorijiy fuqaroga joylar band qilingani holda pandemiya sababli buyurtmalarning aksariyati bekor qilindi. Oqibatda 95 milliard 300 million so'mlik tushumdan mahrum bo'lindi. Turizm yo'nalishidagi 331 ta korxona faoliyatini to'xtatishi oqibatida 4530 nafar fuqaro vaqtincha ishsiz qoldi.

Sessiyada kelgusi yilda barcha yo'nalish va tarmoqlarda yuqori o'sish sur'atlariga erishish uchun rejalar belgilangani qayd etildi. Jumladan, 2021 yil birinchi yarmida 4,9 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarish yoki o'sish sur'atini 103 foiz oshirish rejalashtirilgan.

Aholi bandligini ta'minlash maqsadida 7,6 ming fuqaro maqsadli dasturlar doirasida yaratiladigan va bo'sh, vakant o'rinlarga ishga joylashtiriladi. 5,4 ming fuqaroning bandligini ta'minlash uchun 5 yo'nalishda subsidiya mablag'i ajratiladi.

Yil davomida ijtimoiy sohaning 40 dan ortiq muassasasida qurish, mukammal ta'mirlash, rekonstruktsiya ishlarini amalga oshirish nazarda tutilmoqda. YAngidan vujudga kelgan Qorasuv massivida 16 qavatli (960 ta xonadonli) 10 ta turar joy binosi quriladi.

Sessiyaga deputatlar qaysi okrugdan saylanganidan qat'i nazar, har bir saylovchi murojaatini o'rganishi zarurligi, loyihalar ijrosini ta'minlash uchun ishchi guruhlar tuzish va ularning yakunini sessiya yoki doimiy komissiyada muhokama qilish taklifi bildirildi. Aholidan tushgan takliflarning ham aksariyati barcha sohalarda ochiqlikni ta'minlash, shahar kommunal xo'jaligi, jamoat transporti bilan bog'liq bo'ldi.

Deputatlar M.Qurbonov va SH.Alibekovning fikricha, endi har bir sektor rahbari ushbu murojaat asosida deputatlarga, aholiga har bir loyiha mohiyati, ijrosining holati yuzasidan axborot berib borishini yo'lga qo'yish zarur.

Misol uchun, 2021 yilda shahar ichidan oqib o'tuvchi 5 ta kanal va kollektor, ularning sohillari tartibga keltirilishi rejalashtirilgan. Bu borada ishlar boshlangan ham. Ammo masala e'tibortalab. CHunki sohillardagi yuzdan ortiq imorat buzilishi, ariq, kanallar yoqasida sport yo'laklari, istirohat maydonchalari barpo etilishi lozim. Bu jarayonga deputatlarni, faollarni ham jalb qilish kerak. Aholi o'rtasida targ'ibot, uy egalari bilan suhbat o'tkazish, arxitektorlar o'rtasida turli maydonchalar loyihasiga tanlov uyushtirish, buziladigan xonadonlar egalarini turar joy bilan ta'minlash kabilar o'z vaqtida sifatli bajarilishi shart. Buning uchun jarayonning har bir yo'nalishiga deputatlar bosh bo'lishi va ishni tezlashtirish choralarini ko'rishi kerak.

Xalq deputatlari Samarqand tumani kengashi sessiyasida tuman hokimi N.Mavlonov pandemiya sababli 565 ta sanoat korxonasining 76 tasi faoliyatini vaqtincha to'xtatgani, boshqalari ham kam quvvatda ishlaganini ochiq ­aytdi. Oqibatda sanoat ishlab chiqarish hajmi joriy yilning birinchi yarmida o'tgan yildagiga nisbatan 6,2 foiz, 9 oy yakuni bo'yicha 0,9 foiz kamaydi. Sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan “korxonabay” ish olib borilishi natijasida 11 oy yakuniga ko'ra, sanoat ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 380 milliard so'mni tashkil qilib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 107,6 foiz ko'paygan.

2021 yil birinchi yarim yillikda 813,1 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Garchi qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish, xizmatlar ko'rsatish, chakana savdo bo'yicha ham yil boshida belgilangan rejalar ortig'i bilan bajarilgan bo'lsa-da, tumandagi imkoniyat bu ko'rsatkichni yanada oshirishni taqozo etadi.

Tumanning turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida M-37 va M-39 xalqaro avtomagistral yo'llari atrofida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, “MIX ROYAL PALACE” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy motel, avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish, umumiy ovqatlanish, zamonaviy sanitariya-gigiena shoxobchasi va non muzeyi loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. “INTRAMED” korxonasi esa 236 milliard so'mlik loyiha asosida yuqori texnologik tibbiy markaz tashkil etmoqda. Bulardan tashqari, ­Konigil va Oqbo'yra qishloqlarida bugungi kun talablariga to'la javob beradigan sayyohlik maskanlari bunyod etildi.

Bugungi kunda tumandagi parrandachilik xo'jaliklarida 1,4 million bosh va aholi xonadonlarida 1,1 million bosh parranda parvarish qilinib, 607,1 million dona tuxum etishtirilmoqda. Kelgusi yil birinchi chorak yakuniga qadar 1,3 million dona tuxum etishtirish imkonini beradigan yana 3 ta loyiha amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari muvaffaqiyatlar qat'iy intizom va tafakkurga bog'liq ekanini ta'kidlab keladi. Qat'iy intizom — bu belgilangan har bir reja ijrosiga mas'uliyat bilan yondashish, tafakkurga asoslanish esa yutuqlar salmog'ini oshirish bo'yicha zamonaviy ilm-fan yutuqlariga tayanib ishlash, deganidir.

Tuman deputatlari va faollari parrandachilik, limonchilik va omixta em klasterlarini rivojlantirish taklifini bildirdi. Xususan, ayrim loyihalarning oldindan e'lon qilinishi ishbilarmon, mutaxassis va olimlar e'tiborini jalb etishi alohida ta'kidlandi.

Boshqa tumanlarda ham hokimlar murojaati davlat organlarining yangicha ish uslubi sifatida qabul qilindi.

Farmon TOSHEV,

Oliy Majlis Senati a'zosi