Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.
Videoselektor yigʻilishida navbatdagi muhim masala – korrupsiyaga qarshi kurash borasida islohotlar muhokama qilindi.
Jumladan, 143 ta davlat xizmatlari elektron shaklga oʻtkazilib, 35 ta idorada talab qilinadigan hujjatlar soni va xizmat koʻrsatish vaqti 2 hissa qisqardi. Byudjet xarajatlari, davlat xaridlari, yer, bino va inshootlarni oldi-sotdi qilish jarayonlariga oshkoralik va ochiqlik tamoyillari joriy etildi.
Maʼlumki, 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish haqidagi farmonni qabul qildi.
Agentlik tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga quyidagi vazifalarni amalga oshiradi.
Birinchidan, barcha viloyat, tuman (shahar) hokimlari oʻz hududlarida, tarmoq rahbarlari oʻz tizimlarida Agentlik bilan birga bir oy muddatda Korrupsiyadan holi dasturini ishlab chiqadi. Bunda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash hamda sohalarni raqamlashtirish eng asosiy vazifa boʻladi.
Ikkinchidan, korrupsiyaning oldini olishda taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.
Shuningdek, Agentlik keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birga aholi va tadbirkorlarning korrupsiyaga munosabatini oʻrganib borishi va davlat idoralari faoliyatini baholab borishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy eʼtibor beriladi. Buning uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya muammolarini oʻrganish boʻyicha alohida oʻquv moduli, maxsus kafedra va magistratura mutaxassisligi ochiladi. Shuningdek, rahbar xodimlar, ayniqsa, hokimlarning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Mutasaddilar yigʻilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.