Senatorlar tomonidan parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Xususan, 2021-yil davomida 8,8 million nafar tugʻish yoshdagi ayollar (umumiy sonidan 98,2 foizi) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ulardan 3,9 million nafarida (44,3 foizi) ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Kasallik aniqlanganlardan 3,5 million nafari (91,8 foizi) ambulator va statsionar sharoitda sogʻlomlashtirilgan.
Shuningdek, hududlardagi tuman markazlaridan uzoqda joylashgan togʻli, choʻl va borish qiyin boʻlgan qishloqlarda “Koʻchma vrachlik brigadalari” yordamida 658,5 ming tugʻish yoshidagi ayollar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Natijada 275,6 ming nafarida (41,9 foizida) turli xil kasalliklar borligi aniqlanib, ularning qariyb 94 foizi sogʻlomlashtirilgan.
Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi, Respublika skrining markazi hamda Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida yagona markaz tashkil etish, har bir hudud uchun “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish belgilandi.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan parlament soʻrovida koʻrsatilgan ayrim masalalarni hal etish choralari yetarli darajada koʻrilmaganligi qayd etildi.
Xususan, tugʻruq muassasalarining yuklamalarini ulardagi oʻrin fondiga hamda belgilangan normativ-huquqiy hujjatlariga mosligini taʼminlash boʻyicha aniq reja ishlab chiqilmagan.
Parlament soʻroviga yuborilgan javobda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ona suti oʻrnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir masalaga izoh berilmagan.
Senatorlar tomonidan parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilishni nazarda tutuvchi Senat qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.